Sarez koʻli
Sarez koʻli — Tojikiston Respublikasi Togʻli Badaxshon muxtor viloyati hududidagi koʻl. Pomirda, Shimoliy Alichur va Muzqoʻl tizmalari orasida, 3239 m balandlikda joylashgan. Maydoni 79,6 km², suv sigʻimi hajmi 16,07 km³, uz. 55,8 km, eng keng joyi 3,3 km. Oʻrtacha chuq. 190 m gacha, eng chuqur joyi 500 m. 1911-yildagi zilzila oqibatida Murgʻob daryosining chuqur vodiysini Usoy qishlogʻi yaqinida togʻ jinslari toʻsib qoʻyishi natijasida paydo boʻlgan. Oʻrta Osiyodagi eng katta uyumli suv havzasi. Suv toʻplash maydoni 18 ming km². Murgʻobdan tashqari koʻlga 16 doimiy va 20 dan ziyod vaqtincha suv oqimlari quyiladi. Asosan, muz suvlaridan toʻyinadi. Koʻl ga quyiladigan oʻrtacha koʻp yillik suv miqdori 1,48 km³. Uyum orqali suvning sizib oʻtishi sodir boʻlmoqda. Buloklar koʻrinishida suvning koʻldan koʻp yillik oʻrtacha oqib chiqish miqdori 1,46 km³ni tashkil qiladi. Suvi chuchuk. Koʻl sathi oʻzgarib turadi. Keyingi 60 yil mobaynida suv sathining oʻrtacha oʻsishi yiliga 20 sm ni tashkil qildi. Yil orasidagi suv sathi oʻzgarishining eng katta amplitudasi 12 m, eng kami 2 m ni tashkil qiladi. Koʻl suvi dekabr oxiri — yanvarning 1-yarmida muzlaydi, mart oxiri — may boshlarida muzdan boʻshaydi.
Adabiyot
tahrir- Agaxanyans O. Ye., Sarez, L., Gidrometeoizdat, 1989; Glazirin G.Ye., Nikitin A. M., Shchetinnikov A. S., Vodniy balans Sarezskogo ozera, Tr. SANIGMI, 1986, Vip. 113 (194); Gronskaya G. P., Ivanov Yu.N. va boshqa, Gidrologicheskoy rejim Sarezskogo ozera, Tr. GGI, 1977, Vip. 246; Aslov SM., Gorelkin N. Ye., Gidrometeorologicheskiy monitoring Sarezskogo ozera, T., Izd. otdel SANIGMI, 2002.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |