Realizm — voqelikni, mavjud borliqni badiiy adabiyot va sanʼat (tasviriy sanʼat, teatr, musiqa va boshqalar)ning ifoda vositalari orqali oʻziga oʻxshash shakllarda haqqoniy aks ettirish. Adabiyot da realizm  — hayotni voqelikdagi voqea va hodisalarga muvofiq ravishda obrazlar orqali aks ettirish metodi. Realizm adabiyotning oʻzini va tashqi olamni bilish vositasi sifatidagi ahamiyatidan kelib chiqqan holda voqelikni barcha ziddiyatlari bilan qamrab olishga intiladi, yozuvchiga hayotning barcha tomonlarini cheklanmagan holda aks ettirish imkoniyatini beradi. Realizm metodiga asoslangan adabiyotda hayot haqiqatini tasvirlash tamoyili ustuvor ahamiyatga ega. Binobarin, realizm adabiyoti jahon adabiyoti taraqqiyotidagi eng yuksak bosqich hisoblanadi.

Realizm keng maʼnoda Gomer va Dante, Shekspir va Rasin, Firdavsiy va Navoiy ijodiga ham xos xususiyat, zero, hayotiylik va samimiylik bu mumtoz ijodkorlarning asarlarida katta mahorat bilan ifoda etilgan. Ammo realizm adabiy metod yoki adabiy yoʻnalish sifatida yozuvchidan voqelikni hayotiy va haqqoniy aks ettirish tamoyiliga izchil rioya etishni, inson va tashqi olamni ongli ravishda oʻrganish va bilishni taqozo etadi. Shu maʼnoda jahon adabiyoti 19-asrga kelibgina oʻz taraqqiyotining realizm metodiga asoslangan yangi bosqichiga erishdi.

Realizmning metod sifatida paydo boʻlish vaqti masalasida adabiyotshunoslikda turlicha qarashlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar hayotni realistik tasvirlash usullari qadim zamonlardan beri davom etib kelayotgani va bu usullarning turli bosqichlarni bosib oʻtganini nazarda tutib, antik realizm, Uygʻonish davri realizmi, maʼrifatparvarlik realizmi va sotsialistik realizm tushunchalarining mavjudligi haqidagi qarashlarni olgʻa surib keladilar. Boshqa tadqiqotchilarning fikriga koʻra, realizm ijodiy metod sifatida 18-asrda oilaviymaishiy va ijtimoiymaishiy romanlar yaratilishi bilan bir vaqtda maydonga kelgan. Realizmning 19-asr 30-yillarida Yevropa adabiyotida shakllana boshlaganligi haqidagi fikr aksar adabiyotshunoslar tomonidan qabul qilingan boʻlib, bu fikr Yevropa xalqlari adabiyotlarida voqelikni haqqoniy tasvirlash tamoyili yuksak ijtimoiytahliliy shakllarda keng va teran ifodalanganligi bilan tasdiqlanadi.

Romantizm bilan 19-asrning 1-yarmidagi realizm oʻrtasida aniq chegara yoʻq. Bu hol O. Balzak („Sagʻri teri tilsimi“), G. Stendal („Parm ibodatxonasi“), V. Gyugo, qisman Ch. Dikkens asarlarida yorqin koʻrinadi. Ayni paytda romantik motivlar realistik asarlarning badiiy toʻqimasida yashashda uzoq vaqt davom etdi (Stendalning „Qizil va qora“, M. Yu. Lermontovnipt „Zamonamiz qahramoni“ va boshqalar). 19-asr oʻrtalarida Yevropa adabiyotlarining romantizm anʼanalaridan keskin uzoqlashishi bilan R.ning metod sifatida shakllanishida yangi davr boshlandi (G. Flober, G. Mopassan, U. Tekkerey va b).

Rossiya 19-asrning 20—30-yillarida A. S. Pushkin („Yevgeniy Onegin“, „Boris Godunov“, „Kapitan qizi“, soʻnggi davr lirikasi), shuningdek, A. S. Griboyedov („Akllilik balosi“), I. A. Krilov (masallar) asarlari bilan realizm ga poydevor qoʻyildi. Keyinchalik I. A. Goncharov, I. S. Turgenev, N. A. Nekrasov, A. N. Ostrovskiy va boshqa rus adabiyotida R.ning uzilkesil qaror topishiga muhim hissa qoʻshdilar. 19-asr rus adabiyotida voqeliqdagi salbiy holatlar butun keskinligi bilan fosh etilganligi sababli A. M. Gorkiy bu davr R.ini tanqidiy R. deb atagan. N. V. Gogol asarlarida, ayniqsa, yaqqol koʻringan tanqidiy realizm anʼanalari A. P. Chexov va qisman A. M. Gorkiy ijodida davom ettirildi va rivojlantirildi. L. N. Tolstoy va F. M. Dostoyevskiy ijodi rus realizmining choʻqqisi hisoblanadi.

20-asrning 30-yillarida sotsialistax realizm metodining sunʼiy ravishda oʻylab topilishi va yozuvchilardan shu metod asosida yozishning talab qilinishi natijasida realizm anʼanalaridan uzoqlashish jarayoni boshlandi va bu jarayon shaxsga sigʻinish fojialari fosh etilgan 60-yillarga qadar davom etdi.

Oʻzbek adabiyotida hayotni realistik tasvir etish mayllari garchand Navoiy, Bobur va boshqa yozuvchilar ijodida koʻringan boʻlsada, bu mayllar Turdi, Maxmur, Gulxaniy, keyinchalik Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz singari shoirlar ijodining asosiy yoʻnalishini tashkil eta boshladi. Ayniqsa, milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti namoyandalari M. Behbudiy („Padarkush“), Fitrat („Munozara“, „Hind sayyohi bayonoti“, 1917—19y.lar sheʼriyati), Chulpon (1914—21 yillar sheʼriyati, „Qurboni jaholat“ „Vayronalar orasidan“, „Kecha va kunduz“), Qodiriy („Ulokda“, „Juvonboz“, „Kalvak Mahzumning xotira daftaridan“, „Toshpoʻlat tajang nima deydi?“, „Oʻtgan kunlar“), Hamza (milliy sheʼrlar, „Zaharli hayot“ „Paranji sirlari“) va boshqa ijodida realizm adabiy metod sifatida aniqtayin qirralarini kasb etdi. Bu yozuvchilarning bir qismi, milliy mentalitetni hisobga olgan holda, realistik asar toʻqimasiga sentimentalizm va romantizm unsurlarini ham olib kirdilar. Shunga qaramay, oʻzbek adabiyotida realizmning adabiy metod sifatida shakllanishi xuddi shu davr adabiyoti bilan bogʻliq.

Oʻzbek adabiyotida realizmning shakllanishida Ayniy („Buxoro jallodlari“, „Doxunda“, „Kullar“), Oybek („Qutlugʻ qon“, „Navoiy“, „Quyosh qoraymas“, harbiy lirika), Gʻafur Gʻulom („Shum bola“, „Yodgor“, urush davri lirikasi), shuningdek, Hamid Olimjon („Zaynab“, „Zaynab va Omon“, lirika), Shayxzoda („Mirzo Ulugʻbek“, lirika), Mirtemir, Zulfiya va boshqa yozuvchilarning xizmatlari katta. Sotsialistik realizm „ochiq sistema“ deb eʼtirof etilgan 60—70-yillarda Shuxrat („Shinelli yillar“), O. Yoqubov, („Ulugʻbek xazinasi“), P. Qodirov („Yulduzli tunlar“), E. Vohidov, A. Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, keyinchalik h. Xudoyberdiyeva, Togʻay Murod va boshqa yozuvchilar ijodi tufayli oʻzbek adabiyotidagi realizm oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga koʻtarildi. Oʻzbek adabiyotida realizmning qaror topishida, bir tomondan, milliy adabiy zamindan oziqlanish, ikkinchi tomondan esa, rus va jahon realistik adabiyotining eng yaxshi anʼanalari va tajribalaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Tasviriy sanʼatda realizm ijodkor hayotdan saralab olgan muhim voqea va hodisalarni oʻzining estetik qarashlari asosida aks ettiradi. Sanʼat turlari va janrlarida realizm anʼanalari turlicha koʻrinishlarda namoyon boʻladi. Realistik sanʼat mohiyati jihatidan borliqning oddiy sodda oʻxshashi boʻlsa ham, quruq koʻchirishga moyil boʻlgan naturalistik sanʼat (naturalizm)dan keskin farq qiladi. Realizm oʻz yechimi va shakllanishi jihatidan romantizm bilan yonmayon turgani holda haqqoniyligi va hayot haqiqati tamoyillari bilan undan ajralib turadi. Realizm taraqqiyoti davomida oʻzgarib boradi, aniq, tarixiy oʻziga xos xususiyatlarga, turli uslubiy shakllarga ega boʻladi (Mas, antik P., Uygʻonish davri realizmi, maʼrifatparvarlik realizmi va hokazo), ular oʻzaro vorislilik bilan bogʻlanadi; antik davr ijodkorlari real hayotni mifologik qahramon va maʼbudlar timsolida aks ettirgan (haykaltarosh Miron, Lisipp, Poliklet, Praksitel va boshqalar); Uygʻonish davri ijodkorlari antik davr yaratgan shakllardan foydalanib, davrning insonparvarlik gʻoyalarini tasvirlashga erishdilar, realizm metodi yuksak pogʻonaga koʻtarildi (Jotto, Donatello, Leonardo da Vinchi, Rafael, Mikelanjelo, Titsian va boshqalar) 18-asr maʼrifatparvarlar sanʼatida rassomlar yashayotgan muhit oʻzining tarixiyhaqqoniy shakllarida aksini topdi (ingliz U. Xogart, fransuz J. Gryoz va boshqalar), F. Goyya ijodi realizm uslubining qaror topishida alohida oʻrin tutadi.

Realizm, voqelikni aynan oʻziga oʻxshatib aks ettirish bilan chegaralanmay, balki insonning hali roʻyobga chiqmagan, ishga tushirilmagan imkoniyatlarini ham uz tasavvuri bilan toʻldirib tasvirlashi hamda asarga xayoliy obraz va unsurlar kiritishi mumkin. Badiiy ijodda realizm ijtimoiy hayotdagi illat va ziddiyatlarni aks ettirish orqali uni jamoatchilik hukmiga havola etish va tasvirlangan voqelikka hukm chiqarishdan iborat boʻlgan; 19-asr realizmi tanqidiy yoʻnalashda boʻlgani uchun tanqidiy realizm deb yuritiladi. Hikoyanavislikning ortishi borliqni yanada chuqurroq yoritish imkonini berdi, realistik sanʼat imkoniyatlarini kengaytirdi. Rassomlar asarda ishlatilgan har bir buyum va unsurni ifodali va asar gʻoyasini ochishida xizmat qilishiga harakat qildilar. 19—20-asrlar realizm i uchun umumiy xususiyat bu uning tarixiyligi, inson harakterini ifodalashda aniq tarixiy shartsharoitni hayotga yaqin qilib olinishidir (O. Domye, G. Kurbe, I. Repin, R. Guttuzo va boshqalar).

20-asr boshida realizmning yangi bosqichi („20-asr R.“) shakllandi: nemis K. Kolvits, shveysariyalik T. Steynlen, belgiyalik F. Mazerel, fransuz rassomi M. Utrillo, A. Marke va haykaltaroshi A. Mayol, A. Burdel, meksikalik D. Rivera, D. Sikeyros, italiyalik R. Guttuzo, J. Mansu, amerikalik R. Kent, A. Refrejye va boshqa 20-asr R.i avangard uslublari bilan raqobatda ifoda va tasvir vositalarini boyitdi.

Oʻzbekiston sanʼatida realizm dunyoviy yoʻnalish tamoyillari, demokratik hamda maʼrifatparvarlik harakatlari zaminida kamol topdi. Dastlab sodda ibtidoiy sanʼat namunalarida, keyinchalik yuksak darajada rivojlangan miniatyura sanʼatida realizm unsurlari koʻzga tashlanadi. Zamonaviy tasviriy sanʼatda 19-asr oxiri —20-asr boshlarida realizm shakllana boshladi. 20-asrning 20—30-yillarida milliy realistik jarayonlar B. Hamdamiy, L. Nasriddinov, L. Abdullayev va boshqa rassomlar asarlarida rivojlandi. Oʻzbekistonlik realist rassomlar ilgʻor qarash va yoʻnalishlarda shkod qilib realizmni yangi imkoniyatlar bilan boyitmokda.

Teatrda realizm voqelikni haqqoniy, obyektiv aks ettirishdan iborat vazifani anglatadigan tushuncha; sanʼat asarlarida oʻziga xos vositalar yordamida inʼikos etilgan hayot haqiqati. Oʻzbek xalq teatrida realizm elementlari kadimdan mavjud edi. Professional teatrlar sahnasida realizmdramaturgiyasi asarlari sahnalashtirildi. Oʻzbek aktyorlari Yevropa realist akterlarining ijodidan samarali foydalandilar. Realizmning yetakchi prinsiplari: hayotning muhim tomonlarini muallifning yuksak ideallari darajasida obyektiv aks ettirish; tipik sharoitdagi tipik harakterlarni ularning individual xususiyatlari bilan ifodalash, asarda badiiy fantaziyaning shartli shakllari (afsona, mif, ramz, mubolagʻa va hokazo)dan foydalanish (xususan, 20-asr realizmida) bilan birga tasvirning hayotiy haqqoniyligiga rioya qilish; shaxs va jamiyat (ularning aloqalari va ziddiyatlari) muammolariga qiziqishning kuchliligi.

Adabiyot

tahrir
  • Problemi stanovleniya realizma v literaturax Vostoka. Materiali diskussii, M., 1964; Hayitmetov A., Sharq adabiyotining ijodiy metodi tarixidan, T., 1970; Suchkov B., Istoricheskiye sudbi realizma, M., 1973; Nikolayev P. A., Realizm kak tvorcheskiy metod, M., 1975; Karimov E., Razvitiye realizma v uzbekskoy literature T., 1975; Andreyev Yu. A. Dvijeniye realizma, M., 1978.

Naim Karimov, Neʼmat Abdullayev[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil