Registon maydoni
Registon maydoni yoki Registan – Oʻzbekistonda, Samarqandning Registon maydonida joylashgan 3 ta madrasadan (Ulugʻbek, Tillakori, Sherdor) tashkil topgan meʼmoriy majmua[1].
Registon maydoni | |
---|---|
Registon maydoni va uning atrofidagi binolar | |
Joylashuvi | Samarqand, Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 39°39′17″N 66°58′33″E / 39.654755107080014°N 66.97570140350913°E |
Konfessiya | islom |
Turi | Binolar maydoni va ansambli |
Asoschi | Mirzo Ulugʻbek |
Asosiy sanalar | 1420, 1636, 1660 |
Binolar | Ulugʻbek madrasasi • Sherdor madrasasi • Tillakori madrasasi |
Mashhur kishilari |
Mirzo Ulugʻbek Yalangtoʻsh Bahodir |
Holati | UNESCO umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan |
Qurilish materiali | pishgan gʻisht |
Registon maydoni Vikiomborda |
Tarixi
tahrirDastlabki 1417–1420-yillarda Ulugʻbek madrasasi bunyod etilib, keyinchalik qarshisiga – maydonning sharqiy qismida Ulugʻbek xonaqosi (1424-yil), shimoliy qismiga Mirzoyi karvonsaroyi, janubiga Alika Koʻkaldosh juma masjidi (1430-yil) bunyod etilgan, yonida esa yogʻochdan xotamkori uslubida Masjidi Muqatta va Abusaid madrasasi qurilgan. 1420–1440-yillarida Registon hashamatli meʼmoriy ansamblga aylangan. XVII asrda Samarqand hokimi Yalangtoʻsh Bahodir vayrona holatdagi Ulugʻbek xonaqosi oʻrniga Sherdor madrasasini (1619–1635/36), Mirzoyi karvonsaroyi oʻrniga Tillakori masjidini (1646/47–1659/60) qurdirgan. Registon maydoni oʻzining rang-barang koshinkori bezaklari; naqshinkori peshtoqlari, ulkan gumbazlari bilan Markaziy Osiyo meʼmorchligining noyob yodgorligi hisoblanadi[2].
Qadimiy Samarqand shahrining rasmiy markazi Registon maydoni boʻlib, bu yerda uchta madrasa qad koʻtargan: Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalari. Registon – qadimiy ilm, taʼlim muassasalari joylashgan joy boʻlib, sharqdagi shahar qurilishi sanʼatining eng koʻzga koʻrinarli namunalaridan biri hisoblanadi. U haqda Temuriylar faxr bilan: „Kim bizning kuch-qudratimizga shubha qilsa, kelib biz qurgan binolarni koʻrsin“, deganlar. 2001-yilda bu uch madrasa UNESCOning butun dunyo yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan.
Registon maydoni- tarixda shaharning ilm-fan, siyosat va diniy markazi boʻlgan. „Registon“ soʻzi „qumloq joy“ degan maʼnoni anglatadi. Oʻrta asrlarda hamma katta shaharlarda markazlar „Registon“ deb atalar edi. Shu nomdagi maydonlar Buxoro, Shahrisabz va Toshkentda ham boʻlgan. Samarqanddagi maydon esa Markaziy Osiyodagi eng mahobatli va tahsinga sazovor maydonlardan biri edi. Bu maydonda bir necha ming yillik tarix mujassam. Amir Temur hukmronligi davrida Registon Samarqandning markaziga aylantirildi. Ulugʻbek davrida esa maydon bundan ham muhimroq ahamiyatga ega boʻldi. Zamonaviy Registon ansambli oʻzida Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalarini mujassam etadi.
Registonning janubiy tomonida xalq orasida „Childuxtaron“ deb atalmish xonaqoh va maqbaralar joylashgan edi. Ularni Koʻchkunchixon qurdirgan edi va Tillakori madrasasiga qoʻsh qilib bunyod etilgan edi. U 1904-yilgi zilziladan soʻng xarobaga aylanib, 1910-yili butunlay buzilgan va oʻrni maydon boʻlib qolgan. 100 yil orasida oxirgi koʻrinishini olgan bu Registonni koʻrish ishtiyoqida butun dunyodan sayyohlar tashrif buyurishadi.
Ulugʻbek madrasasi
tahrirUlugʻbek madrasasi Registon maydonidagi eng qadimgi madrasa boʻlib, 1417–1420-yillarda Temuriylar davlati hukmdori, astronom Mirzo Ulugʻbek tomonidan qurilgan. Bu inshootning, biroz keyinroq rasadxonaning qurilishi Samarqandga oʻrta asrda Sharqning asosiy ilm-fan markazlaridan birining shuhratini keltirdi.
Madrasa Registon maydonining gʻarbiy qismida qurilgan, uning roʻparasida bir necha yildan soʻng Ulugʻbek xonaqohi qad koʻtargan, shimoliy tomonini karvonsaroy egallagan. Oxirgi ikki bino ikki asrga yaqin turdi, soʻngra ularning oʻrnida XVII asr boshlarida Sherdor madrasasi va Tillakori madrasasi qurilib, bugungi kungacha saqlanib qolgan[3].
Sherdor madrasasi
tahrirSherdor madrasasi Ulugʻbek madrasasi qarshisidagi maydonning sharqiy qismida 1424-yilda barpo etilgan Ulugʻbek xonaqohi oʻrnida qurilgan. XVII asr boshlariga kelib xonaqoh ham maydondagi boshqa binolar qatori eskirib, yaroqsiz holga kelgan. Samarqanddagi oʻzbek hukmdori Yalangtoʻsh Bahodirning buyrugʻi bilan Sherdor va Tillakori madrasalari qurilishi boshlandi. Sherdor madrasasi (yoʻlbarsli madrasa, „Arslonlar maskani“) Abdul-Jabbor ismli meʼmor, bezak ustasi Muhammad Abbos tomonidan qurilgan[4].
Tillakori madrasasi
tahrirTillakori madrasasi maydonning shimoliy qismida Sherdor madrasasidan oʻn yil oʻtib, karvonsaroy oʻrnida 1420-yillardan buyon qad rostlagan. Binoning asosiy jabhasi, rejadagi kvadrat, nosimmetrik boʻlib, markaziy portal va ikki pogʻonali old qanotlardan iborat boʻlib, kamarli boʻshliqlar va burchak minoralari mavjud. Keng hovli perimetri boʻylab kichik turar-joy hujralari va xonalar bilan qoplangan. Hovlining gʻarbiy tomonida ustunlar ustidagi ikkita qoʻshni galereyasi boʻlgan gumbazli masjid binosi joylashgan.
Madrasa binosi geometrik va gulli naqshli mozaika va mayolika bilan bezatilgan. Ichki bezakda zardoʻzlik koʻp ishlatilgan. Madrasa nomi „oltin bilan bezatilgan“ degan maʼnoni beradi. Masjiddagi mehrob va minbar zarhallangan, devorlari va qabrlari yuzasi oltindan koʻp foydalanilgan kundal rasm bilan qoplangan.
Manbalar
tahrir- ↑ Registon maydoni — maʼlumot Katta sovet ensiklopediyasidan olindi..
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Mukminova, R. G. „The role of Islam in education in Central Asia in the 15th – 17th centuries“. // Studies on Central Asia Nuova serie. – 2007. – № 1 (87). – P. 155–161.
- ↑ Xoroshxin A. P. Sbornik statey, kasayuщixsya Turkestanskogo kraya A. P. Xoroshxina.. – S.Peterburg., 1876.; D. I. Evarnitskіy. Putevoditel po Sredney Azіi. Otʼ Baku do Tashkenta.. – Tashkent., 1893. – S. 73-77; V. I. Masalskіy. TURKYeSTANSKІY KRAY. – S.-PYeTYeRBURGЪ., 1913. – T. 12
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |