Suyak boʻgʻim sili
Suyak-boʻgʻim sili epidemiologiyasi soʻnggi oʻn yilliklarda katta oʻzgarishlarga uchradi. Agar avvalgi oʻn yilliklarda suyak-boʻgʻim sili bilan koʻproq bolalar kasallangan boʻlsa, endilikda u asosan keksalarda yuz beradi (P.G. Kornev, 1973).[1] Bundan tashqari, soʻnggi yillarda keksa kishilardagi sil kasalligi xarakteridagi kasalliklarning 72-75 foizi suyak-boʻgʻim sili hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Aʼzolarda uchrashi
tahrirSuyak-boʻgʻim sili koʻpincha bel va koʻkrak umurtqalarini zararlantiradi (sil spondiliti suyak-boʻgʻim silining barcha formalaridagi holatlarning 40 foizini tashkil qiladi). Koʻpincha bu kasallik tos suyagi bilan son suyagini tutashtiruvchi (20 foizi) va tizza boʻgʻimlarida uchraydi. Yassi suyaklarda (qovurgʻalar, koʻkrak, kalla suyaklarida), bilak suyaklarida va barmoq boʻgʻimida (falanga), shuningdek yelka va boldir suyagi bilan tovon suyagini biriktiruvchi boʻgʻimlarda birmuncha kam uchraydi.[1]
Etiologiyasi
tahrirSuyak-boʻgʻim silining turli formalari rivojlanishiga tana jarohatlari va infeksiyaning virulentlik darajasi oʻz taʼsirini koʻrsatadi, ammo, birinchi navbatda, organizm qarshilik koʻrsatish qobiliyatining darajasi asosiy rol oʻynaydi. Agar organizmning qarshilik koʻrsatish qobiliyati yuqumli kasallik bilan ogʻrigan bolalarda keyinchalik yuz bergandek tez pasayib ketsa, jarayon (yashirin infeksiya) tezda faollashishi mumkin.[1]
Patolo-anatomik manzarasi
tahrirOʻzgarishlar asosida spesifik sil granulemasining paydo boʻlishi va rivojlanishi yotadi. Suyak sili spesifik osteomiyelitning paydo boʻlishi bilan xarakterlanadi. Osteomiyelitning kelib chiqishi spesifik qoʻzgʻatuvchining mavjudligi va nospesifik osteomiyelitning paydo boʻlishiga oʻxshashligi, sensibilizatsiyaning yuqori darajada ekanligi va bemornnig allergizatsiyasi bilan aniqlanadi (S.I.Derijonov). Jarayon birinchi navbatda naysimon suyaklarning metafiz va epifizlarini jarohatlaydi, ularda toʻqimalarning kazeoz parchalanishi avj oladi. Suyakda kichkina boʻshliqlar paydo boʻladi, ularda eriyotgan qandga oʻxshash yumshoq dumaloq sekvestrlar koʻzga tashlanadi. Sil osteomiyelitida (ostitda) umurtqalarning gʻovak moddalari ham darhol nekrozga uchraydi va bu hoi toʻqimalarning kazeoz parchalanishi bilan davom etadi. Nekroz sohasida sovuq abssess rivojlanadi. Patologik jarayon asosan umurtqalarning oldingi qismiga taʼsir koʻrsatadi. Bunday hollarda buzilgan qism pastroqdagi umurtqaga „oʻtiradi“, buning natijasida umurtqaning deformatsiyalashishi avj oladi, bukurlik („qibbus“) paydo boʻladi. Umurtqaning sil kasalligi tufayli deformatsiyasi ponasimon shaklda boʻladi. Sovuq abssess birlamchi oʻchoqdan anchagina olisgacha, umurtqa va qovurgʻa bilan qorin orasidagi mushak boʻylab pastga yoʻnalib, chov sohasigacha yetib borishi, hatto sonning oldingi yuzasigacha oʻtishi mumkin. Xaltachasimon granulema deb ataluvchi sovuq abssessda biriktiruvchi gʻovak toʻqima ham, boʻshliqlari ham yalligʻlanadi. Birlamchi ostit (preartrit turi) va ikkilamchi artritni bir-biridan farqlash kerak. Ularga jarayonning boʻgʻim boʻshligʻiga oʻtishi xosdir.[2]
Boʻgʻim sili
tahrirBoʻgʻim sili birlamchi ostit kabi boshlanadi, biroq bu turda jarayon boʻgʻimga yondosh suyakning gʻovak qatlamiga taʼsir koʻrsatadi. Boʻgʻim silining sinovial, fungoz va suyak turlari tafovut qilinadi. Sinovial turida ekssudatning boʻgʻimning sinovial pardalaridan koʻp miqdorda ajralishi bilan taʼriflanadi. Ekssudat butunlay surilib ketishi mumkin. Bunda guruch doni deb ataluvchi fibrin ajraladi (bu holda bemorning zararlangan qoʻl yoki oyogʻining harakati cheklanadi). Fungoz turi yalligʻlanish jarayoni ustunlik qilganda paydo boʻladi. Granulyatsion toʻqima boʻgʻimning butun boʻshligʻini tezda toʻldirib, boʻgʻim kapsulasiga va yon-atrofdagi toʻqimalargacha yetib boradi. Natijada boʻgʻim sezilarli darajada kattalashadi, uning ustidagi teri oqimtir tusga kiradi va yupqalashadi, „oq oʻsma“ („tumor alba“) paydo boʻladi. Sinovial pardalardan boʻgʻim boʻshligʻiga va teri osti toʻqimalariga novdasimon granulyatsion oʻsma („lipoma arborescens“) oʻsib boradi. Granulyatsion toʻqima suyakkacha ham oʻsib boradi: suyak uchlarining yaqinlashuvi natijasida boʻgʻim boʻshligʻi torayadi va suyakning chirish kasalligi („caries siccase“) yuzaga keladi. Boʻgʻim silining suyak turi boʻgʻimning reaktiv yalligʻlanish fonidagi birlamchi ostit manzarasi bilan taʼriflanadi. Yalligʻlanish jarayoni koʻpincha infiltrativ xarakterga ega boʻladi. U oʻsib boruvchi boʻgʻim kontraturasini keltirib chiqaradi, bu hoi oqma yaralar paydo boʻlishi va patologik chiqishlar yuz berishi, shuningdek ikkilamchi infeksiyaning qoʻshilishi bilan davom etadi.[2]
- ↑ 1,0 1,1 1,2 Oripov. Suyak-bo'g'im sili, 2, Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008-yil — 447-449-bet. ISBN 978-9943-08-238-0.
- ↑ 2,0 2,1 Tursunov. Suyak bo'g'im sili. Toshkent: Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 1999-yil — 287-bet. ISBN 978-5-638-01272-9.