Rasuljon Rahimiy (1903-yilda tugʻilgan – 1943-yilda vafot etgan) – oʻzbek jurnalisti, dramaturg, matbuot va madaniyat xodimi.

Rasuljon Rahimiy
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1903-yil
Qoʻqon
Vafoti 1943-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Millati oʻzbek
Kasbi
  • jurnalist
  • yozuvchi
  • dramaturg

Hayoti va mehnat faoliyati

tahrir

Rasuljon Rahimiy Qoʻqon shahrida tijoratchi oilasida dunyoga kelgan. Boshlangʻich taʼlimdan soʻng oʻqituvchilar tayyorlash kursida oʻqigan. Jurnalist boʻlishga qiziqishi uni „Yangi Fargʻona“ gazetasiga boshlab kelgan. 1914-yilda otasining vafotidan soʻng 1919-yilgacha bolalar uyida tarbiyalangan. 1919-yildan esa komsomol safiga kirgan, 1920—1922-yillarda Butun ittifoq aksilinqilobiy harakatlar va jinoyatchilar bilan favqulodda kurash komissiyasi – VChKning Fargʻona boʻlimidagi 58-eskadronida koʻngillilar qatorida xizmat qilgan. 1920-yildan 1929-yilgacha maʼmuriy xoʻjalik rahbari lavozimida faoliyat olib borgan. 1928—1929-yillarda tahririyatda Ashurali Zohiriy, Lutfulla Olimiy kabi zabardast qalamkashlar taʼsirida yozuvchillik mahoratini egallaydi.

1929-yili Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti „Qizil Oʻzbeksiton“ respublika gazetasiga ishga qabul qilinib, gazetaning „Qishloq xoʻjaligi“ ommaviy boʻlimiga mudirlik qilgan. Andijon shahar-rayon gazetasi „Paxta fronti“ga yordam bera boshlagach, 1931—1932-yillar shu gazetaning Andijon viloyatidagi muxbiri sifatida faoliyat koʻrsatishni boshlagan.

1931-yilning iyul oyida „Qizil Oʻzbekiston“ sahifalarida oʻsha davr ruhidagi „Oyim bolsheviklari, boʻsh kelmangiz“, „Mamlakat oʻz qahramonlarini bilsin“, „Zarbali gektarlar“, „Transport izida bolsheviklarcha kurashib“, „Uni ilgari yuborishimiz kerak“, „Kurichkin sinfiy kurash pozitsiyasida“, „Temir bilaklar roʻzgʻori“ kabi 9 ta maqolasi nashr etilgan. Rahimiy shu kabi tanqidiy maqolalarni alohida ehtiros bilan yozgan. 1932—1934-yillarda viloyatning „Paxta fronti“, 1934—1936-yillarda Izboskanda nashr etilgan „Bolshevik“ gazetalariga mas’ul muharrir boʻlgan.

Rasuljon Rahimiy 1936-yilda viloyat markazqoʻm kotibining aralashuvi bilan Oʻzbekiston sanʼat ishlari bosh boshqarmasi tomonidan Andijon viloyat drama teatriga direktor etib tayinlangan. Rahimiyning „Ontarish“, „Maxsum“, „Qaynar“, „Xoin“, „Sharshara“ kabi pyesalari Andijon va Oʻsh teatrlarida koʻpgina tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlgan, shuningdek u „Paxta fronti“ gazetasidagi bosilgan bir qancha teatr taqrizlarining ham muallifidir. Rasuljon Rahimiy taqrizlarida subyektivizm kuchliroq aks etadi[1].

Ayblov

tahrir

„Katta terror“ avjiga chiqqan vaqtlarda gazeta va jurnallar sahifalarida qatagʻon siyosatini olib borish, „qonun posbonlari faoliyati“ni madh etish qizgʻin tus ola boshlagan.

Andijondagi „Paxta fronti“ gazetasi ham zamon zayli bilan shunday yoʻl tuta boshlagan. 1937-yil sentyabr oylarida „Dushmanlar shafqatsiz fosh qilinsin“, „Ikkiyuzlamachi munofiqlarga bolshevik matbuotida oʻrin yoʻq“, „Millatchi va maishiy buzuqlar toʻdasi“ nomli maqolalari chop etilgan. Oʻsha vaqtlarda Rasuljon Rahimiy Andijon viloyati Oxunboboyev nomidagi teatr direktori boʻlgan.

„Paxta fronti“ning 1937-yil 16-sentyabrdagi sonida NKVDning Andijon boʻlimi 3-sektori xodimlari Rasuljon Rahimiyni allaqachon hibsga olishgandi (oʻsha yilning 21-avgusti)[2]. Uning aksilinqilobiy faoliyati ham boshqalar singari gazetaning oʻsha sonida koʻrsatib oʻtilgan.

Rahimiy 5-noyabrgacha Voyloshnikov, Berg, Kulinichlar tomonidan tergov qilinib, ayblov xulosasi tuzilgan, soʻngra Toshkentga yuborilgan. OʻzSSR Ichki ishlar Xalq komissarlari qoshidagi „uchlik“ 1937-yili 13-noyabrda Rasuljon Rahimiyni 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilgan.

Rahimiy uzoq sharqdagi GULAG lageridan biriga yuborilgan. 1943-yil lagerda ogʻir kasallikka chalinib vafot etgan.

1959-yilning 6-iyun sanasida Andijon viloyati sudi prezidiumi „uchlik“ning 1937-yil 13-noyabrdagi Rasuljon Rahimiyga qarata qoʻllagan hukmini bekor qilgan, jurnalist, dramaturg, yozuvchi Rahimiy toʻliq oqlangan[3].


Manbalar

tahrir
  1. Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635-bet. ISBN 978-9943-5789-3-7. 
  2. „ҚАТАҒОН ҚУРБОНЛАРИ“. raqamlitarix.uz. Qaraldi: 7-avgust 2024-yil.
  3. „Jabrdiyda yozuvchilar adabiy merosi mustaqillik xizmatida“. n.ziyouz.com. Qaraldi: 7-avgust 2024-yil.