Ridda
Ridda(arab. حروب الردة - orqaga qaytish, chekinish) -musulmon boʻlib yurgan odamning oʻz ixtiyori bilan islomdan qaytishi. Islom tarixida birinchi Ridda - baʻzi arab qabilalari orasida yuz bergan. Ular Muhammad (sav) vafotlaridan soʻng islomdan chiqqanlar. Ridda 632 yil bevosita Abu Bakr Siddiq xalifa sifatida davlat boshqaruviga oʻtirgach boshlandi va 1,5 yilcha davom etdi. Bu harakatga rahbarlik qilgan baʻzi shaxslar oʻzlarini paygʻambar deb eʻlon qilganlari bois, islomda ular "mutanabbiylar", yaʻni "soxta paygʻambarlar' nomini oldi. Markaziy Arabistonda Asd Gʻatfon, Tayy qabilalariga Tulayha, Sharqiy Arabistonda Hanifa qabilasiga – Musaylima, Tamim qabilasiga - Sajjoh ismli ayol va nihoyat, Yamanda Mazhij qabilasiga Abhala yetakchilik qildi. Ular Abu Bakr davrida zakot berishdan bosh tortdi. Xalifa Abu Bakr bu harakatni Ridda hisobladi. Ridda urushlarida ayniqsa, sarkarda Xolid ibn Valid katta shuhrat qozondi. Riddani bartaraf etishda erishilgan gʻalabalar ilk musulmon davlatiga butun Arabiston boʻylab toʻliq hukmronlikni oʻrnatishga, keyinchalik yarim oroldan tashqariga yurishlarni boshlashga imkon yaratib berdi.