Toshbaqalar
Toshbaqalar (Testudines) – sudralib yuruvchilar turkumi. Tanasi suyakmuguz yoki suyakteri sovut bilan qoplangan. Sovut orqa (karapaks) va qorin (plastron) qalqondan iborat. Koʻpchilik toshbaqalarning tuzilishi qadimgi davrdan hozirgacha deyarli oʻzgarmagan. Sovutining uzunligi 12 sm dan 2 m gacha. Toshbaqalar koʻzi va hid bilish organlari yaxshi rivojlangan, lekin yomon eshitadi. Tishlari boʻlmaydi, jagʻi tumshuqqa oʻxshash muguz plastinkalar bilan qoplangan. Umurtqa pogʻonasi – boʻyin va dum boʻlimlari harakatchan, boshqa qismlari karapaks bilan birlashib ketgan. Sovutning boʻlishi tufayli oyoqlar kamari suyaklar, qovurgʻalar ostiga siljigan. 250 ga yaqin turi bor. 2 kenja turkum (yashirin boʻyinlilar va yonbosh boʻyinlilar) ga ajratiladi. Yashirin boʻyinlilar (Cryptodira) 8 oila: kaymansimon toshbaqalar, chuchuk suv toshbaqalari, quruqlik toshbaqalari, dengiz toshbaqalari, terili toshbaqalar, yumshoq tanali toshbaqalar va boshqalarni; yonbosh boʻyinli toshbaqalar pelameduzasimonlar va ilon boʻyinlilar oilalarini oʻz ichiga oladi.
Toshbaqalar | ||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Biologik klassifikatsiya | ||||||||||
| ||||||||||
Testudines | ||||||||||
Ekologik jihatdan toshbaqalar dengiz va quruqlik toshbaqalariga ajratiladi. Quruqlik toshbaqalari Antarktikadan tashqari barcha qitʼalarda va koʻpchilik orollarda, dengiz toshbaqalari dunyo okeanining tropik va subtropik hududlarida, qisman, bareal qismida tarqalgan. Quruqlik toshbaqalari sovuq tushganda qishki, qurgʻoqchilik paytida yozgi uyquga ketishi mumkin. Quruqlik va dengiz toshbaqalari, asosan, oʻtxoʻr, chuchuk suv toshbaqalari, odatda, etxoʻr (baliqlar, suvda va quruqlikda yashovchilar, umurtqasizlar bilan oziqlanadi). Toshbaqalar bir necha oy oziqlanmasdan yashashi mumkin. Quruqlikda juftlashadi. Ayrim turlari yil davomida uch martagacha va undan ham koʻp marta bir necha 100 tagacha tuxum qoʻyadi. Tuxumlari sharsimon yoki ellipssimon; quruqlik toshbaqalarida teri ohak poʻchoq, dengiz va chuchuk suv toshbaqalarida poʻst bilan qoplangan. Koʻpchilik turlarining inkubatsiya davri 2—3 oy (fil toshbaqasiniki 6—7 oy). 2—3 yilda jinsiy voyaga yetadi. Toshbaqalarning oʻsishi cheklanmagan, faqat voyaga yetgan davrida sekinlashadi. Bir necha oʻn yil, baʼzan 150 yilgacha yashaydi. Baʼzi toshbaqalarning goʻshti, yogʻi, tuxumi, baʼzan muguz qalqonidan foydalaniladi. Ayrim mamlakatlarda toshbaqalarni koʻpaytirib boqadigan fermalar bor. Oʻrta Osiyoda, jumladan, Oʻzbekistonda choʻl toshbaqalari Testudo harsfi eldi tarqalgan. Choʻl toshbaqalari bahor oylari uyqudan uygʻonadi; oʻsimlik maysalari bilan oziqlanib, qisman ekinlarga ziyon yetkazadi. Issiq yoz va sovuq qishda uyquga ketadi. Kuz quruq kelganida yoz uyqusi qish uyqusiga ulanib ketishi mumkin. Toshbaqalar soni kamayib borayotganligi sababli muhofaza qilinadi. 38 turi va kenja turi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ Turtle Taxonomy Working Group. Turtles of the World: Annotated Checklist and Atlas of Taxonomy, Synonymy, Distribution, and Conservation Status, 8th, Chelonian Research Monographs (no. 1), Chelonian Research Foundation: Turtle Conservancy, 2017 — 10, 24-bet. DOI:10.3854/crm.7.checklist.atlas.v8.2017. ISBN 978-1-5323-5026-9. OCLC 1124067380. Qaraldi: 2018-yil 20-yanvar.
Adabiyotlar
tahrir- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.