Sitrus oʻsimliklar
Sitrus oʻsimliklar - rutadoshlar oilasining sitrus turkumiga mansub doim yashil oʻsimliklar, ekiladigan mevali daraxtlar. Apelsin, mandarin, greypfrut, limon, bergamot, sitron, sheddok, bigaradiya va boshqa 30 ga yaqin turi bor. Shimoliy Xitoydan Avstraliyagacha, Oʻrta dengiz sohillaridan Yevropaga tarqalgan. Oʻzbekistonda Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti, Toshkent viloyati Qibray tumani va boshqa issiqxona xoʻja-liklarida oʻstiriladi. S.oʻ. butasimon yoki past daraxtsimon, barcha organlarida xushboʻy efir moyi bor. Gullari barg qoʻltigʻida joylashgan, xushboʻy, chetdan va oʻzidan changlanadi. Mevasi xushxoʻr, parhez va dorivor xususiyatga ega, turli vitaminlar va limon kislotaga boy. Mas, limon va apelsinda 60 mg % S vitamini, 600–700 mg % R vitamini bor. Meva shakli dumaloq yoki tuxumsimon, och sariq, toʻq sariq, segmentlarga boʻlingan. Tarki-bida pektin, karotin, qand, S, V, R vitaminlari bor. Mevalari yangiligida yeyiladi, konservalar, murabbo, sukat tayyorlanadi. Barg va poyasidan efir moyi olinadi. S.oʻ. payvand qilib va qalamchalaridan koʻpaytiriladi. Ekilgandan soʻng 3—4 yildan hosilga kiradi. 20—60 y. atrofida yuqori hosil olinadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |