Saidrizo Alizoda (1887-yil, Samarqand – 1945-yil, Vladimir) – maʼrifatparvar olim, jurnalist, tarjimon. Asarlarini, asosan, oʻzbek va tojik tillarida yozgan.

Saidrizo Alizoda
Tavalludi 15-fevral 1878-yil
Vafoti 1945-yil
Vladimir
Kasbi oʻqituvchi, yozuvchi, tarjimon, muharrir
Qarindoshlari Farhod Alizoda (Saidrizo Alizodaning nevarasi)

Yoshligi

tahrir

Saidrizo Alizoda 1887-yilning 15-fevralida Samarqand shahridagi Bogʻishamol mahallasida ipak va gilam savdosi bilan shugʻullanuvchi savdogar Mirmuhsin oilasida tugʻilgan. Maktab yoshiga yetganda otasi oʻgʻlini oʻzlari yashab turgan mahallada muhojirlikda yashagan ozarbayjonlik maʼrifatparvar Shayx Abulqosim ochgan yangi usul maktabiga olib borgan.

Ilk tahsilni Samarqandning Chorraha dahasida Abulqosim Alganjiyning jadid maktabida olgan. Soʻng shu murabbiy qoʻlida madrasani tugatgan.

Faoliyati

tahrir

Saidrizo Alizoda 1924-yildan „Zarafshon“ nashriyotida mudirlik qilgan. 30-yillarda Samarqand Pedakademiyasida arab va fors tillaridan dars bergan. Mustaqil mutolaa bilan shugʻullanib, rus, fransuz, arab, italyan, yahudiy, kurd, arman, ingliz, urdu tillarini oʻrgangan. 17—18 yoshlaridayoq „Nizomnoma“ (1904), „Risolat ulittihodiya“ (1906) kabi risolalari bilan tanilgan. Ayni paytda 1905—1907-yillarda Dimurovlar bosmaxonasida harf teruvchilik qilgan, maqolalar yozgan. Jadid maktablari uchun „Ilmi hisob“ (Samarqand, 1906) darsligini tuzgan. Maqolalari „Bahlul“, „Zambur“, „Korgar“, „Sitamdiyda“, „Mulla Jambul“, „Ranjbar“, „Bogʻishamoliy“ kabi taxalluslar bilan bosilgan. 19131915-yillarda Behbudiyning „Oyna“ jurnalida yaqindan hamkorlik qilgan. 19171920-yillarda oʻzbek va tojik maktablari uchun „Alifbe“ kitoblari tuzib nashr ettirgan. „Baxt asri“ romani ham bor. Pushkin („Dubrovskiy“, „Kapitan qizi“), Lev Tolstoy („Tirilish“), Mopassan („Doʻndiq“), Qodiriy („Oʻtgan kunlar“, „Mehrobdan chayon“) asarlarini tojikchaga tarjima qilgan[1]. Saidrizo Alizoda ozarbayjonlik olim Abdulla Shoyiq yordamida „Yangi ozarbayjon alifbosi“ni nashr etgan. Ushbu alifbo Ozarbayjondagi maktablar uchun darslik sifatida ishlatilgan. Saidrizo Alizoda lugʻat yaratish ishlari bilan shugʻullangan va 1933-yildan 1934-yilgacha, qisqa vaqt davomida 61 ming soʻzdan tashkil topgan 2 jildlik ruscha-tojikcha lugʻatni nashr ettirgan[2].

Afgʻonistonlik mashhur siyosiy arbob va yozuvchi Mahmud Tarziy bilan hamkorlikda fransiyalik yozuvchi Jyul Vernning „Yer yuzi boʻylab 80 kunlik sayohat“ asarini forsiy tilga tarjima qilgan. Shuningdek, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Abu Ali ibn Sino, Fuzuliy va Alisher Navoiylarning asarlarini rus tiliga tarjima qilgan[3]. Saidrizo Alizoda Afgʻoniston va Erondan Turkiston oʻlkasiga kelgan jadid ziyolilari bilan hamkorlik qilgan. Xususan, Eronning mashhur maorif xodimi Malik Bahor bilan Saidrizo Alizoda oʻrtasida yangi usul maktablarini tashkil qilish boʻyicha maktublar almashilgan. Saidrizo Alizoda 1933-yildan 1937-yilgacha Samarqand davlat universitetida arab tili va fors tilidan taʼlim bergan[4].

Qatagʻon qilinishi

tahrir

1937-yilda boshlangan Stalin repressiyasi natijasida Alizoda Samarqand davlat universitetida hibsga olingan. Uni dars berib turgan jarayonidan olib ketishgan. Saidrizo Alizoda josuslik qilishda ayblangan. Dastlab Samarqand shahrida, keyinroq Toshkentda, soʻngra Tobolsk va Vladimir shaharlarida 8 yil mobaynida qiynoqlar ostida hibsda oʻtirgan. 1945-yilning 24-dekabrida Saidrizo Alizoda Rossiyadagi Vladimir qamoqxonasida sil kasalligidan vafot etgan. 1987-yili nabirasi Farhod Alizodaning saʼy-harakatlari bilan uning hoki Vladimir shahridan Samarqandga olib kelingan[5] va Panjob qabristonida dafn qilingan.

Xotirasi

tahrir

Samarqand shahrida uy-muzeyi bor, maktab, koʻcha, mavze uning nomi bilan ataladi. Nabirasi Farhod Alizodaning tashabbusi, Eron prezidenti Hoshimiy Rafsanjoniy, Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Muhsin Pokoyin yordami bilan Said Alizoda uy-muzeyi 1998-yilning noyabr oyidan oʻz faoliyatini boshlagan[6].

Manbalar

tahrir