Tabiblik – xalq tabobati asosida bemorlarni davolash. Sharq xalqlarida bir necha ming yillik tarixga ega boʻlib, avloddan avlodga oʻtib, rivojlanib kelgan. Avestoda taʼkidlanishicha, tabiblar qaror topgan qonun-qoidalar asosida bemorlarni davolashgan. Tabiblar odamlarni shunchaki giyohlar va maʼdanlardan tayyorlangan dori-darmonlar bilan davolangan, hatto koʻz jarroxligi amaliyotini ham bajarishgan. Oʻrta asrlarda faqat Xorazm va Xurosonda emas, balki savdo va madaniyat markazi boʻlgan Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda ham tabiblar bemorlarni markazlashgan sihatgohlarda davolash bilan shugʻullanishgan. Tabiblar zamonasining oʻqimishli va tibbiyotda maʼlum tajribaga ega kishilari boʻlgan (qarang Sogʻliqni saqlash). Nihoyatda tajribali, yetuk, oʻqimishli tabiblarni xalq hakim deb atagan.

Buqrot (Gippokrat), Jolinus (Galen), Abu Bakr ar Roziy, Abu Ali ibn Sino kabi hakimlar mashhur. 20-asrning 20-yillariga qadar Oʻzbekistonda tibbiyot oʻchogʻi boʻlmaganligi sababli, Tabiblik otadan bolaga oʻtadigan kasb boʻlib kelgan. Tabiblar orasida Abu Ali ibn Sinoning „Tib qonunlari“ kitobidan foydalanib mahalliy giyohlardan turli dorilar tayyorlab singanchiqqanlarni davolagan obroʻ-eʼtiborlilari talaygina. Toshkentlik akauka tabiblar Vosidxon va Xomidxon Zohidxonovlar tibbiyot sohasida ilmiy risolalar yozishgan, terapiya, gigiyena masalalariga ahamiyat berishgan. Toshkentlik Akmalxon Mahmudxonov, Komil Salimov, Ibrohim Shukurov, samarqandlik Usta Toʻxta Nazar oʻgʻli, buxorolik Burxon Saidov va boshqa mashxur tabiblar kishilar dardiga malham boʻlishgan. Ayrim tabiblar esa hayvonlarda tajriba qilib koʻrib, singanchiqqanlarni davolashgan. Tabiblar foydalangan baʼzi bir dorivor vositalar va usullar keyinchalik botanika (dorivor oʻsimliklar), tibbiyot, zoologiya va boshqa ilmiy sohalarning rivojlanishiga asos boʻldi.

Shoʻrolar davrida Tabiblik kasbi maʼlum vaqtgacha vrach faoliyatiga zid qoʻyilib, nihoyatda kamsitib kelindi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng ilmiy tibbiyot bilan bir qatorda Tabiblik kasbi rivoj topib, dorivor oʻsimliklar bilan koʻplab kasalliklarni, singanchiqqanlarni davolayotgan tabiblar ham faoliyat koʻrsatishadi.