Sitsiliya amirligi (arabcha: إمارة صقلية) 965-yildan 1072-yilga qadar Sitsiliya orolida mavjud boʻlgan musulmon davlati[1]. Poytaxti — al-Madina (hozirgi Palermo, Italiya).

Sitsiliya amirligi
arab: إمارة صقلية


965 — 1072



Bayroq

1000-yildagi Italiya
Poytaxti Palermo
Til(lar)i Sitsiliya-arab tili
Dini Islom
Aholisi greklar, arablar
Boshqaruv shakli mutlaq monarxiya
Sulola Kalbiriylar
amir
 - 948—953 Hasan ibn Abdulloh
amir
 - 953—970 Ahmad ibn Hasan
amir
 - 970-982 Ali ibn Hasan
amir
 - 982-983 Johir ibn Ali
Meros boʻlib oʻtishi
Sitsiliya qirolligi

Aholisi

tahrir

Musulmonlar tomonidan zabt etilgan Sitsiliya oroli aholisi asosan xristianlardan iborat boʻlib, ular grek tilida soʻzlashishgan. Shuningdek, orolda yahudiy jamoalari ham koʻp boʻlgan. Sitsiliya amirligida eʼtiqod erkinligiga imkoniyat berilgan edi. Musulmon boʻlmaganlar zimmiy deb nomlangan. Zimmiylar qurol koʻtarib yurishi, otda yurishi, musulmonlar uyidan baland uy qurishi, arab ismlari qoʻyish taʼqiqlangan edi. Ularning uylari musulmonlar uylaridan ajralib turishi uchun maxsus belgilar qoʻyilgan va kiyimlari musulmonlarnikiga oʻxshamasligi uchun boshqacha kiyim kiyishgan[2]. Zimmiylar ikki hil maxsus soliq toʻlashlari kerak edi, ular jizya va xiroj. Bu cheklovlardan faqatgina Islomni qabul qilish orqaligina qutulish mumkin boʻlgan. Haqiqatan ham Sitsiliyaning koʻplab aholisini Islomga oʻtish hollari kuzatilgan. Lekin amirlik mavjud boʻlgan holda ham orolning shimoli-sharqida koʻplab musulmon boʻlmagan jamoalar mavjud edi. Bu jamoalar keyinchalik orolning normanlar tomonidan istilo qilinishi va amirlikning qulashiga katta hissa qoʻshgan edilar[3].

Kalbiriylar sulolasi

tahrir
 
Palermodagi Palazzo Normanni arab rasmi, Normand davrida (taxminan 1150-yil) chizilgan.

Kalbiriylar sulolasi – (948-1053) — Fotimiylar nomidan Sitsiliyada hukmronlik qilgan shia amirlari sulolasi. Sulola asoschisi — Hasan ibn Abdulloh. Kalbiylar Italiya yerlari uchun Vizantiya imperiyasiga qarshi muvaffaqiyatli urush olib borishgan. Kalbiylar hukmronligi davrida Sitsiliya madaniy taraqqiy etdi, savdo rivojlandi, Islom madaniyati Yevropaga kirib bordi. 1040-yildan soʻng Ifriqiya hukmdorlari boʻlmish Ziriylar va vizantiyaliklarning harbiy aralashuvi bilan Sitsiliya amirligi bir nechta mayda amirlikarga boʻlinib ketdi. 1060-yilda Messina, 1072-yilda Palermo va 1085-yilda Sirakuzaning normanlar tomonidan istilo qilinishi Kalbiylar sulolasi hukmronligiga barham berdi. 1091-yilga kelib butun Sitsiliyada normanlar hukmronligi oʻrnatildi.

Sitsiliyada hukmronlik qilgan Kalbiylar sulolasi hukmdorlari

tahrir
  1. Hasan ibn Abdulloh 948-953
  2. Ahmad ibn Hasan 953-970
  3. Ali ibn Hasan 970-982
  4. Johir ibn Ali 982-983
  5. Jaʼfar ibn Muhammad 983-985
  6. Abdulloh ibn Muhammad 985-989
  7. Yusuf ibn Abdulloh 989-998
  8. Jaʼfar ibn Yusuf 998-1019
  9. Ahmad ibn Yusuf 1019-1038
  10. Hasan ibn Yusuf 1040-1053

1044-yildan Sitsiliya amirligi bir nechta mayda amirliklarga boʻlinib ketdi, ayniqsa 1060-yildagi normanlar istilosidan soʻng amirlikning parchalanish jarayoni kuchaydi.

Amirlik

tahrir
 
Sitsiliya amirligi XI asrning birinchi yarmi

Sitsiliyani avval tunislik sunniy Agʻlabiylar sulolasi, soʻng misrlik shia Fotimiylar sulolasi boshqardi. Sulolalar almashinuvi davrida Vizantiya bir necha yil orolning sharqiy qismini egallab turdi. 948-yil fotimiylar hukmdori Ismoil al-Mansur Hasan al-Kalbiyni Sitsiliya amiri (948-964) etib tayinladi. Kalbiy vizantiyaliklarni magʻlub eta oldi va Kalbiylar sulolasiga asos soldi. Kalbiylar amirlik tugatilguncha Janubiy Italiyaga tinimsiz hujum qilib turishdi. 982-yili Muqaddas Rim imperiyasi imperatori Otton II Kalabriyadagi Kroton yaqinida musulmonlardan magʻlub boʻldi.

Amirlikning qulashi Yusuf al-Kalbiy (990-998) hukmronlik yillaridan boshlandi. Al-Akhal (1017-1037) davrida sulola ichida fitnalar boshlandi. Hukmron oilaning bir qismi Vizantiya va barbarlarning Ziriylar sulolasi bilan ittifoq tuzdi. Hasan as-Samsam (1040-1053) hukmronligining boshlarida esa, amirlik oʻzaro dushman boʻlgan mayda davlatchalarga boʻlinib ketdi[4][5]

Arablar Sitsiliyada yer islohoti oʻtkazishdi. Bu islohot Rim imperiyasi davridan beri amalda boʻlgan yirik plantatsiya xoʻjaliklariga qarshi boʻlib, kichik xoʻjaliklarning barqaror rivojlanishiga sabab boʻldi. Ular irrigatsiya ishlarini tartibga solishdi. Apelsin, limon, bodom va qand lavlagi yetishtirishni boshlab berishdi. Palermoning shahar loyihasi asosan arablar davridan buyon oʻzgarmay saqlanib qolgan, masjid oʻrnida esa cherkov turibdi.

Sitsiliya amirligining qulashi

tahrir

Ichki taxt talashuv natijasida amirlik mayda boʻlaklarga boʻlina boshladi. XI asrda musulmonlar tomonidan tez-tez hujumga tutilgan Janubiy Italiyaning koʻplab hukmdorlari norman yollanma askarlaridan yordam soʻray boshlashdi. Buning natijasida normanlar Rojer I boshchiligida Sitsiliyani istilo qilib musulmonlar davlatiga nuqta qoʻyishdi. 1060-yili norman Robert Gviskar uchta taxminan teng kuchli amirlikka boʻlingan Sitsiliya oroliga tajovuz qildi. Xristian aholisi normannlar kelishini xushnudlik bilan kutib oldi. Rojer I Apuliya va Kalabriyani bosib olgach, 700 ritsari bilan Messinani ishgʻol qildi. U 1068-yilda Mizilmeri jangida musulmonlarni tor-mor etdi. Palermo uchun boʻlgan hal qiluvchi jangda normannlar Sitsiliya ustidan toʻla nazorat oʻrnatishdi. Normannlar amir Yusuf ibn Abdullohni taxtdan tushirishdi. Sitsiliyaning alohida hududlari musulmonlar nazoratida edi. Masalan, Enna shahri uzoq yillar amir Ibn al-Havos tomonidan boshqarildi. Uning vorisi Ibn Hamud 1087-yili normannlarga taslim boʻlib xristianlikni qabul qildi. Oʻzining oilasi bilan dvoryanlik imtiyozlariga ega boʻlib, umrining oxirigacha Kalabriyada yashadi. 1091-yili eng soʻnggi musulmon shaharlar — Butera va Noto, shuningdek Malta xristianlarga taslim boʻldi. Bu bilan Sitsiliya amirligi oʻz faoliyatini toʻxtatdi.

Amirlik qulagandan soʻng

tahrir

Normanlarning Sitsiliya qirolligi diniy bagʻrikenglikda farqli edi. Sitsiliyada kamida bir asrlik musulmonlar hukmronligi paytida davlat tillaridan biri hisoblangan arab tili hozirgi sitsiliya tiliga ham taʼsir etgan. Rojer II ning nevarasi Fridrix II Gogenshtaufen (1215-1250) musulmonlarga orolga kelib joylashish va masjidlar qurishga ruhsat berdi. Ular qoʻshinda xizmat qilishi mumkin boʻlib, hatto Fridrixning tanqoʻriqchilari orasida musulmonlar ham bor edi. Shu bilan birga rim papalarining bosimi ostida Fridrix Islomga qarshi choralar koʻrdi. Bu esa sitsiliyalik musulmonlar oʻrtasida qoʻzgʻolonlarga sabab boʻldi, oʻz navbatida bu qoʻzgʻolonlar bostirildi. Fridrix II barcha musulmon aholisini orol ichkarisiga — Lucheraga koʻchirishga buyruq berdi[6]. Koʻchirish jarayoni davomli boʻlib, soʻnggi deportatsiya 1240-yillarda boʻldi. (1300-yili Lucheradagi musulmon koloniyasi Neapol qiroli Karl II tomonidan yoʻq qilindi.) amirlik qulagandan soʻng Sitsiliya aholisi lotinlashtirildi va rim-katolik diniga oʻtkazildi[7].

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. „Brief history of Sicily“ (PDF). Archaeology.Stanford.edu (2009-yil 9-may). 2018-yil 24-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 3-avgust.
  2. Michele Amari, 1933—1939 Storia dei Musulman di Sicilia
  3. Charles Dalli, From Islam to Christianity: the Case of Sicily, с. 153 (Wayback Machine saytida 2010-08-21 sanasida arxivlangan)
  4. Roger II - Encyclopædia Britannica (Wayback Machine saytida 2007-05-23 sanasida arxivlangan)
  5. Inturrisi, Louis. „Tracing the Norman Rulers of Sicily“ (1987-yil 26-aprel).
  6. „Saracen Archers in Southern Italy“ (2007-yil 28-noyabr). 2007-yil 28-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 12-aprel.
  7. Charles Dalli, From Islam to Christianity: the Case of Sicily, p. 160-161 (archived link)