Shahrisabz tumani
Shahrisabz tumani - Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Shimolidan Kitob tumani, sharqdan Tojikiston, Surxondaryo viloyati, janubidan Yakkabogʻ, Qamashi, gʻarbdan Chiroqchi tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,70 ming km². Aholisi 227,6 ming kishi (2022). Tumanda: 1 shaharcha (Miroqi), 12 ta qishloq fuqarolar yigʻini (Dukchi, Kunchiqar, Moʻminobod, Naʼmaton, Oqsuv, Toʻdamaydon, Xitoy, Shakarteri, Shamaton, Oʻzbekiston, Qutchi, Hisorak) bor. Markazi — Chorshanba qishlogʻi.
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Qashqadaryo viloyati |
Maʼmuriy markazi | Shahrisabz |
hokim | Samad Hasanov |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Aholi (01.01.2022) | 227,6 ming kishi |
Dinlar tarkibi | musulmonlar |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Rasmiy sayti | https://shahrisabzt.uz/ |
Xaritada | |
39°3′0″N 66°50′0″E / 39.05000°N 66.83333°E |
Tabiati
tahrirTuman hududi Qashqadaryo viloyatining shimoli-sharqiy qismida, Hisor togʻlarining etaklarida joylashgan. Tumanning gʻarbi ochiq voha — Qarshi choʻliga tutashib ketadigan tekislikdan iborat. Togʻlardan oqib tushadigan Oqsuv, Qashqadaryo, Tanxozdaryo, Qizildaryo, Tamshush, Miroqi daryolari jarliklar hosil qilgan. Miroqi togʻ etaklaridan qora marmar qazib olinadi. Iqlimi kontinental. Yillik oʻrtacha temperatura 14,7°. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0,8°, eng past temperatura —26°.[1]
Iyulning oʻrtacha temperaturasi 28°, eng yuqori temperatura 43°. Iiliga 545 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri — 219 kun.
Tuproqlari boʻz, jigarrang va qoʻngʻir togʻoʻrmon tuproqlari. Yovvoyi oʻsimliklardan qoʻngʻirbosh, rang, shuvoq, oqquray, pashmak, shoʻra, bugʻdoyiq, kovrak, qargʻaoyoq, qamish, yulgʻun, yantoq, togʻ yon bagʻirlarida archa, doʻlana, togʻolcha, chinor oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan qobon, boʻri, ayiq, jayran, qoʻshoyoq, yumronqoziq, jayra va boshqalar uchraydi.
Aholisi
tahrirAholisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 133,9 kishi. Shahar aholisi 54,8 ming, qishloq aholisi 172,8 ming kishi (2022).
Iqtisodiyoti
tahrirTuman xoʻjaligi, asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Shahrisabz tumanida 9 qoʻshma korxona, kichik korxonalar, 1300 ga yaqin xususiy korxona, 14 shirkat korxonasi, 19 aksiyadorlik jamiyati mavjud. Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi paxtachilik. Shuningdek, gʻallachilik, chorvachilik, pillachilik ham rivojlangan. Qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlar 18 ming ga, shu jumladan, 5,8 ming ga yerga paxta, 2,0 ming ga yerga sabzavot va poliz, 2,0 ming ga yerga beda, 0,3 ming ga yerga kartoshka ekiladi. 3,4 ming ga yer bogʻ. Tumanda 12 shirkat xoʻjaligi, 4 ta xoʻjaliklararo korxona, 478 ta fermer xoʻjaligi bor (2004). Hisorak suv ombori qurilgan. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 52,7 ming qoramol, 51,6 ming qoʻy va echki, 800 dan ziyod yilqi, 177,5 ming parranda boqiladi.
Ijtimoiy soha
tahrir2003/04 oʻquv yilida 109 ta umumiy taʼlim maktabida 69 ming oʻquvchi taʼlim olgan. Tuman hududida 11 ta klub, 11 ta madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bogʻi, muzey, 60 kutubxona tarmogʻi, 2 stadion mavjud. Tumandagi 14 ta kasalxona, 8 poliklinika, 18 ta qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 13 qishloq vrachlik punktida 775 vrach, 3,5 ming oʻrta tibbiy xodim ishlaydi.
Tuman hududi orqali Toshkent—Kitob poyezdi oʻtadi. Shahrisabz bilan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz, Denov oʻrtasida va Shahrisabz bilan Hazora, Shamaton, Qoraloycha qishloqlari orasida avtobuslar qatnaydi. Tumandagi asosiy meʼmoriy yodgorliklar Shahrisabzda joylashgan. 1931-yildan tuman „Kesh“ gazetasi nashr etiladi (adadi 2182).
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |