Qorabayir ot zoti
Qorabayir ot zoti - salt miniladigan va aravaga qoʻshiladigan, qishloq xoʻjaligi ishlarini bajarishda foydalaniladigan ot zoti. Qadimgi Oʻrta Osiyo argʻumoqlarini moʻgʻul, turkman va arab ot zotlari bilan chatishtirib, takomillashtirish asosida Oʻzbekistonda yetishtirilgan. "Qorabayir ot zoti" atamasi 19-asrning 2-yarmida paydo boʻlgan va "qoʻlbola", "xonaki ot" maʼnolarini bildiradi. Unga qadar Sharq va Gʻarb yozma manbalarida Buxoro, Qoʻqon, Samarqand va hokazo otlari tilga olingan. Tana tuzilishi yirik, koʻkrakdor, qovurgʻalari tikroq, ishchanlik xususiyatlari yuqori, kuchli, chidamli, chopqir, mahalliy iqlimga, togʻ sharoitlarida boqishga, uyurda qochirishga yaxshi moslashgan; ogʻirligi oʻrtacha 400 kg. Tusi koʻproq toʻriq, jiyron, kulrang yoki toʻq sariq-malla (20%), qora va saman ranglilari kam uchraydi. Aygʻirlarining qarchigʻayi balandligi 147,7—152,3 sm, koʻkrak aylanasi 168—171,5 sm, pochasi yoʻgʻonligi 19,5 sm (biyalariniki tegishlicha 147,7; 168; 18,2). Uch tipga boʻlinadi: aravaga qoʻshiladigan, salt miniladigan va salt miniladigan-yuk tashiydigan. birinchi tipdagi otlar, asosan, sugʻoriladigan dehqonchilik rayonlaridagi vodiylarda; ikkinchi va uchinchi tipdagilari esa Oʻzbekiston va Tojikistonning togʻli rayonlarida boqiladi. Uyur qilib boqishga moslashgan; salt minish, yuk tashishda foydalaniladi. Yuk tashishda ogʻir yuk tortuvchi otlarga tenglashadi. Qorabayir ot zotiz. Oʻzbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpogʻistonda urchitiladi. Qorabayir yilqichiligining asosiy markazlari Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida. Tojikistonning Sugʻd viloyatidagi otlarning aksariyat qismi Qorabayir ot zotiz.dan iborat.
Adabiyot
tahrir- Shchekin V.A., Karabairi — sennaya poroda loshadey, T., 1944; Shchekin V.A., Vixrev V.S., Karabair, T., 1947; Toʻraqulov Z.T.. Yilqichilik, T., 1985.
Abdusattor Amirov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |