Tel Aviv-Yafo — (odatda shunchaki Tel Aviv) Isroildagi Gush Dan metropoliten hududida joylashgan shahar. 474,530 aholiga ega shahar Isroilning Oʻrtayer dengizi qirgʻoq boʻyi mintaqasida joylashgan boʻlib, Tel Aviv mamlakatning iqtisodiy va texnologik markazi va jahonning yuqori texnologiyalar markazlaridan biridir. Agar Sharqiy Iyerusalim Isroilning bir qismi sifatida koʻrilganda Tel Aviv mamlakatning aholi soni boʻyicha ikkinchi oʻrindagi shahri, hisobga olinmaganda esa shahar Isroilning eng koʻp aholiga ega shahridir.

Tel Aviv

תֵּל אָבִיב-יָפוֹ
Shahar
Skyline of Tel Aviv-Yafo
Tel Aviv-Yafo
Bayroq
Tel Aviv-Yafo
Gerb
32°8′0″N 34°47′0″E / 32.13333°N 34.78333°E / 32.13333; 34.78333
Mamlakat Isroil
Tuman Tel Aviv tumani
Hukumat
 • Mer Ron Huldai
Asos solingan 1909-yil, 11-aprel
Maydon 52 km2 (20 kv mi)
Markazi balandligi 5 m
Rasmiy til(lar)i Ivrit
Aholisi
 (2022)
474,530
Zichligi 8,468.2 kishi/km2
Vaqt mintaqasi UTC+2, yozda UTC+3
Telefon kodi +972-3
Pochta indeks(lar)i 61XXXXX
Tel Aviv-Yafo xaritada
Tel Aviv-Yafo
Tel Aviv-Yafo

Shahar mer Ron Huldai rahbarligidagi Tel Aviv-Yafo munitsipal hukumati tomonidan boshqariladi va Isroildagi horij elchixonalarining asosiy qismi Tel Avivda joylashgan. Tel Aviv beta+ global shahar maqomiga ega boʻlib, 2022-yilgi Global Moliyaviy markazlar indeksida 57-oʻrinni egallagan. Tel Aviv Yaqin Sharqda iqtisod hajmi boʻyicha 3-oʻrinni, aholi jon boshiga iqtisod hajmi boʻyicha esa birinchi oʻrinni egallaydi.[1] Tel Aviv global startaplar uchun qulay ekotizimlar roʻyxatida jahonda 4-oʻrinni egallaydi. Bugungi kunda Tel Aviv jahonda yashash narxi boʻyicha eng qimmat shahar hisoblanadi. Shaharga yiliga 2.5 million turistlar tashrif buyuradi.[2][3] Shaharda 30,000 dan ortiq talabalarga ega boʻlgan va Isroildagi eng yirik hisoblangan Tel Aviv universiteti joylashgan.

Shaharga 1909-yilda Yishuv (Isroil davlati tuzilguniga qadar hududda yashagan yahudiy jamoalari) vakillari tomonidan asos solingan va avvaliga Ahuzat Bayit (Ivrit: אחוזת בית, 'Xonadon mulki', 'Yer') nomi berilgan.[4] Bu nom oʻsha davrda Iyerusalim Mutasarrifatligining bir qismi hisoblangan qadimiy port shahar Yaffo tashqarisida zamonaviy turar joy binolari qurish bilan shugʻullanuvchi yahudiy uyushmasining nomi hisoblangan. Bir yil oʻtib shahar nomi 'Tel Aviv' sifatida oʻzgartiriladi va bunga Nahum Sokolow tomonidan Theodor Herzlning 1902-yilgi Altneuland („Qadimiy yangi yer“) asaridagi Tel Abib nomi („Buloq tepaligi“) asos boʻladi. Tel Avivdan oldin ham Yafoda boshqa yahudiy kvartallariga asos solingan boʻlib, ulardan eng dastlabkisi Neve Tzedek tumanidir.[5] 1921-yilda Tel Avivga Yafo munitsipalitetidagi tuman maqomi beriladi va 1934-yiilga kelib Tel Aviv Yafodan mustaqil shaharga aylanadi.[6][7] Yahudiy qochqinlari immigratsiyasi tufayli Tel Aviv shiddat bilan oʻsadi va tez orada aholi soni boʻyicha Yafoni ortda qoldiradi. 1948-yilda Isroil Mustaqillik Deklaratsiyasi shaharda eʼlon qilinadi va Tel Aviv Isroil davlatining dastlabki poytaxti deb eʼlon qilinadi va bu maqom rasman 1950-yilga qadar saqlanib qoladi. 1947-1949-yilgi Arab-Isroil urushidan keyin Yafo shahrining turli qismlari Tel Avivga qoʻshilishni boshlaydi va ikki shahar 1950-yil aprelida Tel Aviv nomi ostida, 1950-yil avgustidan esa Tel Aviv-Yafo nomi ostida toʻliq birlashtiriladi.[8]

Tel Avivdagi 'Oq shahar' (shahardagi 4,000 dan ortiq International uslubda barpo etilgan oq binolar) 2003-yilda UNESCO Jahon meʼroslari roʻyxatiga kiritilgan va Tel Aviv dunyodagi International uslubdagi (jumladan Bauhaus va boshqa modernist uslubdagi meʼmoriy obidalar) binolar eng zich joylashgan shahar hisoblanadi.[9] Shahardagi mashhur nuqtalar safiga Eski Yafo, Eretz Israel muzeyi, Sanʼat muzeyi, Yarkon bogʻi va Tel Aviv qirgʻoqboʻyi sohilini qoʻshish mumkin.

Etimologiyasi

tahrir

Tel Aviv Theodor Herzlning 1902-yilgi Altneuland („Qadimiy yangi yer“) nomli romanining Nahum Sokolow tomonidan ivritga oʻgirilgandagi nomidir. Sokolow bu nomni Bibliyadagi Hizqiyol kitobida keltirilgan Mesopotamiyadagi Bobil shahri yaqinidagi manzilgoh nomi bilan bogʻlaydi. Hizqiyol kitobida keltirilishicha: „Men Kavor daryosining boʻyidagi Tel Ovuvda (Tel Aviv) yashayotgan surgundagilarning oldiga bordim. Oʻsha yerda yetti kun davomida oʻzimga kela olmay gangib oʻtirdim.“[10] Bu nom 1910-yilda bir necha takliflar ichidan tanlangan boʻlib, bu takliflar orasida „Herzliya“ nomi ham mavjud edi. Aynan shu nomning tanlanishiga sabab bu nom yahudiy xalqining qadimiy vatanlarida yana qayta toʻplanishi gʻoyasini yodga keltirar edi. Aviv (אביב, yoki Abib) bu ivritcha soʻz boʻlib, uni „buloq“ deb tarjima qilish mumkin va u uygʻonishni anglatadi. Tell (yoki tel) soʻzi esa sunʼiy tepalik boʻlib, u turli sivilizatsiyalarning bir-biri ustiga qurilishi oqibatida asrlar davomida dunyoga keladi va qadimiylikdan dalolat beradi.

Garchi 1909-yilda Yaffo shimolidagi qum tepalarida asos solingan boʻlsada, Tel Aviv avvalboshdanoq kelajak shahri sifatida tasavvur qilingan. Shahar asoschilari qoʻshni arab shaharlaridagi xarob va irkit sharoitlardan farqli oʻlaroq, Tel Avivning Varshava va Odessa kabi shaharlaridan ruhlanuvchi toza va zamonaviy shahar boʻlishiga umid qilishgan.[11] Shaharga asos solinishini reklama qiluvchi marketing pamfletlarida deyiladi:[11]

Ushbu shaharda koʻchalar quramiz; trotuarlar va elektr chiroqlari boʻladi. Shahardagi har bir uyga xuddi barcha zamonaviy Yevropa shaharlaridagi kabi quvurlar orqali suv keladi. Qolaversa, shahar va shaharliklar sogʻligʻini taʼminlash uchun kanalizatsiya quvurlari oʻrnatiladi. —  Akiva Arieh Weiss, 1906

Tarixi

tahrir
 
Qadimiy Yaffo porti. Bibliyadagi afsonaga koʻra, Yunus shu yerdan dengizga safarga chiqqan va nahang tomonidan yutib yuborilgan.

Devorli Yaffo shahri bugungi Tel Avivning Yangi davrda mavjud boʻlgan yagona qismidir. Biroq Yaffo ming yillar davomida hududdagi muhim port shahar hisoblangan. Arxeologik dalillarga koʻra hududda inson istiqomati alomatlari tahminan m. avv. 7,500-yillarga toʻgʻri keladi. Shaharga kamida m. avv. 1800-yillarda asos solingan. Shahardagi tabiiy bandargohdan Bronza davridan buyon foydalanib kelingan. Usmonlilar hukmi ostidagi hududda Tel Aviv shahriga asos solinguniga qadar Yaffo shahri Kanʼonliklar, Qadimgi Misr, filistinlar, qadimgi Isroil podsholigi, Bobil podsholigi, Ahamoniylar, finikiyaliklar, Ptolemey sulolasi vakillari (Misr), Salavkiylar, Xasmoniy hukmdorlari, rimliklar, Vizantiya imperiyasi, Ilk Islomiy xalifalari, Salibchilar, Ayyubiylar va mamluklar tomonidan boshqarilgan va nihoyat 1515-yilda Usmonli turklar qoʻliga oʻtgan. Shahar turli davlatlar uchun talash nuqtaga ham aytilgan. Shahar Qadimgi Misr hujjatlarida, shuningdek Yahudiy Bibliyasida (Qadimgi Ahd) ham tilga olinadi.

Tel-Avivdagi boshqa qadimiy manzilgohlar qatoriga Tell Qasile, Tel Gerisa, Abattoir tepaligi, Tel Hashash va Tell Qudadi kabilarni keltirish mumkin.

1880-yillardagi birinchi Aliya (koʻchish) davrida hududga sezilarli miqdorda yahudiy immigrantlari koʻchib kela boshladi. Yaffo tashqarisida, bugungi Tel Aviv hududida yangi yahudiy mahallalari dunyoga keldi. Ularning birinchisi Neve Tzedek boʻlib, Yaffoda aholi zichligining oshishi tufayli 1887-yilda Mizrahim yahudiylari Aharon Chelouchega tegishli yerlarda yangi mahallaga asos solishadi.[5] Boshqa shu kabi mahallalar qatoriga Neve Shalom (1890), Yafa Nof (1896), Achva (1899), Ohel Moshe (1904), Karem HaTemanim (1906) kabilarni kiritish mumkin. 1920-yillarda Tel Avivga shahar maqomining berilishi bilan ushbu mahallalar Yaffodan ajralib chiqib, angi tashkil qilingan shahar tarkibiga kiritilgan.

Shaharga asos solinishi: Usmonlilar davri (1904-1917)

tahrir
 
Dastlabki uchastkalarning taqsimlanishi. 1909-yil aprel.

Ikkinchi Aliya manzilgohlarning yanada kengayishiga sabab boʻldi. 1906-yilda bir guruh yahudiylar, jumladan Yaffoda yashovchi yahudiylar, Akiva Aryeh Weiss tashabbusiga koʻra toʻplanib, Ahuzat Bayit („turar-joy“) jamiyatini tashkil qilishadi. Jamiyatning maqsadlaridan biri „Sogʻlom muhitga ega, estetika qoidalari va zamonaviy gigiyena talablariga koʻra rejalashtirilgan yahudiy urban markazini“ tashkil etish edi.[12] Yangi shahar uchun reja tuzish ishlariga oʻsha davrda yuzaga kelgan va ommalashayotgan bogʻchashahar harakati ('garden city movementʼ) sezilarli taʼsir koʻrsatadi.[13] Dastlabki 60 uchastka Yaffo yaqinidagi Kerem Jebali (Karm al-Jabali) nomli joyda Gollandiya fuqarosi Jacobus Kahn tomonidan sotib olinadi. U Turkiya hukumati tomonidan yahudiylarning yer sotib olishini taʼqiqlovchi qonunni chetlab oʻtish uchun uchastkalarni oʻz nomiga rasmiylashtiradi.[14] Keyinchalik Tel Avivning birinchi meri sifatida xizmat qilgan Meir Dizengoff ham Ahazut Bayit jamiyatiga aʼzo boʻladi.[15] U Tel Avivni rivojlantirish maqsadini arab aholisi bilan tinchlikda yashash orqali amalga oshirishni orzu qilgan.

 
Nahalat Binyamin koʻchasi, Tel Aviv. 1913-yil.

1909-yil 11-aprelda 66 yahudiy oilalari Yaffo yaqinidagi kimsasiz qum tepaligida chigʻanoqlar bilan lotoreya tashkil qilib, sotib olingan yerni boʻlib olish uchun yigʻiladi. Ushbu yigʻilish Tel Aviv shahriga asos solingan rasmiy sana hisoblanadi. Lotoreya turar-joy jamiyatii prezidenti Akiva Aryeh Weiss tomonidan tashkillashtiriladi.[16] Weiss qirgʻoqdan yarmi oq, yarmi qora rangdagi 120 dona chigʻanoq yigʻib keladi. Jamiyat aʼzolarining nomlari oq chigʻanoqlarga, taqsimlangan uchastka raqamlari esa qora chigʻanoqlarga yozib chiqiladi. Bir bola bir qutidagi nomlar yozilgan chigʻanoqlardan birini tanlaydi, boshqa bir qiz esa ikkinchi qutidagi raqam yozilgan chigʻanoqlardan birini tanlaydi. Fotograf Abraham Soskin (1881-yiilda Rossiyada tugʻilgan, 1906-yilda Aliya qilgan) voqeani suratga oladi.[17] Aynan shu joyda birinchi quduq qaziladi va bu joy bugungi kunda Rothschild bulvarida, Dizengoff uyi tashqarisida joylashgan. Bir yil ichida Herzl, Ahad Haʼam, Yehuda Halevi, Lilienblum va Rothschild koʻchalari bunyod etiladi; suv taʼminoti tizimi oʻrnatiladii va 66 uy qurilishi yakunlanadi.[13] Herzl koʻchasi oxirida 1906-yilda Yaffoda tashkil etilgan Herzliya Ivrit oʻrta maktabining yangi binosi uchun joy ajratiladi.[13] bu bino uchun tamal toshi 1909-yil 28-iyul kuni yotqiziladi. Shaharcha avvaliga Ahuzat bayit deb nomlanadi. 1910-yil 21-may kuni Tel Aviv nomi qabul qilinadi.[13] Tel Aviv shahrining bayrogʻi va tugʻida qizil rangli Dovud yulduzi ostida Bibliyadagi Yeremiyo kitobidan olingan ikki soʻz bitilgan: Men (Xudo) seni qaytadan bunyod etaman. Sen qayta bino boʻlasan.[18] Tel Aviv keng koʻchalar va bulvarlari bor, har bir uyda vodoprovod suvlari oʻrnatilgan va koʻcha chiroqlari mavjud mustaqil yahudiy shahri sifatida loyihalashtirilgan va qurilgan.

1914-yilga kelib Tel Aviv hajmi 1 km2ga oʻsadi.[13] 1915-yilda Tel Aviv aholini roʻyxatdan oʻtkazish amalga oshiriladi va aholi soni 2,679 kishi ekani qayd etiladi. Biroq, 1917-yilda Usmonli hukumati Yaffo va Tel Aviv istiqomatchilarini urush chorasi sifatida hududdan haydab chiqarishi bilan shahar oʻsishi toʻxtab qoladi.[13] AQSHning Misrdagi Aleksandriya shahridagi konsuli Garrels tomonidan The New York Times nashrida chop etilgan reportajida Yaffo deportatsiyasini 1917-yil aprel oyi boshida ekani aytiladi. Koʻchirish buyrugʻi asosan yahudiy aholisiga qaratilgan edi.[19] Keyingi yilning oxirida Usmonlilarning urushda magʻlub boʻlishi bilan Britaniya Falastin ustidan nazoratni qoʻlga oladi va keyin yahudiylarning Tel Avivdagi oʻz uylariga qaytishlari uchun ruxsat beriladi.

Shaharcha tezda immigrantlarni oʻziga jalb qiluvchi nuqtaga aylanadi va mahalliy faol bu borada quyidagilarni yozadi:[20]

Immigrantlarning Tel Avivga kelishlariga sabab ular shaharchada oʻzlari Yevropada oʻrgangan barcha qulayliklarni topgani edi. Shaharchada elektr taʼminoti, suv, nisbatan ozodalik, kinoteatr, opera, teatr, qolaversa nisbatan yaxshi maktablar … tirband koʻchalar, gavjum restoranlar, tungi soat 2 gacha ochiq kafelar, qoʻshiq, musiqa va raqs madaniyati mavjud edi.

Britaniya maʼmuriyati

tahrir
 
1930-yilda Falastinda aholi roʻyxatdan oʻtkazilishi xaritasi. Yaffo munitsipal hududida (qizil) Yaffo (yashil) va Tel Aviv (koʻk) shaharchalarining chegaralari

Birinchi Jahon urushi davomida Tel Aviv Yaffo munitsipalitetining boshqa qismlari bilan birga Britaniya imperial armiyasining 1917-yil oxiridagi Sinay va Falastin kampaniyasida istilo qilinadi va 1948-yilga qadar Britaniya tomonidan boshqariluvchi Falastin mandatining bir qismiga aylanadi.

Yaffoning tumani sifatida tashkil etilgan Tel Aviv 1921-yilda shaharcha, yaʼni mahalliy kengashga ega munitsipal birlik maqomiga ega boʻladi.[6][21]1922-yilda Britaniya mandati hukumat vakillari tomonidan amalga oshirilgan aholini roʻyxatdan oʻtkazishda Tel Aviv aholisi 15,185 (15,065 yahudiylar, 78 musulmonlar, 42 xristianlar) kishi ekani qayd etilgan.[22] 1925-yilga kelib Tel Aviv aholisi 34,000 kishidan oshdi. 1931-yilgi aholini roʻyxatga olishda Tel Aviv aholisi soni 46,101 kishi (45,564 yahudiylar, 288 dinsizlar, 143 xristianlar, 73 arablar) 12,545 xonadonda istiqomat qilayotgani qayd etilgan.

Britaniya maʼmuriyati davrida yahudiylarning hududda koʻchib kelishi koʻpayishi bilan Falastinda yashovchi arablar va yahudiylar orasidagi nizolar ham jiddiylasha boshladi. 1921-yil 1-may kuni Yaffodagi qoʻzgʻolon 48 arab, 47 yahudiyning oʻlimiga, 146 yahudiy va 73 arabning jarohat olishiga sabab boʻldi. Ushbu qon toʻkilishlari oqibatida Yaffoda yashovchi koʻplab yahudiylar Tel Avivga koʻchib ketishdi.

Tel Aviv savdo-sotiq markazi sifatida rivojlana boshladi.[23] 1923-yilda Tel Aviv Falastindagi elektr tarmogʻiga ulangan birinchi shaharchaga aylandi va oʻsha yili undan keyin Yaffoga elektr tarmogʻi yetib keldi. 1923-yil 10-iyundagi Jaffa Electric Company quvvatxonasining ochilishi marosimida Tel Avivdagi ikki bosh koʻchalarning elektrlashtirilishi nishonlandi.[24]

1925-yilda shotland biologi, sotsiologi, xayriyachisi va shahar loyihachisi Patrick Geddes Tel Aviv uchun Geddes rejasini ishlab chiqdi va ushbu shahar loyihasi keyinchalik Meir Dizengoff boshchiligidagi shahar kengashi tomonidan qabul qilindi. Geddes tomonidan shaharchaning shimoliy qismini rivojlantirish loyihasi Ebenezer Howardning garden city harakati gʻoyalariga asoslangandi.[25] Rejada toʻrt asosiy jihat mavjud boʻlib, ular: toʻr shaklida loyihalashtirilgan ierarxik koʻchalar tizimi, shaharning mayda turar-joylar guruhlaridan iborat kvartallarga boʻlinishi, ushbu kvartallarning markaziy ochiq maydonlar atrofida toʻplanishi va shahar markazida madaniy muassasalar va inshootlarning toʻplanib, shahar markazini tashkil qilishi edi.[26] Garchi shahar shimolining asosiy qismi shu rejaga koʻra loyihalashtirilgan boʻlsada, 1930-yillarda Yevropadan qochqinlarning oqib kelishi shaharda koʻproq joy egallovchi balandroq turar joy binolarining qurilishini zaruratga aylantirdi.[27]

1930-1931-yillar davomida yangi ishchilar turar-joy kompleksi doirasida Ben Gurion Uyi barpo etildi. Aynan shu davrda Ohel teatrining ochilishi va Habima teatrining 1931-yilda Tel Avivga koʻchib kirishi bilan yahudiy madaniy hayoti ham gurkirab rivojlana boshladi.[13]

1934-yilgi Yaffodan munitsipal mustaqillik

tahrir
 
Shadal ko'chasi, 1926-yil

1934-yilda Tel Avivga Yaffodan mustaqil munitsipal birlik maqomi berildi.[6][7] Germaniyada natsistlar hokimiyatga kelishi bilan Beshinchi Aliya davrida yahudiy aholisi misli ko'rilmagan darajada o'sdi.[13] Falastinga ko'chib kelgan ko'plab yahudiy immigrantlari Yaffo porti orqali mamlakatga kirib keldi va Tel Avivga kelib o'rnashib, shahar hayotining gurkirab rivojlanishiga sabab bo'ldi. 1936-1939-yillardagi Arab qo'zg'oloni va ikki aholi orasidagi kelishmovchiliklar 1938-yilda yangi mahalliy port — Tel Aviv portining ochilishiga sabab bo'ldi. Bu port 1965-yil 25-oktyabrida yopildi. 1937- va 1938-yillarda Lydda aeroporti (keyinchalik Ben Gurion aeroporti) va Sde Dov aeroporti ochildi. Jewish Virtual Library ma'lumotlariga ko'ra Tel Avivning yahudiy aholisi 1937-yilda 150,000 kishiga (Yaffoda asosan arablardan iborat 69,000 kishi yashardi), 1939-yilda esa 160,000 kishiga yetib, bu Falastindagi yahudiy aholisining uchdan birini tashkil qilardi.[13] 1938-yildagi Qishloq statistikasi (Falastin mandatidagi aholini ro'yxatdan o'tkazishga javobgar komissiya) Tel Avivda barchasi yahudiylardan iborat 140,000 kishi istiqomat qilayotganini belgilaydi.[28]

 
Rothschild bulvari, 1930-yillar.

Ko'plab Germaniyalik yahudiy arxitektorlari Germaniyadagi modernist arxitektura maktabi hisoblanmish Bauhaus maktabida tahsil olib, 1930-yillar davomida Germaniyani tark etishga majbur bo'lishdi. Ulardan ba'zilari, misol uchun Arieh Sharon, Falastinga keldi va Bauhaus va boshqa arxitektura uslublarini yangi vatanlaridagi sharoitlarga moslashtirishdi va bu bilan Tel Avivni International uslubdagi binolar eng zich joylashgan shaharga aylanishiga o'z hissalarini qo'shishdi. [9]

Tel Avivning "Oq shahri" 1930-yillar davomida barpo etildi va 2003-yilda UNESCO Jahon me'roslari ro'yxatiga kiritildi. Ikkinchi Jahon urushi davomida Tel Aviv Italiya havo kuchlari zarbalariga uchradi va oqibatda shaharda 137 kishi halok bo'ldi.

1945-yildagi Qishloq statistikasi Tel Aviv aholisini 166,660 kishi ekanini va ulardan 166,000 yahudiylar, 300 "boshqalar", 230 xristianlar va 130 musulmonlar ekanini qayd etadi.[29]

 
Tel Aviv, Allenby ko'chasi, 1940-yil.

Falastin mandatidagi yahudiy partizanlik harakatlari davomida yahudiy Irgun va Lehi partizanlari Britaniya harbiylariga, shahardagi politsiya va hukumat vakillariga hujumlar uyushtirishdi. 1946-yilda King David mehmonxonasi portlatilganidan keyin Britaniya hukumati "Shark operatsiyasi"ni amalga oshiradi va ushbu operatsiya davomida butun shahar ustidan komendantlik nazorati o'rnatiladi va butun shahar bo'ylab yahudiy jangarilari izlanib, shahar aholisining asosiy qismi so'roqqa tutiladi. 1947-yil mart oyidagi Falastin mandatidagi harbiy holat davrida butun shaharda Britaniya hukumati tomonidan 15 kun davomida harbiy holat e'lon qilinadi. Shaharda butkul komendantlik soati e'lon qilinib, shaharliklarga kuniga atigi 3 soat erkinlik beriladi. Britaniya kuchlari butun shahar bo'ylab jangarilarni izlaydi. Shularga qaramasdan, Tel Aviv va Falastindagi boshqa hududlarda yahudiy partizanlari hujumlari sodir bo'lishda davom etdi.

 
Eski Tel Aviv markaziy avtobus stansiyasi, 1941-yilda ochilgan.

BMT tomonidan qabul qilingan 1947-yilgi Falastinni ikki qismga — Arab va Yahudiy qismlariga bo'lish Rejasiga ko'ra Tel Aviv bo'lg'usi Yahudiy davlati tarkibiga kirishi belgilanadi. 1945-yil ma'lumotlariga ko'ra jami 101,580 aholiga ega, ulardan 53,930 musulmon, 30,820 yahudiy va 16,800 xristian bo'lgan Yaffo esa Arab davlatining bir qismi bo'lishi rejalashtirilgandi. Butun mamlakat bo'ylab boshlangan fuqarolar urushi tegishli tarzda yahudiy va arab davlatining tarkibiga kirishi kerak bo'lgan Tel Aviv va Yaffo shaharlari orasida ham to'qnashuvlarga olib keldi. Bir necha oy davom etgan qamaldan keyin 1948-yil 13-may kuni Yaffo yahudiy kuchlari tomonidan egallandi va arab aholisi ommaviy tarzda shaharni tark etdi.

Isroil davlati

tahrir
 
Dizengoff uyi (bugungi Mustaqillik Holli) tashqarisida omma 1948-yilgi Isroilning mustaqillik Deklaratsiyasini nishonlamoqda.

1948-yil 14-may kuni Isroil davlati mustaqilligining e'lon qilinishi bilan Tel Aviv vaqtinchalik Isroil davlatininig hukumat markazi sifatida xizmat qildi. Isroil Mustaqillik urushi davomida shahar Misr samolyotlari tomonidan bombardirovka qilindi va Misr kemalari snaryadlari zarbalariga uchradi. Bu zarbalar oqibatida tahminan 150 kishi halok bo'ldi. Bu hujumlardan eng qonlisi markaziy avtobus stansiyasiga bo'lgan hujum bo'lib, unda 42 kishi halok bo'ldi.[30] 1948-yil 3-iyun kuni isroillik uchuvchi Modi Alon harbiy reyd davomida ikki Misr bombardirovschik samolyotlarini urib tushirishi bilan Isroil harbiy havo kuchlari o'zining birinchi g'alabasini nishonladi. Shaharda shu davrda shuningdek "Altalena ishi" ham sodir bo'lgan bo'lib, unda Isroil Mudofaa kuchlari (IMK) Irgunning o'z maqsadlari uchun horijdan qurol-yaroq import qilish amaliyotlariga chek qo'ydi.

 
Tel Aviv, 1961-yil.
 
Tel Aviv, 1970-yil.

1949-yil dekabrida Isroil hukumati Iyerusalimga ko'chib o'tdi. Iyerusalimning maqomi bo'yicha xalqaro bahslar sabab ko'pchilik elchixonalar Tel Aviv va uning atrofida qolishdi.[31] Tel Aviv va Yaffo shaharlarining chegaralari masalasi 1948-yilda Tel Aviv shahri va Isroil hukumati orasida tortishuvlarga sabab bo'ldi.[8] Tel Aviv shahar hukumati Yaffoning faqat shimoliy, yahudiy aholisi istiqomat qiluvchi qismlarini o'ziga qo'shishni xohlasa, Isroil hukumati to'liq birlashuvga chaqirdi.[8] Bu masala xalqaro ahamiyat kasb etardi, zero Yaffoning asosiy qismi BMT Falastinni bo'lish rejasining Arab davlati qismiga tegishli edi, qolaversa hali sulh shartnomasi ham imzolanmagan edi.[8] 1948-yil 10-dekabr kuni Isroil hukumati Yaffoning yahudiy qismlarini, falastinliklar yashovchi Abu Kabir mahallasini, Salama arab qishlog'i va unga tegishli ba'zi dehqonchilik yerlarini va yahudiy Hatikva xarobalarini Tel Avivga anneksiya qilinganini e'lon qildi.[8] 1949-yilda aholisi tashlab ketgan al-Shaykh Muwannis falastinliklar qishlog'i ham Tel Avivga qo'shib olindi.[8] 1949-yil 18-may kuni Manshiya va Yaffoning markaziy qismidagi bir qancha hudud — shuningdek birinchi bora BMT Rejasining Arab davlati qismiga tegishli hududlar ham Tel Avivga qo'shib olindi.[8] Hukumat 1949-yil 4-oktyabr kuni Tel Aviv va Yaffoning birlashishi bo'yicha saylov o'tkazdi, biroq Tel Aviv meri Israel Rokachning qarshiliklari sabab qaror 1950-yil 24- apreliga qadar joriy qilinmadi.[8] Birlashgan shaharning rasmiy nomi 1950-yil 19-avgustga qadar Tel Aviv deb nomlandi va shu kundan boshlab tarixiy Yaffo nomini saqlab qolish maqsadida Tel Aviv-Yafoga o'zgartirildi.[8] Shunday qilib, Tel Aviv hududi o'sib, 42 km2 maydonni egalladi. 1949-yilda Tel Avivga asos solgan 60 kishiga atab yodgorlik bunyod etildi.[32]

1960-yillarda ba'zi eski binolar vayron qilinib, mamlakatdagi dastlabki osmono'par binolar uchun maydon yaratildi. Tarixiy Herzliya Yahudiy Gimnaziyasi vayron qilindi va uning o'rnida 1965-yilda Shalom Meir Tower bunyod etildi. Bino 1999-yilga qadar Isroildagi eng baland bino sifatida qoldi. Tel Aviv aholisi soni 1960-yillar boshlarida o'z cho'qqisiga chiqib, 390,000 kishi bilan mamlakatning 16 foizini tashkil qildi. 1970-yillar boshlarida Tel Aviv uzoq davom etgan aholi soni qisqarishini boshdan kechirdi va uning ketidan shahar infrastrukturasining yemirilishi kirib keldi. 1981-yilga kelib Tel Avivda nafaqat tabiiy aholi soni qisqarishi, balki absolyut aholi qisqarishi ham sodir bo'la boshladi.[33] 1980-yillar oxirida shaharda 317,000 keksa aholi mavjud edi. Qurilishi ishlari Tel Avivning ichki, markaziy qismlarini tark etib, shahar tashqarisiga va qo'shni shaharlarga ko'chib keta boshladi. 1970-yillardan boshlab Tel Aviv istiqomatchilarining ommaviy tarzda shaharni tark etib, yaxshi turar joy sharoitlariga ega bo'lgan qo'shni Petah Tikva va Rehovot kabi shaharlarga ko'chib ketishlari sodir bo'ldi. Yom Kippur urushi bu jarayonlarni yanada tezlashtirdi.[33] Tiqilinch turar joy sharoitlari va turar-joy narxlarining balandligi Tel Avivdan oilalarning ko'chib chiqib ketishiga sabab bo'ldi va yoshlarning ko'chib kelishini qiyinlashtirdi. 1970-yillardan boshlab Tel Aviv odamlar tasavvurida yemirilayotgan shahar taasurotini qoldira boshladi.[34] Shahar aholisi 20% ga qisqardi.[35]

Kishilar tasavvuridagi Tel Avivning yemirilishi manzarasi Yaakov Shabtai kabi romannavistlar uchun mavzu sifatida xizmat qildi. U o'zining Sof Davar (Yakun) va Zikhron Devarim (O'tmish xotiralar) romanlarida yemirilayotgan shaharni tasvirlaydi.[34] Xuddi shu o'zgarishlarni 1980-yilda yozilgan va shaharning ekzistensial muammolarini ko'taruvchi "Is Tel Aviv Dying?" nomli maqolada kuzatish mumkin: "Shaharliklar shaharni tashlab ketmoqda, tadbirkorlar turar-joy hududlariga suqilib kirmoqda, iqtisodiy va ijtimoiy tengsizliklar, chiriyotgan mahallalar, iflos havo — "birinchi yahudiy shahri" qismat sekin o'limmi? Tel Aviv arvohlar shahriga aylanadimi?"[34] Biroq boshqalar buni o'tuvchi davr sifatida tasvirlashdi. 1980-yillar oxiriga kelib shaharning kelajagi haqida kishilarda nisbatan optimistik fikrlar shakllana boshladi. Shahar va undagi diskotekalar shuningdek shahar tashqarisida va qo'shni shaharlarda yashovchi isroilliklar uchun tungi hayot markaziga aylandi. 1989-yilga kelib Tel Avivda yangi "Nonstop City" laqabi (shahardagi tungi hayot, 24/7 madaniyatiga ishora) paydo bo'ldi va bu uning oldingi "Birinchi yahudiy shahri" laqabini siqib chiqara boshladi.[36] Ushbu davrda shaharda barpo etilgan eng yirik loyiha bu 1983-yilda qurib bitkazilgan va Isroildagi birinichi Shopping Mall hisoblangan Dizengoff Center edi. Boshqa loyihalar qatoriga 1987-yilda qurib bitkazilgan Marganit Towerni, 1989-yilda ochilgan Suzanne Dellal Raqs va Teatr markazini va 1973-yilda ochilgan va 1989-yilda hozirgi binoga ko'chirilgan Tel Aviv Cinemathequeni keltirish mumkin.

 
Yitzhak Rabinning o'ldirilishiga ta'ziya bildiruvchi lavha, Carmel bozori, Tel Aviv, 1995-yil.

Isroil tomonidan 1980-yilda Iyerusalim qonunining qabul qilinishiga BMTning javob chorasi sifatida 1980-yillar boshlarida Iyerusalimdagi 13 ta elchixona Tel Avivga ko'chib keldi. Bugungi kunda ko'pchilik davlatlarning Isroildagi elchixonalari Tel Aviv va uning atrofida joylashgan.[37] 1990-yillar boshlarida Tel Aviv aholisi sonining qisqarishi to'xtab, vaziyat o'nglana boshladi. Bunga qisman sobiq Sovet Ittifoqidan kelgan immigrantlar sabab bo'ldi. Tel Avivga sobiq Sovet Ittifoqidan 42,000 migrantlar kelib o'rnashdi. Ularning ko'pchiligi ilmiy, texnologik, tibbiy va matematik sohalarda tahsil olgandi.[35] Bu davrda shahardagi muhandislar soni ikki karra ko'paydi.[38] Tez orada Tel Aviv global yuqori texnologiyalar markazi sifatida shakllana boshladi. Uniing ketidan esa ko'plab osmono'par binolar va yuqori texnologiyali ofis binolari qurilishi boshlandi. 1993-yilda Tel Aviv global shahar sifatida tan olina boshlandi. Lekin shahar ma'muriyati yangi immigrantlar ko'chib kelishi bilan yangi muammolarga duch kela boshladi. Ko'p yillar davomida Tel Avivning soliq to'lovchilar bazasi qisqarishni boshdan kechirayotgan bir paytda shahar ma'muriyati shaharning yemirilib borayotgan infrastrukturasi va turar joylariga ajratish uchun pulga ehtiyoj sezayotgandi. 1998-yilda Tel Aviv bankrotlik yoqasiga kelib qoldi.[39] 1990-yillar o'rtalarida shaharda falastinlik xudkushlar hujumlari, Ikkinchi Intifadaning yakunlanishi va shuningdek shaharning tezlik bilan o'sayotgan yuqori texnologiyalar sektoriga ta'sir qilgan nuqta-com pufagi — bularning barchasi shahardagi iqtisodiy qiyinchiliklarni yanada jiddiylashishiga olib keldi. 1995-yil 4-noyabr kuni Isroil Bosh vaziri Yitzhak Rabin Tel Avivda Oslo tinchlik bitimlarini qo'llab-quvvatlab o'tkazgan nutqidan keyin otib o'ldirildi. Bu voqea sodir bo'lgan maydon (oldingi nomi Kikar Malchei Yisrael) Rabin maydoni deb qayta nomlandi.[40]

 
1991-yilgi Ko'rfaz urushi davomida Iroqning Scud raketalarini to'xtatish uchun Patriot raketalari otilmoqda.

1991-yilgi Ko'rfaz urushi davomida Iroq Scud raketalari bilan Tel Avivga bir necha bora hujum uyushtirdi. Iroq Isroilning harbiy harakatlar bilan javob qaytarishiga va shu bilan AQSH-Arab ittifoqini buzishga umid qilgandi. AQSH Isroilni javob qaytarmaslikka undadi. Isroil esa bu talabga ko'ndi. AQSH va Niderlandiya hukumatlari hujumlardan himoyalanish uchun Isroilga Patriot raketalarini tezlik bilan yetkazib berishdi, biroq asosan ulardan naf bo'lmadi. Tel Aviv va boshqa Isroil shaharlariga urush davomida Scud raketalari bilan hujumlar davom etdi va Bnei Brak shahridan tashqari Tel Aviv hududidagi har bir shahar hujumga uchradi. Iroq hujumlaridan jami 74 isroillik (asosan bo'g'ilish va yurak hurujlari sabab) halok bo'ldi va tahminan 230 isroillik jarohatlandi.[41][42] Keng ko'lamli vayronagarchiliklar ham sodir bo'lib, 4,000 isroillik boshpanasiz qoldi. Aholi orasida Iroq asab agentlari yoki sarin bilan to'ldirilgan raketalar bilan hujum qilishidan qo'rquv mavjud edi. Oqibatda Isroil hujumati fuqarolarni gaz niqoblari bilan ta'minladi. Dastlabki Iroq raketalari hujumlari sodir bo'lganda ba'zi odamlar o'zlarini asab gazlariga qarshi antidot ukollar qilishdi. Hatikva shahri janubi-sharqiy mahallari fuqarolari farishta shaklidagi yodgorlik o'rnatib, unda "ko'pchilik odamlar Scud raketasi hujumlaridan saqlanib qolganliklarini ulkan mo'jiza sifatida ko'rishi" aks etgandi.[43]

 
Dizengoff markazi 1996-yilgi terrorchilik harakatlaridan so'ng

Birinchi Intifadadan buyon Tel Avivga bir qator falastinliklar hujumlari uyushtirildi. Tel Avivdagi birinchi xudkushlik hujumi 1994-yil 19-oktyabrda sodir bo'lib, unda Hamas xudkushlik kampaniyasi doirasida xudkush 22 fuqaroning o'limiga va 50 kishining jarohatlanishiga sabab bo'ldi. 1996-yil 6-mart kuni Hamas xudkushi Dizengoff Markazi terroristik hujumida ko'pchiligi bolalar bo'lgan 13 kishining (12 fuqarolar va 1 askar) o'limiga sabab bo'ldi.[44] 1997-yil 27-mart kunidagi Café Apropo portlatilishida Hamas terroristi uch ayolning o'limiga sabab bo'ldi.

 
2018-yilda buzilgan Tel Aviv Dolphinarium. Bu joyda 2001-yilda terroristik hujum sodir bo'lgan bo'lib, unda 21 kishi, asosan o'smirlar, halok bo'lgan.

Eng qonli hujumlardan biri Ikkinchi Intifada davrida, 2001-yil 1 iyun kuni sodir bo'lib, unda xudkush terrorist Dolphinarium diskotekasi foyesida o'zini portlatdi va asosan o'smirlardan iborat 21 kishini o'ldirib, 132 kishini jarohatladi.[45] Yana bir Hamas xudkushi Allenby ko'chasi avtobus portlatishi bilan olti fuqaroni halok qilib, 70 kishini jarohatladi.[46][47][48] Tel Aviv markaziy avtobus stansiyasi qotilligida 23 fuqarolar o'ldirildi va 100 kishi jarohat oldi. Al-Aqsa shahid brigadalari hujum uchun javobgar ekanlarini e'lon qildi. Mike's Place xudkushlik hujumida Britaniyalik musulmon xudkush barga hujum qilib, uch fuqaroning o'limiga va 50 dan ortiq kishining jarohatlanishiga sabab bo'ldi. Hamas va Al-Aqsa shahid brigadalari hujum uchun javobgarlikni o'z bo'ynilariga oldi. 2005-yil 25-fevralda Stage Club portlatilishida Islomiy jiihod xudkushi 5 kishining o'limiga va 50 dan ortiq kishining jarohat olishiga sabab bo'ldi. Shahardagi eng so'nggi xudkushlik hujumi 2006-yil 17-aprelda sodir bo'ldi va unda eski markaziy avtobus stansiyasi yaqinida xudkush 11 odamning o'limiga va kamida 70 kishining jarohat olishiga sabab bo'ldi.

2011-yil 29-avgust kuni yana bir hujum sodir bo'lib, unda falastinlik terrorist taksi mashinasini o'g'rilab, uni mashhur Haoman 17 tungi klubini qo'riqlayotgan politsiya nuqtasiga kelib urdi. Mashina urilgandan keyin unda chiqib, terrorist 2,000 isroillik o'smirlar bilan to'lgan klubga kirib, sakkiz kishini jarohatladi.[49] Isroil chegara politsiyasi to'siqlarining mavjudligi, qolaversa chegara politsiyasining aralashuvi bilan yanada ko'proq qon to'kilishining oldi olindi.[50]

 
Isroil havo kuchlariga tegishli F-16I Sufa qiruvchi samolyotlari Tel Aviv osmonida

2012-yil 21-noyabr kuni Mudofaa Ustuni operatsiyasi davomida Tel Aviv hududiga raketa hujumlari uyushtirildi va Ko'rfaz urushidan buyon birinchi marotaba shaharda havo hujumi sirenalari yangray boshladi. Otilgan raketalarning barchasi shahar yaqinida o'rnatilgan Iron Dome raketa mudofaa batareyasi tomonidan urib tushirildi, ba'zilari aholi yashamaydigan joylarga borib tushdi. Operatsiya davomida avtobusning portlatilishi oqibatida kamida 28 fuqarolarning jarohatlanishiga, ulardan uchtasining o'ta og'ir jarohat olishiga sabab bo'ldi. Bu Isroil, Rossiya va AQSH tomonidan terroristik hujum deb nomlandi va BMT, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya hujumni qoraladi. Hamas vakili Sami Abu Zuhri esa tashkilot hujumni "olqishlashini" e'lon qildi.[51] 2021-yilgi Isroil-Falastin inqirozi davomida Tel Aviv metropoliten hududi tomonga 300 dan ortiq raketa otildi.

Tel Avivdagi Modernist binolarni muhofaza qilish uchun yangi qonunlar qabul qilindi va UNESCO tomonidan Tel Avivning "Oq shahrini" 2003-yilda Jahon merosi obyekti sifatida tan olinishi bu ishlarga ko'mak sifatida xizmat qildi. 2000-yillar boshlarida Tel Aviv shahar hokimiyati shaharga yoshlarni jalb qilishga e'tibor bera boshladi. Hukumat shahardagi asosiy bulvarlarga sarmoya kiritdi va shinam piyodalar yo'lkalarini yaratish ishlari boshlandi. Oldingi sanoatlashgan hududlar, xususan oldingi tashlandiq holdagi Shimoli Tel Aviv porti hududi va Yafo temir yo'l stansiyasi hududlari o'zgartirilib, ko'ngilochar hududlarga aylantirildi. Janubiy Tel Avivdagi kambag'al kvartallarda ham yaxshilanish ishlari boshlandi va ko'pchilik eski binolar ta'mirlana boshlandi.

Tel Aviv haqida qisqa video (Israeli News Company)

2000-yillarda Tel Avivning demografik qiyofasi o'zgardi va shahar yoshlarni o'ziga jalb qila boshladi. 2012-yilga kelib shahar aholisining 28 foizi 20 va 34 yosh oralig'ida edi. 2007-2012-yillar oralig'ida shaharning o'sish sur'ati 6.29 foizni tashkil qildi. Aholinining tiklanishi va sanoat sektorlarining o'zgarishi bilan shaharning moliyaviy ahvoli ham yaxshilandi va 2012-yilga kelib shahar byudjeti musbatga o'zgardi va shahar AAA+ kredit reytingiga ega bo'ldi. 2000-yillar va 2010-yillarning boshlarida Tel Aviv asosan Sudan va Eritreyadan o'n minglab noqonuniy migrantlarni o'ziga jalb qildi va bu shaharning ba'zi qismlari demografik qiyofasini o'zgarishiga sabab bo'ldi.[52] 2009-yilda Tel Aviv o'zining rasmiy yuz yilligini nishonladi. Shahar va mamlakat miqyosida o'tkazilgan bayramlarga qo'shimcha tarzda tarixiy materiallarning raqamli kolleksiyalari yaratildi. Bularni rasmiy Tel Aviv-Yafo yuz yilligi vebsaytining Tarix qismidan ham ko'rish mumkin. Ular qatoriga Tel Aviv asoschi oilalariga tegishli fotosuratlar va biografiyalarni p'z ichiga oluvchi Ahuzat Bayit to'plamini[53] va shahar tarixini qayd etuvchi Stanford Universiteti Eliasaf Robinson Tel Aviv to'plamini keltirish mumkin. Bugungi kunda Tel Aviv global shahar maqomi uchun kuchli nomzodlardan sanaladi.[54] O'tgan 60 yil davomida Tel Aviv jo'shqin tungi hayotga ega, café madaniyati rivojlangan dunyoviy, liberal dunyoqarashli shaharga aylandi.[55]

Sanoati

tahrir

Tel Aviv – mamlakatning moliya va sanoat markazi. Isroildagi yagona fond birjasi va uning banklari hamda sugurta kompaniyalari, mamlakat sanoat korxonalarning 50 % Tel-avivda joylashgan. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: metallsozlik, toʻqimachilik, elektronika. Shuningdek, mashinasozlik, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, poligrafiya, koʻnpoyabzal sanoatlari ham rivojlangan. Qurilish materiallari, mebel ishlab chiqariladi. Olmosga sayqal berish korxonalari mavjud.[56] Hunarmandchilikda diniy buyumlar tayyorlanadi.

Galereya

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. „Global Financial Centres Index #23“ (PDF). longfinance.net. 22-avgust, 2018-yil.
  2. Goldman, Yoel. „MasterCard ranks Tel Aviv as fifth most visited city in Middle East and Africa“. The Times of Israel. Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  3. „Tourists rank Jerusalem and Tel Aviv among top cities to visit“. Haaretz.com. Qaraldi: 2025-yil 15-fevral.
  4. Dvir, Noam (Dabul). „The promised landfill: 106 years of garbage in Tel Aviv“ (en). Ynetnews (2015-yil 27-iyul). Qaraldi: 2025-yil 15-fevral.
  5. 5,0 5,1 Elkayam, Mordechai. Yafo – Neve-Tzedek, Rashita shel Tel-Aviv (Ivrit). Ministry of Defence, 1990 — 199-bet. 
  6. 6,0 6,1 6,2 Goren, Tamir (2016). „Tel Aviv and the question of separation from Jaffa 1921–1936“. Middle Eastern Studies. № 52 (3). 473–487-bet. doi:10.1080/00263206.2015.1125340. ISSN 0026-3206. „Once Tel Aviv had won municipal status (the so-called Tel Aviv Township) in 1921, it strove to amend the relevant legislation by rescission of the clauses that placed it under Jaffa municipality's supervision. In the succeeding years, this question became increasingly to the fore, and demanded a speedy solution. Together with the Tel Aviv's ambition of independence as a Hebrew city with its own autonomous Hebrew government, some members of the township's council did not favour separation from the mother city Jaffa. In the mid-1920s, the view consoli- dated among the town councillors that Tel Aviv's subjection to Jaffa municipality had to be annulled, and it must be granted its deserved status as an independent Hebrew city.“{{cite magazine}}: CS1 maint: date and year ()
  7. 7,0 7,1 M. Gorion (Wager). Introduction to the History of Local Government in Israel (Ivrit). Jerusalem: University of Tel Aviv, 1957 — 184–185-bet. 
  8. 8,0 8,1 8,2 8,3 8,4 8,5 8,6 8,7 8,8 Golan, Arnon (1995). „The demarcation of Tel Aviv-Jaffa's municipal boundaries“. Planning Perspectives. № 10. 383–398-bet. doi:10.1080/02665439508725830.
  9. 9,0 9,1 „The White City of Tel Aviv“ (PDF). UNESCO.
  10. Hizqiyol 3:15
  11. 11,0 11,1 Shavit, Yaacov „Telling the Story of a Hebrew City“, . Tel-Aviv, the First Century: Visions, Designs, Actualities Azaryahu, Maoz; Ilan Troen, Selwyn: . Indiana University Press, 2012 — 1–12-bet. ISBN 978-0-253-22357-9. 
  12. Araviot, Iris (2011). „Mythical Dimensions of the Tel-Aviv Century“. The International Journal of the Arts in Society. № 6 (2). 237–258-bet. doi:10.18848/1833-1866/CGP/v06i02/35994.
  13. 13,0 13,1 13,2 13,3 13,4 13,5 13,6 13,7 13,8 „From Spring Hill to Independence“. Jewish Virtual Library.
  14. Azoulay, Yuval. „Jacobus Street, corner of Oblivion“ (en). Haaretz.com. Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  15. Bridger, David. The New Jewish Encyclopedia. Behrman House, Inc., 1906 — 117-bet. ISBN 978-0-87441-120-1. 
  16. Azaryahu, Maoz „Tel Aviv's Birthdays: Anniversary Celebrations, 1929–1959“, . Tel-Aviv, the First Century: Visions, Designs, Actualities Azaryahu, Maoz; Ilan Troen, Selwyn: . Indiana University Press, 2012 — 31-bet. ISBN 978-0-253-22357-9. 
  17. Levin, Nicole. „Abraham Soskin: Snapshots of History“. The Times of Israel (2021-yil 26-dekabr). Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  18. Yeremiyo 31:4
  19. The New York Times Current History. The New York Times Company. 1917. p. 167.
  20. Shavit, Yaacov „Telling the Story of a Hebrew City“, . Tel-Aviv, the First Century: Visions, Designs, Actualities Azaryahu, Maoz; Ilan Troen, Selwyn: . Indiana University Press, 2012 — 8-bet. ISBN 978-0-253-22357-9. 
  21. M. Gorion (Wager). Introduction to the History of Local Government in Israel (Ivrit). Jerusalem: University of Tel Aviv, 1957 — 184–185-bet. 
  22. Palestine Census (1922).
  23. Glass, Joseph B.. From New Zion to Old Zion: American Jewish Immigration and Settlement in Palestine, 1917–1939. Wayne State University Press, 2002. ISBN 978-0-8143-2842-2. 
  24. Shamir, Ronen. Current Flow: The Electrification of Palestine. Stanford: Stanford University Press, 2013. ISBN 978-0-8047-8868-7. 
  25. Levine, Mark (2007). „Globalization, Architecture, and Town Planning in a Colonial City: The Case of Jaffa and Tel Aviv“. Journal of World History. № 18 (2). 178-bet. doi:10.1353/jwh.2007.0013.
  26. Welter, Volker M (2009). „The 1925 Master Plan for Tel-Aviv by Patrick Geddes“. Israel Studies. № 14 (3). 100-bet. doi:10.2979/ISR.2009.14.3.94.
  27. Welter, Volker M. (2009). „The 1925 Master Plan for Tel-Aviv by Patrick Geddes“. Israel Studies. № 14 (3). 115-bet. doi:10.2979/ISR.2009.14.3.94.
  28. Village Statistics (PDF). 1938. p. 55.
  29. Village Statistics (PDF). 1945. p. 28.
  30. Amit Naor. „When the Egyptians Bombed Tel Aviv“ (2020-yil 3-fevral). Qaraldi: 2025-yil 17-fevral.
  31. „Tel Aviv & Jaffa“.
  32. "Founders Monument and Fountain". Fodor's.
  33. 33,0 33,1 Interregional Migration: Dynamic Theory and Comparative Analysis Weidlich, Wolfgang; Haag, Günter: . Springer, 2012 — 164-bet. ISBN 9783642730498. 
  34. 34,0 34,1 34,2 Azaryahu, Maoz. Tel Aviv: Mythography of a City. Syracuse University Press, 2007 — 132-bet. 
  35. 35,0 35,1 Municipality of Tel Aviv-Yafo. The Strategic Plan for Tel Aviv Yafo. Israel: Strategic Planning Unit, 2006 — 26-bet. 
  36. Azaryahu, Maoz. Tel Aviv: Mythography of a City. Syracuse University Press, 2007 — 131-bet. 
  37. "Embassies and Consulates in Israel". Israel Science and Technology Homepage. Israel Science and Technology
  38. Goldberg, U.. What's Next for the Start up Nation?. Indiana: Authorhouse, 2012 — 15-bet. 
  39. "A Global City, An Interview with The Honorable Ron Huldai, Mayor, Tel Aviv-Yafo". Leaders. Vol. 36, no. 3. 2013.
  40. Pedahzur, Ami. The Triumph of Israel's Radical Right. Oxford University Press, 2012. ISBN 978-0-19-990882-0. 
  41. "The Gulf War". Jewishvirtuallibrary.org.
  42. Fetter, Steve; Lewis, George N.; Gronlund, Lisbeth (1993). „Why were Casualties so low?“ (PDF). Nature. № 361 (6410). London: Nature Publishing Group. 293–296-bet. Bibcode:1993Natur.361..293F. doi:10.1038/361293a0.
  43. "Spiritual places in modern Israel". Christ2020.de.
  44. Schmemann, Serge. „BOMBING IS ISRAEL: THE OVERVIEW;4TH TERROR BLAST IN ISRAEL KILLS 14 AT MALL IN TEL AVIV; NINE-DAY TOLL GROWS TO 61“ (en-US). The New York Times (1996-yil 5-mart). Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  45. Fisher, Ian. „In Hamas's Overt Hatred, Many Israelis See Hope“ (en-US). The New York Times (2006-yil 29-yanvar). Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  46. Steele, Jonathan. „Tel Aviv bus bomb shatters hopes of truce“ (en-GB). The Guardian (2002-yil 20-sentyabr). Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  47. „Fatal bus blast rocks Tel Aviv“ (en-GB) (2002-yil 19-sentyabr). Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  48. Schmemann, Serge. „Suicide Bomber Kills 5 on a Bus in Tel Aviv“ (en-US). The New York Times (2002-yil 20-sentyabr). Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  49. „Terror Attack Outside Tel Aviv Nightclub Filled With 2,000 Teenagers“. ABC News (2011-yil 29-avgust). Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  50. Kubovich, Yaniv. „Terror Attack in Tel Aviv Leaves Eight Wounded“. Haaretz (2011-yil 29-avgust). Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  51. „Israel-Gaza crisis: Tel Aviv bomb blast on bus“ (en-GB). BBC News (2012-yil 21-noyabr). Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  52. פליטים או מהגרי עבודה ממדינות אפריקה [Afrika davlatlaridan kelgan qochqiinlar va migrant ishchilar (PDF) (Ivrit)]. Research Center, National Defense College and Chaikin Chair in Geostrategy, University of Haifa, Dekabr 2009. 
  53. "Ahuzat Bayit Collection". (Ivrit).
  54. Kipnis, B.A.. Tel Aviv, Israel – A World City in Evolution: Urban Development at a Deadend [sic] of the Global Economy. Globalization and World Cities Study Group and Network at Loughborough University, 2001. 
  55. Alford, Henry. „Seizing the Day in Tel Aviv“ (en-US). The New York Times (2008-yil 20-iyul). Qaraldi: 2025-yil 16-fevral.
  56. „Tel Aviv“. Jewish Virtual Library. 2012-yil 3-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 25-avgust.(ingl.)