Fargʻona vodiysi

Markaziy Osiyodagi vodiy

Fargʻona vodiysi (Fargʻona soyligi) — Oʻrta Osiyodagi togʻlar orasida joylashgan vodiy, Oʻrta Osiyoning yirik togʻ oraligʻi (soylik) botiqlaridan biri. Shimoldan Tyan-Shan, janubdan Hisor-Olay togʻ tizmalari bilan oʻralgan. Asosan, Oʻzbekiston, qisman Qirgʻiziston va Tojikiston Respublikalari hududida joylashgan. Katta qismi Turkiston va Olay tizmalarining shimoliy yonbagʻirlariga borib taqaladigan uchburchak shaklida boʻlib, shimoliy-gʻarbdan Qurama tizmasi va Chatqol tizmasi, shimoliy-sharqdan Fargʻona tizmasi bilan oʻralgan. Gʻarbda (eni 8-10 km) „Xoʻjand darvozasi“ orqali Toshkent — Mirzachoʻl botigʻi bilan tutashgan. Uzunligi 300 km, eni 60-120 km, eng keng joyi 170 km, maydoni 22 ming km². Balandligi gʻarbida 330 m, sharqdda 1000 m. Fargʻona vodiysining umumiy tuzilishi ellipssimon (bodomsimon) shaklda boʻlib, gʻarbdan sharqqa tomon kengayib boradi. Fargʻona vodiysi yer yuzasi toʻrtlamchi sistemaning allyuviy va prolyuviy choʻkindi togʻ jinslari bilan toʻlgan. Soylik toshkoʻmir davrida egik shaklda boʻlib, oʻrta toshkoʻmir davrida qalin qumtosh — loyli choʻkindilar bilan qoplangan boʻlgan. Boʻr davrida esa sayoz dengiz boʻlgan. Paleogen davrining oxiriga kelib, batamom quruklikka aylangan. Soylik atrofidagi togʻ tizmalari Alp burmalanishida keskin koʻtarila boshlagan, lekin denudatsiya jarayonida qaytadan yemirilib ketgan. Vodiy tubidagi dengiz yotqiziqlari ustini qalinligi 300-400 metrli kontinental yotqiziqlar qoplagan[1].

Fargʻona vodiysi
Mamlakat Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston
Aholi 10,081
Maydoni 7900 km² (22 ming km²-oʻrin)
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Fargʻona vodiysi xaritada
40°54′3″N 71°45′28″E / 40.90083°N 71.75778°E / 40.90083; 71.75778
Fargʻona vodiysi
Farg‘ona vodiysi sunʼiy yo‘ldosh tasvirida

Geografiyasi

tahrir

Fargʻona vodiysida turli geologik davrlarda neft, koʻmir, tabiiy gaz, gips, temir, mis rudalari, simob, ohaktosh, ryx, oltingugurt, mum, tuz, polimetall rudalar, surma, mineral suv kabi foydali qazilmalar hosil boʻlgan.

Fargʻona vodiysi yer yuzasi tuzilishini bir necha pogʻona (zona)ga boʻlish mumkin. Relyefining birinchi pogʻonasi soylikning markaziy qismini va Sirdaryoning hozirgi oʻzanigacha boʻlgan 300-400 m balandlikdagi yerlarni egallagan. Bu hududda 200 km masofadagi nishablik sharq, janubiy-sharq va janubidan gʻarbga tomon 80 m ga teng. Dengiz yotqiziqlari ustida akkumulyativ jinslar, keyingi davrlarning koʻl yotqiziqlari, shamol olib kelgan jinslar keng tarqalgan. Bu pogʻonada shoʻrxoklar, koʻllarning oʻrni, qumli tepaliklar uchraydi.

Soylikning ikkinchi pogʻonasi daryo va soylarning keng yoyilmalarini egallagan toshshagʻalli maydonlardan iborat (400-600 m). Toʻrtlamchi davr allyuvial yotqiziqlari keng tarqalgan boʻlib, ular soylik atrofini halqa kabi oʻrab olgan.

Relyefning uchinchi pogʻonasini balandligi 600-1200 m boʻlgan adirlar zonasi tashkil qiladi. Fargʻona vodiysi yuzasi janubdan oʻrab turgan Konibodom, Shoʻrsuv, Rishton, Chimyon, Avval, Muyan adirlari toshshagʻallardan iborat yotqiziqlardan, Navkat va sharqiy adirlari lyoss va lyosslashgan gil jinslardan tuzilgan, katta-katta qoyasimon jarliklar, qulamalar ushbu hudud relyefi uchun xosdir. Shimoliy Fargʻonadagi Namangan, Chuyet, Pop adirlarining janubiy yonbagʻirlari Sirdaryo vodiysi tomon zinapoyasimon pasaygan. Adirlar ortidagi tekisliklar allyuvial jinslar bilan qoplangan. Vodiyni oʻrab turgan togʻlar ana shu akkumulyativ tekisliklardan boshlanadi.

Iqlimi

tahrir

Fargʻona vodiysining iqlimi kontinental iqlim hisoblanadi. Yilning oʻrtacha harorati gʻarbdan sharqqa tomon pasayib boradi. Soylik iqlimining shakllanishida gʻarbdan esadigan shamolning roli katta. Gʻarbdan esuvchi shamol bahor faslida tez-tez esib, baʼzan nam, baʼzan quruq havo olib keladi. Yanvar oyida oʻrtacha harorat Qoʻqonda —2,3°, Kampirravotda — 4,8°ni tashkil etsa, eng past temperatura Qoʻqonda —27,9°, Kampirravotda —32° hisoblanadi. Yozda (iyul oylarida) oʻrtacha temperatura Fargʻona, Andijon, Namanganda 26,3°, Qoʻqonda 27,5°. Eng yuqori temperatura shu hududlarda 40—44° gacha koʻtariladi. Vegetatsiya davri 270 kun hisoblanadi. Yogʻin miqdori gʻarbida 80-100 mm, sharqida 150-200 mm, janubiy-gʻarbida 74 mm va shimolida 200- 300 mm ni tashkil qiladi. Yogʻingarchilik, asosan, bahor oylarida kuzatilib, yoz oylarida deyarli yogʻin yogʻmaydi. Qoʻqon va Bekoboddan esuvchi shamollar eng kuchli shamollar hisoblanadi.

Fargʻona vodiysida oqar suvlar juda koʻp. Togʻlardan daryo va soylar oqib tushadi (Norin, Qoradaryo, Soʻx, Isfara, Shohimardonsoy, Oqbura, Gʻovasoy, Chodaksoy). Daryolar, asosan, qor, yomgʻir suvlaridan toʻyinadi. Fargʻona vodiysi yer osti suvlariga ham juda boy boʻlib, soylik atrofidagi tosh shagʻalli yoyilmalarda yer osti suvining sathi oktyabr — noyabr oylarida koʻtariladi, may — iyun oylarida esa pasayadi. Suv yuzasining yillik tebranishi 1—3 m. Tekislik qismida yer osti suvi 2 m chuqurlikda boʻlib, baʼzan yer yuzasiga chiqib qoladi. Grunt suvidan tashqari 400 m chuqurlikda uchta suvli qatlam joylashgan. Bu qatlamlardagi suvlar artezian quduqlar orqali olinadi. Fargʻona vodiysida Katta Fargʻona kanali, Janubiy Fargʻona kanali hamda Katta Andijon kanallari, Sirdaryoda Qayroqqum suv ombori barpo etilgan. 100 dan ortiq koʻllar mavjud. Bulardan eng yiriklari Sarichelak, Qurbonkoʻl, Qorasuvkoʻl va boshqalar hisoblanadi.

Fargʻona vodiysining tuprogʻi turlicha. Sirdaryo sohili qayir usti terrasalarida (koʻhna qayir) va 400 m balandlikkacha boʻlgan hududlarida oʻtloqi, botqoqi-oʻtloqi tuproq, turli darajada shoʻrlangan shoʻrxok tuproqlar tarqalgan. 400 m dan 800 m gacha boʻlgan balandlikdagi tekisliklar, soy, yoyilmalarda boʻz va surqoʻngʻir tuproqlar, 800-1200 m balandlikda esa och boʻz tuproq, toʻq va tipik boʻz tuproqlar tarqalgan. Ularning tarkibida 4% gacha chirindi mavjud. Soylikning sernam va botqoqlashgan past joylarida tol, yovvoyi jiyda, turangʻil, qamish, qiyoq, qumliklarda cherkez, qandim, quyonsuyak, saksovul, jiyda, adirlarda izen, shuvoq, efemer va efemeroidlardan qorabosh, qoʻngʻirbosh, boychechak, chuchmomalar, vodiylarda kichik-kichik toʻqayzorlar uchraydi. Fargʻona va Chatqol togʻ tizmalari yonbagʻirlarida yongʻoq, olma, olcha oʻrmonlari keng tarqalgan. Yovvoyi hayvonlardan qoplon, boʻri, tulki, quyon, qushlardan qirgʻovul, oʻrdak, soʻfitoʻrgʻay, loyxoʻrak, tustovuq, yumronqoziq, sichqon kabi kemiruvchilar, turli zaharli ilonlar uchraydi. Suv omborlari, sunʼiy koʻl va daryolarda baliqlarning koʻplab turlari mavjud. Keyingi vaqtlarda sugʻoriladigan yerlardagi kollektor zovurlarda ondatra koʻpaytirilmoqda.

Fargʻona vodiysida yirik paxtachilik, ipakchilik, uzumchilik rivoj topgan sohalar hisoblanadi. Vohada paxta, baʼzi joylarida esa sholi ekiladi, bogʻlar, uzumzorlar, polizlarga ega. Fargʻona vodiysi markazidagi choʻllar hozirgi kunga kelib oʻzlashtirilmoqda. Choʻl hududlar yil davomida, adirlar esa bahor oylarida yaylov vazifasini oʻtaydi. Fargʻona vodiysi Oʻrta Osiyoda aholi eng zich joylashgan hududlardan biri hisoblanib, ushbu hududda Xoʻjand, Qoʻqon, Fargʻona, Andijon, Namangan, Oʻsh, Jalolobod shaharlari joylashgan[2].

Faunasi

tahrir

Fargʻona vodiysi faunasi boshqa hududlarga qaraganda nisbatan qashshoq hisoblanadi. Koʻpincha shalpangquloq tipratikan, Oʻrta Osiyo choʻl toshbaqasi, kaltakesaklar, kemiruvchilar, kamdan-kam hollarda — boʻri, tulki, yovvoyi choʻchqa, boʻrsiq, jayra kabi hayvonlarni uchratish mumkin.

Qushlardan burgut, kalxat, chumchuq, afgʻon yulduzi, qargʻa, bulbul, kaptar, asalarixoʻrlar, Sirdaryo tekisligida oʻrdaklarning har xil turlari, togʻ yonbagʻirlarida togʻ kakliklari yashaydi.

Daryolarda baliqlardan laqqa baliq, qora baliq, mylovli baliq, sazan baliqlar koʻp uchraydi.

Arachnidalardan chayonlar, tarantulalar, qoraqurtlar mavjud.

Tuproq qoplami, asosan, sugʻorishni notoʻgʻri tashkil etish, tuproqqa oʻgʻitlarni haddan tashqari koʻp sepish oqibatida oʻzgargan, ularning shoʻrlanishi, botqoqlanishi va eroziyalanishiga kelib qolgan. Vodiyning gʻarbiy qismida, yaʼni togʻli chala choʻl zonasida shuvoq — shoʻr oʻsimliklari koʻplab uchraydi. Vodiyning markaziy qismida esa yarim choʻl va choʻl oʻsimliklari boʻlgan qisman qum va shoʻrlangan tuproqlar bilan qoplangan Yozyovon va Qoraqalpoq dashtlari joylashgan. Ayni paytda Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi ikki ming gektar cho‘l O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan tabiat yodgorligi maqomini olgan.

Sirdaryo vodiysida qumli-toʻqay oʻsimliklar majmuasi, togʻ etaklariga yaqinroq qismida efemer oʻsimliklari keng tarqalgan. Fargʻona va Chotqol tizmalarining yonbagʻirlarida yongʻoq, olma, olxoʻri, doʻlana oʻrmonlari mavjud. Vohalarda terak, tut, jiyda, chinor, qaragʻay (qoragʻoch), bodom, shaftoli, oʻrik, nok, behi, anjir, anor daraxtlari keng tarqalgan. Sugʻoriladigan yerlarda faqatgina madaniy oʻsimliklargina oʻsadi.

Iqtisodiyoti

tahrir

Aholining katta qismi qishloq xoʻjaligi bilan faoliyat olib boradi. Sugʻoriladigan yerlarda paxta, sholi, bogʻlar, uzumzorlar, poliz ekinlari, sabzavotzorlar toʻplangan, togʻ oldi hududlarida yomgʻirli qishloq xoʻjaligiga moshlashgan ekinlar ekiladi. Choʻl tekisliklarining bir qismi yil boʻyi yaylov, efemer oʻsimliklari boʻlgan adirlar esa bahorgi yaylov boʻlib xizmat qiladi.

Biroq davlat chegaralarining notekisligi transport aloqalarini birmuncha murakkablashtiradi.

Farg‘ona vodiysi ipakchilikning 1500 yillik tarixiga ega yirik hududlardan biri hisoblanadi.

Aholisi

tahrir

Fargʻona vodiysi 3 ta viloyati (Andijon, Fargʻona va Namangan) aholisining umumiy soni 10,081 ming kishi (2022) tashkil etadi. Viloyatlar kesimida esa Andijonda 3253.5 ming kishi, Namanganda 2931.5 ming kishi Fargʻonada 3896.4 ming kishi (2022) istiqomat qiladi. Fargʻona vodiysida urbanizatsiya darajasi va aholi zichligi juda yuqori hisoblanadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • Akramov 3., Jemchujina Sredney Azii, M., 1960; Ferganskaya dolina, t. 1, T., 1954.

Manbalar

tahrir