Saidrizo Alizoda
Saidrizo Alizoda (1887-yil, Samarqand – 1945-yil, Vladimir) – maʼrifatparvar olim, jurnalist, tarjimon. Asarlarini, asosan, oʻzbek va tojik tillarida yozgan.
Saidrizo Alizoda | |
---|---|
Tavalludi |
15-fevral 1878-yil |
Vafoti |
1945-yil Vladimir |
Kasbi | oʻqituvchi, yozuvchi, tarjimon, muharrir |
Qarindoshlari | Farhod Alizoda (Saidrizo Alizodaning nevarasi) |
Yoshligi
tahrirSaidrizo Alizoda 1887-yilning 15-fevralida Samarqand shahridagi Bogʻishamol mahallasida ipak va gilam savdosi bilan shugʻullanuvchi savdogar Mirmuhsin oilasida tugʻilgan. Maktab yoshiga yetganda otasi oʻgʻlini oʻzlari yashab turgan mahallada muhojirlikda yashagan ozarbayjonlik maʼrifatparvar Shayx Abulqosim ochgan yangi usul maktabiga olib borgan.
Ilk tahsilni Samarqandning Chorraha dahasida Abulqosim Alganjiyning jadid maktabida olgan. Soʻng shu murabbiy qoʻlida madrasani tugatgan.
Faoliyati
tahrirSaidrizo Alizoda 1924-yildan „Zarafshon“ nashriyotida mudirlik qilgan. 30-yillarda Samarqand Pedakademiyasida arab va fors tillaridan dars bergan. Mustaqil mutolaa bilan shugʻullanib, rus, fransuz, arab, italyan, yahudiy, kurd, arman, ingliz, urdu tillarini oʻrgangan. 17—18 yoshlaridayoq „Nizomnoma“ (1904), „Risolat ulittihodiya“ (1906) kabi risolalari bilan tanilgan. Ayni paytda 1905—1907-yillarda Dimurovlar bosmaxonasida harf teruvchilik qilgan, maqolalar yozgan. Jadid maktablari uchun „Ilmi hisob“ (Samarqand, 1906) darsligini tuzgan. Maqolalari „Bahlul“, „Zambur“, „Korgar“, „Sitamdiyda“, „Mulla Jambul“, „Ranjbar“, „Bogʻishamoliy“ kabi taxalluslar bilan bosilgan. 1913—1915-yillarda Behbudiyning „Oyna“ jurnalida yaqindan hamkorlik qilgan. 1917—1920-yillarda oʻzbek va tojik maktablari uchun „Alifbe“ kitoblari tuzib nashr ettirgan. „Baxt asri“ romani ham bor. Pushkin („Dubrovskiy“, „Kapitan qizi“), Lev Tolstoy („Tirilish“), Mopassan („Doʻndiq“), Qodiriy („Oʻtgan kunlar“, „Mehrobdan chayon“) asarlarini tojikchaga tarjima qilgan[1]. Saidrizo Alizoda ozarbayjonlik olim Abdulla Shoyiq yordamida „Yangi ozarbayjon alifbosi“ni nashr etgan. Ushbu alifbo Ozarbayjondagi maktablar uchun darslik sifatida ishlatilgan. Saidrizo Alizoda lugʻat yaratish ishlari bilan shugʻullangan va 1933-yildan 1934-yilgacha, qisqa vaqt davomida 61 ming soʻzdan tashkil topgan 2 jildlik ruscha-tojikcha lugʻatni nashr ettirgan[2].
Afgʻonistonlik mashhur siyosiy arbob va yozuvchi Mahmud Tarziy bilan hamkorlikda fransiyalik yozuvchi Jyul Vernning „Yer yuzi boʻylab 80 kunlik sayohat“ asarini forsiy tilga tarjima qilgan. Shuningdek, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Abu Ali ibn Sino, Fuzuliy va Alisher Navoiylarning asarlarini rus tiliga tarjima qilgan[3]. Saidrizo Alizoda Afgʻoniston va Erondan Turkiston oʻlkasiga kelgan jadid ziyolilari bilan hamkorlik qilgan. Xususan, Eronning mashhur maorif xodimi Malik Bahor bilan Saidrizo Alizoda oʻrtasida yangi usul maktablarini tashkil qilish boʻyicha maktublar almashilgan. Saidrizo Alizoda 1933-yildan 1937-yilgacha Samarqand davlat universitetida arab tili va fors tilidan taʼlim bergan[4].
Qatagʻon qilinishi
tahrir1937-yilda boshlangan Stalin repressiyasi natijasida Alizoda Samarqand davlat universitetida hibsga olingan. Uni dars berib turgan jarayonidan olib ketishgan. Saidrizo Alizoda josuslik qilishda ayblangan. Dastlab Samarqand shahrida, keyinroq Toshkentda, soʻngra Tobolsk va Vladimir shaharlarida 8 yil mobaynida qiynoqlar ostida hibsda oʻtirgan. 1945-yilning 24-dekabrida Saidrizo Alizoda Rossiyadagi Vladimir qamoqxonasida sil kasalligidan vafot etgan. 1987-yili nabirasi Farhod Alizodaning saʼy-harakatlari bilan uning hoki Vladimir shahridan Samarqandga olib kelingan[5] va Panjob qabristonida dafn qilingan.
Xotirasi
tahrirSamarqand shahrida uy-muzeyi bor, maktab, koʻcha, mavze uning nomi bilan ataladi. Nabirasi Farhod Alizodaning tashabbusi, Eron prezidenti Hoshimiy Rafsanjoniy, Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Muhsin Pokoyin yordami bilan Said Alizoda uy-muzeyi 1998-yilning noyabr oyidan oʻz faoliyatini boshlagan[6].
Manbalar
tahrir- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Саид Ризо Ализода улуғ маърифатпарвар“. uza.uz (2021-yil 8-yanvar). Qaraldi: 21-sentabr 2023-yil.
- ↑ „Saidrizo Alizoda (1887-1945)“. ziyouz.com (2013-yil 4-iyun). Qaraldi: 21-sentabr 2023-yil.
- ↑ „Рўзноманигор, забоншинос ва тарҷумони маъруфи тоҷик Саидризо Ализода 130-сола шуд“. Qaraldi: 21-sentabr 2023-yil.
- ↑ „Саидризо Ализода - Вадуд Маҳмудӣ“. Qaraldi: 21-sentabr 2023-yil.
- ↑ Жумаев Ж „САЙИД РИЗО АЛИЗОДА ВА УНИНГ УЙ МУЗЕЙИ ТАШКИЛ ҚИЛИНИШИ ТАРИХИДАН“. bukhari.uz (2019-yil 10-sentyabr). Qaraldi: 21-sentabr 2023-yil.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |