Temurshoh Durroniy−Ahmadshohning toʻngʻich oʻgʻli hamda valiahdi, 1741 yilda Eronning Mozandaron viloyatida dunyoga keldi. Bu vaqtda Ahmadxon hali Nodir Afshor xizmatida boʻlib, shoh tomonidan shu viloyat hokimi etib tayinlangan, bundan oldin esa Nodirshoh saroyining yasavulboshisi vazifasida xiz¬mat qilgan edi. Nodirshoh 1747 yilda saroy fitnasi natijasida oʻldiril¬gach, yuqorida aytilganidek, Ahmadxon qoʻl ostidagi jangchilarni olib Qandahorga qaytdi, oilasi — Temurshoh va uning onasini esa Mashhadda qoldirdi. U ikki yildan keyingina oilasi va yosh shahzodani Qandahorga olib keldi. Ahmadshoh 1756 yildagi Hindistonga qilgan yurishida shahzoda Temurni ham oʻzi bilan birga olib ketadi, shu safar davo-mida uni uylantirib, Panjob viloyatining hokimi etib tayin-laydi. Oradan toʻrt yil oʻtgach esa, otasi shahzodani Hirot vi¬loyati hokimi etib tayinlaydi va u to Ahmadshoh oʻlimigacha, yaʼni 13 yil davomida shu yerda qoldi. Temurshoh 1773 yilda ota¬si vafoti xabarini olgach Qandahorga keldi va taxtni egalladi. Koʻrinib turganidek, Temurshoh taxtni egallaguniga qadar koʻproq Xurosonda, forsiyzabon muhitda yashadi va tabiiy ravishda uning dunyoqarashi, madaniy va adabiy didi ana shu muhit taʼsirida shakllandi. Buning natijasi oʻlaroq, u taxtni egallaganidan bir yil oʻtiboq poytaxtni Qandahordan Kobulga koʻchirdi. Saroy madaniy muhitining shakllanishiga barakali taʼsir koʻrsatgan bu ishning boshqa siyosiy sabablari ham bor edi. Temurshohning poytaxtni koʻchirishga majbur qilgan muhim sabablardan biri uning durroniy qabila xonlari bilan boʻlgan munosabatidagi mushkilliklar edi. Birinchidan, Ahmadshoh oʻlimidan keyin vazir Shoh Valixon boshliq saroy ahli Temurni chetga surib, uning ukasi Sulaymonni podshoh qilib koʻtardilar. Temur Hirotdan koʻp sonli harbiy kuch bilan kelgach esa, Sulaymon taxtni tashlab qochishga majbur boʻldi, vazir Shoh Valixon va uni qoʻllab-quvvatlagan bir necha xonlar qoʻlga oli¬nib qatl etildi. Temurning bu ishi durroniy xonlari orasida norozilik uygʻonishiga sabab boʻldi. Ikkinchidan, Kobul davlatning shimoliy va ayniqsa, xazinaga keladigan tushumning ulkan qismini taʼminlab turgan sharqiy viloyatlarga yaqinroq joylashgani mamlakatni idora qilishda birmuncha afzalliklarga ega edi. Poytaxtning Qandahordan Kobulga koʻchirilishi davlat miqyosida dariy tili mavqeining yana ham yuqori koʻtarilishiga olib keldi. Endilikda dariy tili ham xoʻjalik sohasida, ham madaniyat va adabiyot sohasida asosiy tilga aylandi. Saroy adabiy muhitida ham dariyzabon ijodkorlar yuqori mavqeʼni egalladilar. Temurshoh oʻz faoliyati davomida siyosiy va xoʻjalik jihatidan markaziy hukumat rolini oshirishga, mamlakatni obodonlashtirishga, fan va madaniyatni rivojlantirishga harakat qildi. Buning uchun u tajribali meʼmorlar, xoʻjalik yurituvchi kishilarni ishga jalb etdi, koʻzga koʻringan adiblar, xattotlar va sanʼat namoyandalarini saroyga toʻpladi. U bu ishni faqat saroy hayoti anʼanasiga rioya qilgani uchungina qilmas, balki oʻzi tabiatan umrini koʻngilxushlik bilan oʻtkazishni xush koʻrgani uchun ham qilar, atrofiga adabiyot va sanʼat namoyandalarini yigʻardi. U bir sheʼrida shunday yozgan edi: پیش از آنکه از تو فلک داده خود بستاند، خذ من العیش نصیباً و من العمر نصاب .

Falak senga bergan umrni qaytarib olishdan avval –

Hayotdan senga nasib qilganini olgin va senga berilgan umrni yashagin. Boshqa oʻrinda esa, u dunyo tashvishlari tugamasligi, shuning uchun inson oʻz hayotini koʻngli istagandek oʻtkazishi lozimligini taʼkidlaydi. بکام دل گذران عمر خود شه تیمور، که واردات غم دهررا شماری نیست . Shoh Temur, umringni koʻngling istagandek oʻtkazgin, Chunki dunyo gʻamlarining son-sanogʻi yoʻqdir.

Adabiyotlar

tahrir
  1. Mannonov A. Afgʻoniston xalqlari folklori va mumtoz adabiyoti tarixi, 140 bet.
  2. Foʻfalzoyi, Temurshoh Durroniy, 451 bet