Joʻraxon Sultonov
Joʻraxon Sultonov (1903.29.1 Margʻilon – 1965.19.10) – xonanda, bastakor, Oʻzbekiston xalq hofizi (1939), "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibi (2000)[1].
Joʻraxon Sultonov | |
---|---|
Tavalludi |
29-yanvar 1903-yil |
Vafoti |
19-oktyabr 1965-yil (62 yoshda) Margʻilon |
Fuqaroligi | SSSR |
Mukofotlari |
Ijodi
tahrirKeng diapazonli, kuchli, yumshoq xirildoq va dardli ovoz sohibi. Xonandalik saboqlarini ilk bor otasidan olgan, keyinchalik Madali xofizdan yalla yoʻllarini, Boltaboy Rajabov, Mamatbuva Sattorovlardan katta ashula, Sodirxon hofiz, Mulla Toʻychi hofizlardan maqom yoʻllarini oʻzlashtirgan. Dastlab xalq toʻysayillari, choyxonalarda xizmat qilgan. 1926-yildan Muhitdin Qoriyoqubov rahbarligidagi Oʻzbek davlat konsertetnofafik truppasiga qatnashgan. Margʻilon (1928—1932) va Toshkent (1932—1936 va 1940—1958) teatrlarida, Oʻzbek davlat filarmoniyasi (1936—1939), Oʻzbekiston radioqoʻmitasi (1950—1958)da yakkaxon xonanda. Muqimiy teatrida Parfi hofiz („Tohir va Zuhra“), Norqoʻzi („Nurxon“) kabi rollarni ham ijro etgan.
Sultonov xalq orasida „katta ashula piri“ nomini olgan, shuningdek, yallalar ustasi, askiyachi sifatida ham tanilgan. Shogirdi Ma'murjon Uzoqov bilan 25 yildan ortiq, hamnafaslik qilib, oʻziga xos talqin yoʻlini yaratgan. Repertuaridan „Ushshoq“ va „Sodirxon Ushshogʻi“, „Dugoh Husayn“, „Besh parda Suvora“ va „Savti Suvora“, „Hanuz“, „Chor zarb“, „Chaman yalla“ kabi mumtoz ashula va yallalar, „Bogʻ aro“, „Shafoat“, „Xayrul bashar“, „Otga mindim“ va boshqa katta ashulalar oʻrin olgan. U oʻzbek xalq kuy va usullari asosida bir qancha ashulalar ijod qilgan. „Naylayin“, „Oʻlmasun“ (Navoiy), „Keling, ey ahboblar“ (Furqat), „Bir qadah“ (Chustiy), „Mubtaloman“ (S.Abdulla), „Ming qadam“ (Habibiy), „Bir kelsin“, „Ey dilbari jononim“, „Ohkim“ kabi katta ashulalarni cholgʻu joʻrligida ijro etib yangi uslub yaratgan. Sultonov ijrolari Oʻzbekiston radiosi va Sanʼatshunoslik instituti fonojamgʻarmalarida saqlanmoqda, bir necha grammplastinka, audiokasseta va kompakt disklarga yozilgan. Vafotidan soʻng „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan (2000). 1997-yildan Margʻilonda Joʻraxon Sultonov va Maʼmurjon Uzoqovlar nomidagi Respublika xonandalar tanlovi oʻtkazilmoqda.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |