Ruhiy kasallik atamasi ostida asab tizimlaridagi buzilishlar oqibatida paydo boʻluvchi, jamiyatda oʻrnashib qolgan meʼyorlardan keskin chiquvchi hatti-harakatlarga olib keluvchi kasallik tushuniladi. Ruhiy kasallikka chalinish koʻpincha bemorning xulq-atvorining oʻziga ham, atrofdagi odamlarga ham xavfliligi bilan xarakterlanadi. Faqat oʻtkir holatlargina emas, balki nim oʻtkir va surunkali kechuvchi ruhiy buzilishlar, hattoki remissiya holatlari ham bemor tomonidan xulq-atvorining kutmaydigan harakatlari bilan kuzatiladilar va shoshilinch yordamga muhtoj boʻladilar.

Psixik kasalliklar, ruhiy kasalliklar, psixozlar – bosh miya faoliyatining buzilishidan kelib chiqadigan kasalliklar: ruhiy faoliyatning funksional oʻzgarishidan to uning butunlay buzilishigacha boʻlgan holatlar.

Ruhiy kasallikda bemor voqealikni toʻgʻri idrok etolmaydi, shu jihatdan ruhiy kasallik ichki kasalliklardan farq qiladi. Ruhiy kasallikning sabablari xilma-xil, bular orasida irsiy omil (nayel) asosiy oʻrin tutadi. Masalan, oligofreniya, psixopatiya, maniakal-depressiv psixoz, epilepsiya va shizofreniya kelib chiqishida kishining nasl-nasabi muhim rol oʻynaydi. Ruhiy kasallikning paydo boʻlishi va avj olishiga infeksion kasalliklar, bosh miyaning shikastlanishi, intoksikatsiya, ruhiy iztiroblar ham sabab boʻlishi mumkin.

Onaning homiladorlik paytida kasallanishi yoki shikastlanishi sababli homilaning zararlanishi bolaning ruhiy rivojlanishdan orqada qolishiga, epilepsiya va boshqa ruhiy oʻzgarishlarga olib keladi. Surunkali alkogolizm va narkomaniya ham bora-bora kishini ruhiy kasallikga olib borishi mumkin. Ruhiy kasallikning vujudga kelishida kasallikka sabab boʻladigan omillardan tashqari, kishining oʻziga xos xususiyatlari, uning ilgari boshidan kechirgan kasalliklari (masalan, miya shikastlanishi, alkogoldan zaharlanish, ichki aʼzolar kasalliklari, naslida ruhiy kasallik borligi va boshqalar) ham ahamiyatga ega.

Ruhiy kasallikning belgilari, asosan, gallyutsinatsiya, alaxlash, shilqimlik, hayajonlanish, ong va xotira zaiflashuvi, esi pastlik va hokazodan iborat.

Ruhiy kasallik kishining jinsi va yoshiga ham bir qadar bogʻliq. Umuman bemorni qancha erta davolashga kirishilsa, oqibati shuncha yaxshi boʻladi. Kasallikni yashirib yoki uyalib, vrachga vaqtida murojaat qilinmasa, dard kuchayib, davolash ancha qiyinlashadi. Shuning uchun kishi oʻzida ruhiy oʻzgarish sezsa, darhol vrach psixiatrga koʻrinishi kerak.

Ruhiy bemorlar maxsus psixiatriya kasalxonalarida davolanadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil