Sallam ibn Mishkam (628-yilda vafot etgan) – VII asr boshlarida Arabistonning Madina shahrida yashagan yahudiy jangchisi, ravvin va shoir.

Sallom ibn Mishkam
Vafoti 628
Haybar jangi
Kasbi Yahudiy jangchi, ravvin va shoir
Turmush oʻrtogʻi Safiya binti Huyay (ajrashgan)
Zaynab binti al-Horis
Bolalari Xorija (baʼzi manbalarda)
Amr
al-Hakam

Oilasi va erta hayoti

tahrir

Sallom ibn Mishkam ibn al-Hakam ibn Horisa ibn al-Xazraj ibn Kaʼb ibn Xazraj Quraysh qabilasining Banu Nodir urugʻidan boʻlgan. U qabila boshligʻi Huyay ibn Axtabning uzoq qarindoshi boʻlib, qabilaning Abul-Huqayq boʻlimi bilan ham qarindoshligi bor edi. Uning uyi Banu Qurayza qabilasining hududi bilan chegaradosh boʻlib, mahalliy butparastlar va yahudiylar orasida ham koʻplab doʻstlari boʻlgan Sallom qoʻshni Banu Qurayza bilan yaxshi munosabatda boʻlgan[1].

Sallom Safiya binti Huyayga uylangan, ammo keyinchalik u bilan ajrashishgan[2].

Muhammad bilan bahs

tahrir

Muhammad paygʻambar 622-yilda Madinaga keladi va kishilarni Islom diniga daʼvat qiladi, ularga musulmonlikni qabul qilishlarini va oʻzini Allohning elchisi – paygʻambar ekanligini tushuntirishga harakat qiladi. Musulmon birodarlari Muoz ibn Jabal va Bishr ibn al-Barolar uni qoʻllab-quvvatlaydilar. Sallom esa koʻpchilik yahudiylar singari Muhammadning soʻzlaridan zarracha taʼsirlanmaydi va uni paygʻambar deya qabul qilmaydi[1].

623-yilning oxiri yoki 624-yil boshida yahudiylar Muhammadga ishonmasliklari ovoza qilishadi. Sallom va uning uch nafar doʻstlari: „Siz Ibrohimning diniga ergashasizmi va Tavrotga ishonasizmi va bu Allohdan kelgan haq ekanligiga guvohlik berasizmi?“ deydi. Muhammad: „Albatta“, deb javob beradi. Shunga qaramay Sallom va uning doʻstlari: „Biz Tavrotga amal qilamiz va uning hidoyati va haqiqati bilan yashaymiz. Biz senga ishonmaymiz va senga ergashmaymiz“, deyishadi[1].

Muhammad bilan ziddiyat

tahrir

Badr jangi va Qaynuqa qabilasining Madinadan haydab chiqarilishidan koʻp oʻtmay, Makka boshligʻi Abu Sufyon Sallomning eshigini taqillatib keladi. U Muhammadga qarshi chiqish uchun oʻz ittifoqdoshlarini yigʻish maqsadida Madinaga 200 otliq askar olib kelganini, lekin Huyay ibn Axtab uni oʻz uyiga kiritishdan qoʻrqqanini ochiqchasiga tan oladi. Sallom Abu Sufyonni uyiga iliqlik bilan taklif qiladi. Abu Sufyon bu haqida shunday deydi: „Shoshayotganim uchun uzoq qolmagan boʻlsam-da, Sallom ibn Mishkam menga yaxshi sharob berdi va meni toʻliq oʻzimga keltirdi. Men qashshoq tilanchi emas, balki kechki payt kelgan och sayohatchi edim“. Sallom oʻsha kuni Abu Sufyonga Madinaning zaif tomonlari haqida maʼlumot beradi[1].

Haybar

tahrir

Banu Nodir ahlining koʻp qismi, jumladan, Sallom ham Madinadan yuz chaqirim shimolda joylashgan yahudiy dehqonlar qoʻnim topgan joy – Xaybarga joylashadi. U yerdagi Abul-Huqayq urugʻi Banu Nodir ahlini iliq kutib olish bilan birgalikda ularga rahbarlik ham qiladi. Hududda al-Qomus qal’asi ham boʻlib, harbiy harakatlarda Sallom askarlarga bosh boʻlgan deyish mumkin[1].

Sallom ibn Mishkam Haybarda Zaynab binti al-Horisga uylanadi. Zaynabning oilasi yamanlik muhojirlar boʻlib, Haybarda qoʻnim topgan va yahudiylikni qabul qilgan edi. Uning otasi va ikki ukasi Sallom kabi jangchi va shoir edi. Baʼzi manbalarda esa Sallom va Zaynabning Xorija ismli oʻgʻillari borligi aytilsa[3], al-Voqidiy Sallomning 627-yil bahorida Amr ismli[4], 628-yil yozida al-Hakam ismli oʻgʻli tugʻilgan deya maʼlumot beradi[4].

Banu Nodir urugʻi Madinaga oʻz uylariga qaytishdan umidvor edilar, buning uchun esa Muhammaddan qutulish kerak edi. Sallom Huyayy ibn Axtab bilan Makkaga joʻnaydi, u yerda Quraysh bilan ittifoq tuzish maqsadida muzokaralar olib boriladi. Qurayshliklar yahudiylar oʻz dinlarini afzal bilishadimi yoki Islomni deya soʻraganlarida, ravvinlar: „Sening dining Muhammadning dinidan yaxshiroq, sen esa u va uning tarafdorlaridan koʻra yaxshiroq yoʻldasan“, deb javob beradilar[1]. Bu muzokaralar oxir-oqibat Xandaq jangiga olib keladi, ammo Sallom Madinani qamal qilishda ishtirok etmaydi.

Haybarning qamal qilinishi

tahrir

628-yilning iyun oyi boshida musulmon qoʻshinlari tong saharda kutilmagan hujum uyushtirish maqsadida Haybarga kirib boradilar. Dalallardagi ishchilar Muhammad oʻz qoʻshini bilan bostirib kelayotgani aytib, qal’alariga qochib ketishadi[5]. Sallom ibn Mishkam[6] oʻsha vaqtda betob boʻladi, biroq himoyani ushlashga harakat qiladi. Musulmonlar dastlab Natat hududiga hujum qilganligi sababli Sallom yahudiylarga bor boyliklarini va oilalarini al-Xatiba qal’alariga olib ketishini va joylashtirishini, soʻngra jangchilar va oʻq-dorilarini Natatga koʻchirishni buyuradi. Sallom „Dushmanga qarshi mardonavor jang qiling, chunki asirlikda nola qilgandan koʻra, jangda halok boʻlgan afzaldir!“ – deya askarlarni jangga chaqiradi va umrining oxirigacha Muhammadga qarshi turadi[7][8].

Jangda Haybar kamonchilari ellik nafar musulmon askarlarini yarador qiladi. Yahudiylar tomondan qurbon boʻlganlar soni aniq hisoblanmagan boʻlsa-da, ammo juda katta yoʻqotishlarga uchragani maʼlum. Sallom ibn Mishkam ham aynan shu jangda halok boʻladi[8].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Muhammad ibn Ishaq. Sirat Rasul Allah. Translated by Guillaume, A. (1955). The Life of Muhammad. Oxford: Oxford University Press.
  2. Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh al-Rusul waʼl-Muluk. Translated by Poonawala, K. I. (1990). The History of al-Ṭabarī Volume 9: Last Years of the Prophet. Albany: State University of New York Press.
  3. Ilan, T. (2011). Lexicon of Jewish Names in Late Antiquity: Part IV: the Eastern Diaspora, 330 BCE – 650 CE. Tübingen: Mohr-Siebeck.
  4. 4,0 4,1 Muhammad ibn Umar al-Waqidi. The Life of Muhammad. Translated by Rizwi Faizer, Amal Ismail & AbdulKader Tayob (2011). Abingdon, Oxon. & New York: Routledge.
  5. Bukhari 1:8:367
  6. Numani, M. S. (1995). Life of the Prophet, volume 2, p. 165. Kazi Publications.
  7. Haykal, Muhammad Husayn. The Life of Muhammad Volume 2. Translated by Al-Faruqi, I. R. (2008). Selangor: Islamic Book Trust.
  8. 8,0 8,1 An-Nabhani, T., & Ut-Tahrir, H. (1998). The Islamic State. London: Al-Khilafah Publications.