Tojikiston depressiyasi
Tojikiston depressiyasi – Hisor-Olay, Pomir va Hindukush togʻlari orasidagi tektonik botiq. Mezozoy, paleogen va neogen choʻkindilari bilan toʻlgan.
Tojikiston depressiyasi HisorOlay togʻ tizmasi janubida, Uzbekistan, Tojikiston, Afgʻoniston hududlarida joylashgan. Gʻarbda Koʻhitang, sharqda Pomir, janubida Hindukush va Bandi Turkiston togʻlarigacha choʻzilgan. Orografik jihatdan 2 qismga boʻlinadi. Shimoliy qismida Hisor vodiysi, janubiy qismida Tojikistonning past va oʻrtacha balandlikdagi tizmalari oʻrin olgan. Hisor vodiysi Hisor tizmasining janubidan boshlanib, janubi-gʻarbda Bobotogʻ tizmasigacha choʻzilgan. Tojikiston depressiyasining zamini tokembriy jinslari, paleozoy—quyi triasning terrigenkarbonat, vulkanik choʻkindi va intruziv jinslaridan tarkib topgan. Strukturasi mezokaynozoyda jiddiy oʻzgarmagan. Neogen oxiri — antropogen boshlarida bukilma hamda koʻtarilmalar dislokatsiyaga uchragan va murakkab burmali Tojikiston vigratsiyasi vujudga kelgan. Mezokaynozoy jinslaridan neft, tabiiy gaz, yonuvchi slanets, toshtuz, qurilish materiallari konlari topilgan. Kuchli zilzilalar, tabiiy geografik jarayonlar (togʻ qulashi, surilmalar, sel) sodir boʻlib turadi.
Iqdimi keskin kontinental, qishi iliq, yozi issiq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —6° dan 3,6° gacha, iyulniki 23,2° dan 32,4° gacha, eng baland temperatura 49,5°. Yillik yogʻin 119–154 mm, togʻlarda 700 mm gacha. Yirik daryolari: Panj, Vaxsh, Kofarnihon, Qizilsuv, Surxondaryo, Qunduz, Boʻz. Tuprogʻi allyuvialoʻtloq va boshqa tuproklar. Subtropik choʻl, chala choʻl, togʻdasht, oʻrmon, oʻtloqdashtli yerlarda efemer, shuvoqefemer, buta, archa, baland boʻyli oʻtlar oʻsadi. Hayvonlardan boʻri, tulki, bugʻu, qamishzor mushugi, gʻar xil ilonlar, qushlar yashaydi.
Qazilma boyliklardan neft, gaz, tuzlar, koʻmir, qurilish materiallari, mineraltermal suv manbalari bor. Ingichka tolali paxta yetishtirish, bogʻdorchilik, tokchilik, subtropik oʻsimliklar uchun iqlim sharoiti qulay. Gidrotexnik inshootlardan GES, suv omborlari (Norak, Janubiy Surxon) qurilgan, tunnel barpo etilgan, Palangdara (Tigrovaya balka), Ramit, Dashti Jush kabi qoʻriqxonalar tashkil etilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |