Toshturgʻun Ergashev
Ergashev Toshturgʻun (1937 yil 15-may, Namangan viloyati – 2024 yil 25 oktyabr, Toshkent shahri) – iqtisod fanlari doktori, professor.
Ergashev Toshturgʻun | |
---|---|
Tavalludi |
15-may,1937 Namangan viloyati, Yangiqoʻrgʻon tumani, Kalishox qishlogʻi |
Fuqaroligi | O'zbekiston |
Sohasi | Konchilik muhandisi, iqtisodchi |
Taʼlimi | Oʻrta Osiyo Politexnika instituti |
Akademik rahbarlari | professor Surmilo Grigoriy Vasil'evich (Moskva sh.), Veselkov Fridrix Stepanovich (S.-Peterburg sh.) |
Dini | Islom |
Hayoti va mehnat faoliyati
tahrir1937-yil 15-mayda Namangan viloyati, Yangiqoʻrgʻon tumani Kalishox qishlogʻida xizmatchi oilasida tugʻilgan.
1946-1954-yillarda Chortoq tumani Koroskon qishlogʻidagi 6-sonli oʻrta maktabda oʻqida va uni aʼlo baholar bilan tugatdi.
1954-1959 yillarda Oʻrta Osiyo politexnika institutining Konchilik fakultetida muhandislik ilmidan taxsil oldi.
1959-1961-yillarda Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Konchilik boʻlimida kichik ilmiy xodim sifatida ilmiy faoliyat bilan shugʻullandi.
1961-yil Moskva Konchilik institutining “Konchilik iqtisodiyoti” mutuxassisligi boʻyicha aspiranturasiga oʻqishga kirdi va 1965-yilda “Ohangaron koʻmir-kaolin konlarida yangi texnikani joriy qilishning iqtisodiy samaradorligi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
1965-1982-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot institutida katta ilmiy xodim va boʻlim mudiri sifatida faoliyat koʻrsatdi.
1981-yilda u Oʻzbekiston sanoatida ishlab chiqarishni iqtisodiy ragʻbatlantirishning mintaqaviy muammolari mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1982-yilda u professorlik ilmiy unvoniga sazovor boʻldi.
1982-yilda u Toshkent xalq xoʻjaligi institutiga (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) ishga taklif etildi va 1984-yilgacha u yerda “Siyosiy iqtisod” kafedrasiga mudirlik vazifasida ilmiy-pedagogik faoliyatini olib bordi.
1983-1985-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumida ilmiy muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish kengashi raisining oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatdi.
1985-yili Toshkent politexnika instituti Namangan filialiga direktorlik vazifasiga yuborildi.
Professor Ergashevning saʼi-harakatlari natijasi oʻlaroq ushbu filial bazasida 1991-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan Namangan sanoat-texnologiya instituti tashkil etildi.
Institut 1998-yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutiga, 2019-yilda Namangan muhandislik-qurilish institutiga aylantirildi.
1992-yilda Oʻzbekiston muhandislik akademiyasining akademik-maslahatchisi etib saylangan.
1998-2006-yillar davomida Fargʻona vodiysi viloyatlaridagi oliy oʻquv yurtlari rektorlarining mintaqaviy kengashi raisi sifatida samarali faoliyat koʻrsatdi.
Institut rahbari sifatida 20 taga yaqin xorijiy davlatlarda xizmat safarlarida boʻlib, Turkiya, AQSh, Hollandiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Isroil, Hindiston kabi mamlakatlarning yetakchi universitetlari bilan akademik hamkorlik aloqalariga asos solgan.
Ergashev tashabbusi va saʼy-harakatlari bilan Namangan viloyatida tashkil etilgan institutni, xususan, Iqtisodiyotni tashkil etish va boshqarish (Menedjment) fakultetini bitirib chiqqan 20 mingdan ziyod yuqori malakali mutaxassislar ichida oʻnlab viloyat va tuman hokimlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, yuzlab fan doktorlari, professor va dotsentlarning yetishib chiqqani uni respublikamizdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri ekanidan dalolatdir.
2007-yildan umrining ohirigacha Namangan muhandislik-qurilish institutning “Menejment” kafedrasi professori sifatida faoliyat koʻrsatdi.
Qoʻshimcha ma'lumotlar
tahrirToshturgʻun Ergashev nomi Buyuk Britaniyaning Kembridj shahridagi Xalqaro biografiya markazi tomonidan 2000-yilda chop etilgan “XX asrning 2000 nafar atoqli intellektuallari” nomli kitobiga kiritilgan[1].
Bir necha bor viloyat va shahar kengashlariga deputat etib saylangan.
Fan va taʼlim sohasidagi xizmatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
64 yillik turmush hamrohi Zumrad Ergasheva bilan 2 farzand va 7 nevarani tarbiya qildi. 2009-yilda Xaj safarini amalga oshirdi.
2009-yilda Xaj safarini amalga oshirdi.
Ilmiy-pedagogik ishlari
tahrirErgashevning ilmiy rahbarligida 20 dan ortiq fan doktorlari va nomzodlari tayyorlangan.
Uning ilmiy, oʻquv-uslubiy ishlari va pedagogik faoliyatining natijalari 5 ta monografiya, 3 ta darslik, 2 ta oʻquv qoʻllanma va 100 dan ortiq ilmiy maqolalarda oʻz ifodasini topdi.
Asosiy ilmiy ishlari:
- Эргашев Т. и др. Экономическая реформа в промышленности Узбекистана. Ташкент. «Фан», 1969
- Эргашев Т. и др. Фонды экономичеккого стумилирования в промышленности Узбекистана. Ташкент. «Фан», 1971
- Эргашев Т. Проблемы экономического стумилирования промышленного производства. Ташкент. «Узбекистан», 1974
- Эргашев Т. и др. Повышение эффективности общественного производства В Узбекистане. Ташкент. «Фан», 1979
- Эргашев Т. и др. Экономические проблемы повышения качества промышленной продукции в Узбекистане. Ташкент. «Фан», 1980
- Эргашев Т. Экономические рычаги повышения эффективности производства. Ташкент. «Узбекистан», 1983.
- Ergashev T., Ismatov R. Iqtisodiy savodxonlik asoslari. Oʻquv qoʻllanma. Toshkent: “Sharq”, 2001.
- Ergashev T. Iqtisodiy atamalarning oʻzbekcha-ruscha-inglizcha lugʻati. Toshkent: “Sharq”, 2001.
- Ergashev T. Bozor iqtisodiyoti (kasb-xunar kollejlari uchun darslik). Toshkent: “Oʻqituvchi”, 2002. (2005 va 2012-yillarda qayta ishlangan ba to'ldirilgan)
Ilmiy taxriri ostida chop etilgan oʻquv qoʻllanmalar:
- Axmedov R. Avtotransportda menejment. N.: “Faxrizoda” 2000.
- Sirojiddinov I., Yuldashev A. Aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etish va boshqarish. N.: “Faxrizoda” 2000.
- Abdullaev O., Ismoilov R. Kichik va oʻrta biznesni boshqarish. N.: “Faxrizoda” 2000.
- Yuldashev A., Sirojiddinov I. Moliyaviy menejment. N.: “Faxrizoda” 2000.
- Nozimov S., Eshonxujaev D. Qishloq xoʻjaligida menejment. N.: “Faxrizoda” 2000.
Manbalar
tahrir- ↑ „International Biographical Centre“, Wikipedia (inglizcha), 2024-09-09, qaraldi: 2024-11-09
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |