Meksika gʻoʻzasi
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Meksika gʻoʻzasi, oddiy gʻoʻza, Shimoliy Amerika gʻoʻzasi (Gossypium hirsutum L.) — madaniy gʻoʻza turi. Birinchi marta K. Linney taʼriflab bergan (1769). Genomi (AD), xromosomalar soni 2p=52. Kelib chiqish markazi — Meksika va Yukatan yarim orolning jan. sohil hududlari. Koʻpchilik gʻoʻza ekadigan mamlakatlar — Meksika, AQSH, Hindiston, Pokiston, Xitoy, Oʻzbekiston, Braziliya, Argentina, Uganda, Avstraliya va hokazoda tarqalgan.
M.gʻ. daraxtsimon buta, boʻyi 0,5 m dan 6 m gacha, monopodial va simpodial tipda shoxlanadi. Poyasi kalin tukli va yalangʻoch, antotsian boʻyalgan, baʼzan rangsiz boʻladi. Barglari 3, 5, 7 boʻlmali, yuraqsimon. Barg shira bezlari 1—3 ta, baʼzan boʻlmaydi. Guli kosachasimon, keng ochiladi, gulbargi och sariqdan sargʻishgacha, soʻliganda pushti va kizil rangga kiradi. Yovvoyi shakllarining gulbargi asosida antotsian dogʻi bor, madaniylarida boʻlmaydi. Koʻsagi tuxumsimon, sharga oʻxshash, uchi toʻmtoq (yoki oʻtkir), 3—5, baʼzan 6 chanokli, och yashil, xira yoki nim yaltiroq, silliq yoki gʻadirbudur. Bitta koʻsakdagi paxtasi vazni 0,5—12 g. Chigitlari mayda va oʻrtacha kattalikda (1000 dona chigit massasi 75—160 g), turli darajada tuklangan, baʼzan yalangʻoch (tuksiz). Tuklari oq, kulrang, och yashil, koʻk, qoʻngʻir boʻladi. Yovvoyi holda oʻsadigan turlarida tolasi koʻkishmalla yoki malla, uz. 20–22 mm, madaniylarining tolasi oq, goho malla yoki havorang, uz. 25–37 mm, 29— 42% tola chiqadi.
M.gʻ.ning tropik shakllari qisqa kunda, qishbahorda gullab xrsil beradi, issiqtalab, subtropik shakllari esa fotodavriy oʻzgarishlardan kam taʼsirlanadi, unchalik issiqtalab emas, tezpishar va yuqori geografik kenglikda uzun yoz kunlari sharoitida hosil beradi.
Uzoq davom etgan evolyusiya natijasida M.gʻ.ning qadimiy yovvoyi (koʻp yillik), ruderal yarim yovvoyi koʻp yillik, yuksak madaniy tropik, yuksak madaniy bir yillik subtropik shakllari (simpodial tipdagi oʻsimliklar) paydo boʻlgan. M.gʻ.ning madaniy navlari qariyb jahondagi gʻoʻza ekiladigan barcha mamlakatlarda oʻstiriladi.
M.gʻ. peru gʻoʻzasi, chalkash tukli gʻoʻza va boshqa turlar bilan chatishib, naslli duragaylar beradi: armur gʻoʻzasi, uch boʻlma bargli gʻoʻza, raymond gʻoʻzasi va boshqa turlar bilan chatishtirilsa, bepusht duragaylar hosil qiladi. M.gʻ. seleksiyada keng qoʻllanadi, chunki u qimmatli genlarga juda boy manba hisoblanadi (qarang Genetik fond). Jaxrn paxtachiligida yetishtiriladigan tolaning 65% ga yaqini M.gʻ. ga toʻgʻri keladi. Oʻrta Osiyoda yaratilgan oʻrta tolali goʻza navlarining mustaqil guruhi shu turga kiradi va ekin maydonlarining asosiy qismiga ekiladi (qarang Oʻrta tolali gʻoʻza). Abdumavlon Abdullayev.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |