Sobir Rahimov
- Bu maqola shaxsiyat haqidadir. Boshqa maʼnolar uchun Sobir Rahimov (maʼnolari) sahifasiga qarang.
Sobir Umar oʻgʻli Rahimov (25-yanvar 1902-yil – 26-mart 1945-yil)[1] – harbiy arbob, general-mayor (1943). 1925-yilda Bokuda Birlashgan harbiy maktabni va 1930-yilda komandirlar sostavi malakasini oshirish kursini tugatgan. 1932—38-yillarda va 1940-yildan armiyada. 1941-yildan frontda. Bosh shtab harbiy akademiyasining jadallashtirilgan kursini tugatgan (1943). Ikkinchi jahon urushida Janubiy frontdagi motorlashtirilgan polk komandiri, Zakavkazye frontida oʻqchi diviziya komandiri. 1-Belorussiya fronti qoʻshinlari tarkibida Baranovichi, Slonim, Belostok, Graudens va boshqa shaharlarni, Belorussiya va Polshani ozod qilishda qatnashgan. Rahimov komandirligidagi 37gvardiyachi oʻqchi diviziya (2Belorussiya frontining 65armiyasi) 1945-yil Sharkni Pomeraniya operatsiyasida oʻrnak koʻrsatgan: diviziya oʻsha yilning mart oyi oxirida Gdinya va Dansig sh.larida dushmanning yirik guruhlarini tormor etishda qatnashgan. Diviziya 1eshelonda hujum qilib, armiyada 1-boʻlib Boltiq dengizi sohiliga chiqqan va Dansig koʻchalarida jangni boshlab yuborgan. Rahimov ogʻir yarador boʻlib halok boʻlgan. 1965-yil 6-martda Qahramon unvoni berilgan. Urushdan keyin Rahimov xoki Toshkentdagi qabristonga qoʻyilgan. Toshkentda tuman, metro st-yasi, bir necha maktabga Rahimov nomi berilgan. Rahimov haqida „General Rahimov“ badiiy filmi yaratilgan (1967). Toshkent shahrining Sobir Rahimov tumanida haykal oʻrnatilgan (1981)[2].
Sobir Rakhimov | |
---|---|
qozoqcha: Рахимов Сабыр Омарұлы | |
Tavalludi |
25-yanvar 1902-yil |
Vafoti |
26-mart 1945-yil (43 yoshda) Dantsig(Gdansk), Uchinchi Reyx |
Fuqaroligi | SSSR |
Kasbi | Piyoda askarlar |
Faoliyat yillari | 1922-1938, 1940-1945 |
Unvoni | General-mayor |
Mukofotlari | Sovet Ittifoqi Qahramoni |
Tarjimai holi
tahrir1902-yili 25-yanvarda (baʼzi maʼlumotlarga koʻra 1-yanvarda) Toshkentda tugʻildi. Mehribonlik uyida oʻsdi. 1922-yili Ishchi-Dehqon Qizil Armiyasiga yozildi. 1925-yili Bokudagi harbiy maktabni bitirdi. Turkiston harbiy okrugida bir necha yil kavaleriyaga qoʻmondonlik qildi. Bir necha marta yaralangan, Qizil Bayroq ordeni bilan taqdirlangan. 1930-yili qoʻmondonlik tarkibini mukamallashtirish kurslarini bitirdi. 1938-yili Qizil Armiyadan chetlatildi, 1940-yili esa armiyada tiklanib, Gʻarbiy maxsus harbiy okrugga joʻnatilgan.
Ikkinchi jahon urushiga kelib Sobir Rahimov mayor va motooʻqchi polki qoʻmondoni oʻrinbosari unvonida edi. 1941-yil iyulida yaralanib, gospitalda davolandi; oʻsha yil noyabrida 56-armiyaning 1149-oʻqchi polki qoʻmondoni boʻlib frontga qaytdi. Janubiy frontda Rostov va Taganrog himoyasida qishni oʻtkazdi; 1942-yil yanvarida yana yaralib, kontuziyaga uchradi. 1942-yil mayida frontga qaytdi, sentyabrida esa 56-armiyaning 395-oʻqchi diviziyasi qoʻmondoni etib tayinlangan. 1943-yil boshida shu diviziya Shimoliy Kavkaz mintaqasida oʻzini yaxshi koʻrsatdi va Sobir Rahimovga oz vaqt oʻtib, 19-mart kuni general-mayor unvoni berilgan.
1943-yil 8-aprelida Sobir Rahimov Moskvaga, K.Ye. Voroshilov nomidagi General Shtab Harbiy Akademiyasiga oʻqishga yuborildi. Akademiyadan soʻng, 1944-yil noyabrida 65-armiyaning 37-gvardiya oʻqchi diviziyasi qoʻmondoni etib tayinlandi. 1945-yil fevralida 37-diviziya askarlari 9-ming kishilik garnizon himoyasida turgan Grudzyondz(Grudziądz) (Polsha) shahrini zabt etishdi. Bir necha kundan soʻng general Rahimov boshliq diviziya Dantsig(Gdansk) shahriga birinchi boʻlib kirgan.
1945-yil 26-mart kuni janglarning birida Sobir Rahimov turgan kuzatuv punktiga snaryad kelib tushdi va general boshidan yaralandi. Rahimov 8 soatdan soʻng gospitalda vafot etgan.
Sobir Rahimov qabri ona shahri – Toshkentda joylashgan.
Urush paytida koʻrsatgan jasoratlari uchun general-mayor Sobir Rahimovga 1965-yil 6-mayida SSRI Oliy Kengashi Prezidiumi qarori bilan „Sovet Ittifoqi Qahramoni“ unvoni berilgan.
Oʻzbekistonda Sobir Rahimov xotirasi ardoqlanib kelingan. 1967-yili unga bagʻishlab „Oʻzbekfilm“ studiyasida „General Rahimov“ badiiy filmi suratga olingan; Toshkent va Samarqand shaharlarida Sobir Rahimov haykallari oʻrnatilgan (2011-yilda haykal koʻchirildi); Sobir Rahimov sharafiga metropoliten bekati va Toshkent tumanlaridan biri, qolaversa maktablar va koʻchalar nomlangan edi (2011-yildan eʼtiboran bekat va tuman nomlari „Olmazor“ deb oʻzgartirildi). 2018-yilda Sobir Rahimov haykali yana oʻz joyiga qaytarilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 https://kun.uz/uz/news/2020/06/24/temir-general-ozbek-va-polyak-xalqlari-qahramoni-sobir-rahimovning-hayot-yoʻli
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |