Mullajonov Tohir Ohunovich (1950-yil 10-oktabr, Margʻilon, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR) – davlat arbobi, uzoq yillar ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda xizmat qilgan, general-mayor.

Mullajonov Tohir Ohunovich
Tavalludi 10-oktyabr 1950-yil (1950-10-10) (74 yosh)
Margʻilon, Fargʻona, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Xizmatdagi yillari 1969—1971-yillar
Unvoni General-mayor
Mukofotlari 2-darajali Shon-sharaf ordeni
Bilimi Oliy maʼlumotli
Otasi Mullajon Oxunov
Onasi Robaxon Oxunova

Biografiyasi

tahrir

Tohir Mullajonov 1950-yil 10-oktyabrda Margʻilonda, dehqon oilasida dunyoga keldi. Otasi – Mullajon Oxunov, onasi – Robaxon Oxunova. Tohir Mullajonov oilada besh farzandning kenjasi hisoblanadi[1].

Taʼlim

tahrir

Margʻilon shahridagi oʻrta maktabning 8-snfini tamomlab, Tohir Mullajonov 1965-yilda Margʻilondagi tibbiyot bilim yurtida oʻqishni davom ettiradi. Bilim yurtidagi oʻqishini tugatishi bilanoq 1969–1971-yillarda Tinch okeanidagi harbiy flotda muddatli harbiy xizmatni oʻtaydi. 1973-yilda Toshkent Oliy militsiya maktabiga oʻqishga kiradi. 1982-yilda Moskva shahridagi sobiq Ittifoq Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida oʻqiydi.

Ish va xizmat faoliyati

tahrir

Tohir Mullajonov muddatli harbiy xizmatdan qaytgach, Oltiariq tumanidagi Fayziobod mahalliy kasalxonasida feldsher boʻlib ishlaydi. Toshkent Oliy militsiya maktabini tamomlab, yoʻllanma orqali Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi shtabida inspektor, katta inspektor, keyinchalik Fargʻona shahar Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qiladi. Moskva shahridagi sobiq Ittifoq Ichki ishlar vazirligi Akademiyasini tamomlab Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimida xizmatni davom ettiradi va keyinchalik Qoʻqon shahar ichki ishlar boʻlimi boshligʻi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasida boshqa turli lavozimlarda xizmat qiladi. Tohir Mullajonov 1992-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat-qidiruv bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. 1997-yildan boshlab xizmatni Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimida davom ettiradi. Tohir Mullajonov rahbarligi davrida Forish va Baxmal tumanlari ichki ishlar boʻlimlarining yangi binolari foydalanishga topshirildi. Jizzax shahri va Zomin tumanlarining ichki ishlar boʻlimlari binolari taʼmirlandi. Tohir Mullajonov 2001—2002-yillarda Buxoro viloyati, 2002—2004-yillarda Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmalariga rahbarlik qildi. 2002-yilda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Tohir Mullajonov buyrugʻi bilan „Mehnat va shuhrat“ muzeyi tashkil etilgan[2]. 2004—2006-yillarda Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida xizmat olib bordi. 2005-yil may oyida Andijon viloyatida sofdir etilgan tartibsizliklarni bartaraf etishda faol ishtirok etadi. 2006–2007-yillarda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga rahbarlik qildi. 2007—2016-yillar davomida Toshkent harbiy bilim yurti boshligʻining oʻrinbosari, 2017—2018-yillarda Jizzax viloyati Xalq qabulxonasi mudiri sifatida faoliyat olib bordi. 2018-yildan boshlab faoliyatini Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mudiri sifatida davom ettirmoqda[3][4].

General-mayor

tahrir

Tohir Mullajonov Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2003-yil 11-yanvardagi Farmoniga muvofiq „General-mayor“ unvoniga sazovor boʻldi.

Mukofotlari

tahrir

Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2000-yil 27-avgustdagi PF-2703-son Farmoniga asosan 2-darajali Shon-sharaf ordeni bilan mukofotlangan[5]. 2018-yilda Doʻstlik ordeni bilan taqdirlangan[6].

Manbalar

tahrir

Havolalar

tahrir