Ruscha-oʻzbekcha lugʻat (2013)
„Ruscha-oʻzbekcha lugʻat“ (ruscha: Русско-узбекский словарь) — 2013-yil chop etilgan ikki jildli ruscha-oʻzbekcha lugʻat. Lugʻat 1983-1984-yillarda chop etilgan ikki jildli ruscha-oʻzbekcha lugʻatga asoslangan.[1] Lugʻatni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti nashrga tayyorlagan. „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyotida chop etilgan. Yangi nashrga masʼul muharrir etib Abduvahob Madvaliyev tayinlangan. Lugʻat shu kungacha chiqarilgan eng keng koʻlamli ruscha-oʻzbekcha lugʻatlarning biridir. Lugʻat kirill alifbosida yozilgan.
Asl nomi | Русско-узбекский словарь |
---|---|
Muharrir(lar) |
|
Til | rus, oʻzbek |
Janr(lar)i | lugʻat |
Nashriyot | „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 2013 |
Sahifalar soni |
896 (I jild) 889 (II jild) |
ISBN |
ISBN 978-9943-07-190-2 (I jild) ISBN 978-9943-07-190-2 (II jild) |
Ushbu ikki jildli lugʻat toʻlaligicha 1983-1984-yillarda chiqarilgan lugʻatga asoslangan boʻlsa-da, tamoman yangi nashr oʻlaroq taqdim etildi.[2] Yangi nashrda kommunizm nuqtai nazaridan izohlangan soʻzlarga yangi izoh berilgan, eskirgan soʻzlar olib tashlangan, yangi paydo boʻlgan soʻzlarga izoh berilgan, ayrim soʻzlarning izohlari yangilangan, hozirgi imlo qoidalaridan kelib chiqqan holda ayrim soʻzlarning yozilishiga aniqliklar kiritilgan.
Lugʻatning birinchi jildiga 31 146, ikkinchi jildiga esa 27 994 soʻz kiritilgan. Lugʻatda soʻzlarga doir keng grammatik maʼlumotlar berilgan. Rus tilini oʻrganayotganlar uchun qiyinchilik tugʻdiradigan hollar va soʻzlarning grammatik formalari batafsilroq berilgan. Lugʻatda ekvivalent soʻzlar orqali tarjima asosiy oʻrin tutgan. Lugʻatda adekvat (aynan) tarjima mumkin boʻlmagan hollarda tushuntirishlardan foydalanilgan.
Jildlar
tahrirJild | Nashr yili | Jilddagi maqolalar qamrovi |
---|---|---|
I | 2013 | А — О |
II | 2013 | П — Я |
Lugʻatni tuzishda foydalanilgan adabiyotlar
tahrir„Ruscha-oʻzbekcha lugʻat“ toʻrt jildli „Rus tili lugʻati“ga (ruscha: Словарь русского языка) (1957-61) asoslangan. Qoʻshimcha manbalar sifatida Sergey Ojegovning „Rus tili lugʻati“dan (ruscha: Словарь русского языка) (1973), „Rus tili lugʻati“ (ruscha: Словарь русского языка) nomli 17 jildli akademik lugʻatdan (1950-60), „Orfografik lugʻat“dan (ruscha: Орфографический словарь) (1980) va boshqa koʻplab lugʻatlardan foydalanilgan.
Lugʻatni zamonaviylashtirishda „Yangi soʻzlar va maʼnolar“ (ruscha: Новые слова и значения) nomi bilan N. Z. Koteleva tahriri ostida nashr etilgan (1973, 1980, 1981) lugʻatlar katta rol oʻynagan. Atamalarning maʼnolarini aniqlash uchun ruscha va oʻzbekcha ensiklopediyalardan foydalanilgan.
Lugʻat ikki bosqichda tuzilgan. Avval rus tilining izohli lugʻatlari asosida ruscha soʻzlik ishlab chiqilgan. Soʻngra tayyor soʻzlik asosida lugʻat maqolalari tuzilgan.[3]
Lugʻat soʻzligi
tahrirLugʻat soʻzligini tuzishda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti leksikologiya va leksikografiya boʻlimining kichik ilmiy xodimlari M. Alimova (З – qisman, Л, У), F. Konyusheva (Т, Х, Ч), D. Muhiddinova (Б, В, З – qisman, Ф, Ц, Ш, Щ), M. Yoqubova (А, Г, П – qisman), katta ilmiy xodimlari N. Alhamova (Д, И, Й, Э, Ю, Я, П – qisman), G. N. Mixaylov (Е, Ж) qatnashgan.
Soʻzlikning dastlabki tahririni N. Alhamova (А, Б, Г, Е, Ж, П – qisman), S. S. Kim (Л, М, Н, Р), G. N. Mixaylov (В, П – qisman, У), M. Abdurahimov (К, О, С, Т), D. H. Bozorova (Х, Ч, Ц, Ш, Щ, Э, Ю, Я), B. Joʻrayev (З, П – qisman, Ф) bajargan.[3]
Tuzuvchilar
tahrirLugʻat maqolalarini harflar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti xodimlari S. Akobirov (А, Д, М, С), T. Aliqulov, (Л, Н, П, – па dan поветрие gacha), N. Alhamova (Э, Ю, Я), Zokir Maʼrufov (Б, Г, Ф, Ц), N. Mamatov (К, О), G. N. Mixaylov (Е, Ж), H. Yusufxoʻjayeva (И, Й, П – просаливать dan oxirigacha), R. Doniyorov (З, П – продавливать dan просаливать gacha, Т – третичный dan трогаться gacha), E. Umarov (В – восполниться dan oxirigacha, Т – тоннаж dan трансформизм gacha; трение dan третировать gacha; трогаться II dan тут gacha), Ergash Fozilov (В – верхами dan внакладку gacha), M. Abdurahimov (В – вне dan восполнить gacha), B. Xoʻjaxonov (Х, Ч, Ш, Щ, П – поветь dan подкурить gacha, Т – трансформирование dan трензельный gacha, тутовник dan oxirigacha); boshqa tashkilotlarning xorimlari: Gʻ. Neʼmatov (Р ,В – boshlanishidan верх gacha), S. Qorayev (У, Т – boshlanishidan тонна gacha) tuzgan.[3]
Tahrirchilar
tahrirLugʻat maqolalarining dastlabki tahriri Zokir Maʼrufov (С, У, Ч, Э), T. Aliqulov (П, Р), N. Alhamova (А, Б, Д, Т, Ц), R. Doniyorov (Ф, Ш, Щ, Ю, Я), E. Umarov (Т), H. Yusufxoʻjayeva (И, Й, К, М, Х, Ч), B. Xoʻjaxonov (В) lar tomonidan bajarilgan.
Soʻzliklarni lugʻat talablari darajasida uzil-kesil tahrir qilish uchun maxsus redaktorlar (I tom boʻyicha S. S. Kim, II tom boʻyicha N. Alhamova) tayinlangan.
Frazeologiya va uning berilishini M. Abdurahimov va H. Yusufxoʻjayeva solishtirib, aniqlab chiqqan.[3] Havola maqolalarni esa B. Joʻrayev tekshirgan.
Lugʻat qoʻl yozmasi ustida OʻzSE Bosh redaksiyasi xodimlari S. Sodiqov, D. Fayziyeva. B. Xoʻjaxonov, E. Shoahmedov, A. Karimova hamda Til, adabiyot va folklor ilmiy redaksiyasi mudiri P. Toʻrayev katta tahrir ishlarni qilgan.[3]
Lugʻatning I jildi S. Akobirov, II jildi N. Mamatov muharrirligida nashr etilgan.
Yangi nashrning tahriri uchun masʼul muharrir etib Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Abduvahob Madvaliyev belgilangan.
Texnik ishlarni bajarganlar
tahrirLugʻatning ilk nashri qoʻlyozmasini tayyorlashdagi texnik ishlarni E. Umarov rahbarligi ostida N. Ikromova, F. Konyusheva, D. Muhiddinova, B. Joʻrayev, H. Ismoilov, SH. Halilova, M. Ortiqova, E. Eshonqulova, R. Shukurovlar bajargan.[3]
Lugʻatni qayta ishlash bilan bogʻliq texnik ishlarni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti xodimlari Gʻ. Ismoilov, Mahbuba Qodirova va A. Saidnomanovlar hamda „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti xodimlari D. Hasanova, A. Zulpixarov, A. Majidov, A. Yoqubjonovlar ishtirok etgan.
Eski va yangi nashr oʻrtasidagi farqlar
tahrirLugʻatning yangi nashrini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti bilan "Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti hamkorlikda tayyorlagan. Masʼul muharrir Abduvahob Madvaliyev ikki yil davomida ilmiy-tahririy ishlarni amalga oshirgan.
Yangi nashrda „shoʻro davrida tuzum taqozosi bilan va shoʻro mafkurasi nuqtai nazaridan bir tomonlama, noxolis izohlangan bir qancha soʻzlar, xususan, ijtimoiy-siyosiy, diniy-falsafiy, tarixiy, iqtisodiy terminlar eng soʻnggi manbalarga tayangan, ularga qiyoslangan holda qaytadan xolisona“ izohlangan.[3] Bundan tashqari, berilgan izohlarda oʻzbekcha muqobili boʻlsa-da, ruscha varianti ishlatilgan soʻzlar oʻzgaritirilgan. Masalan, „avtor“ soʻzi oʻrniga „muallif“ soʻzi berilgan. Yangi imlo qoidalariga muvofiq ravishda ayrim soʻzlarning yozilishiga aniqliklar kiritilgan.
Miqdoriy oʻzgarishlar
tahrirYangi nashrda quyidagicha miqdoriy oʻzgartishlar amalga oshirilgan:[3]
- avvalgi nashrdagi 8 800 dan ortiq lugʻat maqolalari (xususan,ayrim eskirgan soʻzlar; millat, xalq, elatlarga mansub har ikkala jinsdagi shaxslar nomlari; erkak jinsini anglatuvchi shaxs nomlaridan hosil qilingan, ayol jinsidagi shaxslarni anglatadigan nomlar; tugallanmagan feʼl shakllarini ifodalovchi soʻzlar va boshqalar) yangi lugʻatda alohida lugʻat maqolasi sifatida berilmagan.
- Yangi nashrdan 1 330 ta illyustrativ misol ham chiqarib tashlangan. Buning oʻrniga lugʻatga yangidan 3 460 ta lugʻat maqolasi hamda 4 000 dan oshiq illyustrativ misol kiritilgan;
- Mavjud soʻzlarning 1 060 ta yangi maʼnosi qayd etilgan, 1 070 ta soʻz yangidan izohlangan, 7 000 ga yaqin lugʻat maqolasi tubdan tahrir qilingan;
- Yangi nashrda illyustrativ misollar ham ancha koʻpaytirilgan. Umuman olganda, avvalgi nashrdagi 92 516 ta oʻrniga yangi nashrda 95 236 ta illyustrativ misol berilgan.
Lugʻatni zamonaviylashtirish uchun foydalanilgan manbalar
tahrirLugʻatni zamonaviylashtirish uchun quyidagi manbalardan foydalanilgan: „Rus tilining toʻrt jildli lugʻati“ (ruscha: Словарь русского языка в четырёх томах) (1981-1984), „Rus tilining izohli lugʻati“ (ruscha: Толковый словарь русского языка) (2000, 2008), „Yangi soʻzlar va maʼnolar. Lugʻat-spravochnik“ (ruscha: Новые слова и значения. Словарь-справочник) (1984), „XX asr oxiridagi rus tilining izohli lugʻati“ (ruscha: Толковый словарь русского языка конца XX века) (1998), „Xorijiy soʻz va iboralarning yangi lugʻati“ (ruscha: Новейший словарь иностранных слов и выражений) (2003), „Xorijiy soʻzlarning illyustratsiyali katta lugʻati“ (ruscha: Большой иллюстрированный словарь иностранных слов) (2004), „Toʻgʻri ruscha soʻzlashuvi lugʻati“ (ruscha: Словарь правильной русской речи) (2004), „Xorijiy soʻzlarning yangi lugʻati“ (ruscha: Новый словарь иностранных слов) (2006), „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ (2000-2006), „Oʻzbek tilining izohli lugʻati“ (2006-2008).[3]
Manbalar
tahrir- ↑ „„Ruscha-oʻzbekcha lugʻat“ sotuvga chiqarildi“. Gazeta (2013-yil 4-dekabr). Qaraldi: 2016-yil 15-yanvar.
- ↑ „Oʻzbekistonda eng katta ruscha-oʻzbekcha lugʻat chop etildi“. Daryo (2014-yil 1-may). Qaraldi: 2016-yil 15-yanvar.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 3,8 „Soʻzboshi“, Ruscha-oʻzbekcha lugʻat (I jild). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2013 — 9-12-bet. ISBN 978-9943-07-190-2.