Travmatologiya
Travmatologiya (yunoncha travmatos – yara, jarohat, shikastlanganlik va … logiya) – aʼzo va toʻqimalarning mexanik shikastlanishi, ularning oldini olish va davolash yoʻllarini oʻrganadigan fandir. Travmatologiya xirurgiyaning turli sohalari (neyroxirurgiya, koʻkrak xirurgiyasi) hamda organizm tayanch va harakat aʼzolari (suyak, boʻgʻim, muskul, paylar) va teri shikastlari va boshqa masalalarni o'z ichiga oladi. Travmatologiya ortopediya bilan birga mustaqil fan qisoblanadi.
Insoniyat tarixida tibbiyot avvalo jarohatlarni davolashdan boshlangan, shuning uchun travmatologiyani tibbiyotning barcha sohalari ichida eng koʻhnasi deyish mumkin. Qadimgi Misr mumiyolari va boshqa arxeologik topilmalarni oʻrganish shuni koʻrsatadiki, miloddan bir necha ming yil ilgari yashagan odamlar singan suyaklarni mahkamlashning sodda usullarini bilishgan. Travmatologiyaning ilk ilmiy asoslari Gippokrat asarlarida keltirilgan. Masalan, u yelka suyagi chiqishlarini joyiga solishning bir necha usullarini, suyak singanda repozitsiya va immobilizatsiya qilish yoʻllarini taklif etgan. Oʻrta asrlarda travmatologiyaning rivojlanishi Abu Ali ibn Sino nomi bilan bogʻliq. Uning „Tib qonunlari“ asarida yumshoq toʻqimalar jarohatlarini, suyak sinishlari va chiqishlarini davolash haqida batafsil yozilgan. Fransuz olimi Ambruaz Pare ham travmatologiyaning shakllanishiga oʻz hissasini qoʻshgan. XVIII — XIX asrlarda travmatologiyaning rivoji Gʻarbiy Yevropa vrachlari J. Malgen, G. Dyupyuitren, T. Koxer, L. Beler, G. Kyuncher, rus vrachi N. I. Pirogov nomlari bilan bogʻliq.
Oʻzbekistonda bu soha fan sifatida 20-yillardan rivojlana boshladi. 1926-yilda Oʻrta Osiyo universitetining tibbiyot fakultetida suyak sili va ortopediya dotsentlik kursi joriy etilishi, 1930-yilda Fizioterapiya institutida ortopediya klinikasi ochilishi, uning 1932-yilda Ortopediya, travmatologiya va suyak sili ilmiy tadqiqot institutiga aylantirilishi travmatologiya va ortopediya muammolari ustidagi tadqiqot ishlarining rivojlanishiga imkon berdi.
Institut urush davrida yopildi, 1946-yilda Travmatologiya va ortopediya instituti sifatida tashkil etildi.
XX asrda oʻtgan bir necha urushlar travmatologiyada yangidan-yangi davolash usullarining qoʻllanishiga, ilmiy-texnik yutuqlar esa jarohatlarni aniqlash va davolash uchun yangi apparatlar va materiallarning kashf etilishiga olib keldi. Intra va ekstramedullyar osteosintez, sterjenli va sixli kompressiondistraksion apparatlarning yaratilishi, stabilfunksional osteosintezning qoʻllanishi, texnika yutuklaridan keng foydalanish zamonaviy travmatologiyaning rivojlanishiga asos boʻddi.
Rentgen nurlarining kashf etilishi travmatologiyaning jadal rivojlanishi uchun turtki boʻldi, hozirgacha rentgen travmatologiyada asosiy tekshirish usuli hisoblanadi.
Qadimdan jarohatlarni davolashda tabiblar sharq tabobati usullaridan foydalanib kelganlar. Urushdan keyingi yillarda olib borilgan ilmiy ishlar, asosan, harbiy jarohatlar va ularning osteomiyelit, soxta boʻgʻim, choʻltoq kabi asoratlarini davolash, protezlash sohalariga taalluqli boʻldi.
Oʻzbek olimlari tomonidan choʻltoqliklarni va jarohatlarni davolashda suyak plastikasi qilish (N. M. Shomatov), jarohatlarni davolashda sharq tabobati usullarini qoʻllash, xususan, mumiyoi asl bilan siniq va yaralarni davolash (O.Sh. Shokirov), sanoat va qishloq xoʻjaligi da travmatizm muammolarini oʻrganish (B. I. Berliner, N. D. Isaboyev), shol kasalligi asoratlarini davolash (I. X. Eshonxoʻjayev, N. F. Fayzullayev) yoʻlida ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Qoʻloyoqlarning kuyishdan keyingi shakl oʻzgarishlarini teri plastikasi yordamida davolash (B. M. Mirazimov), bolalar serebral falaji va suyak sinishini (Oʻ. S. Islombekov), osteomiyelit kasalligini (Sh. Sh. Hamrayev) davolash boʻyicha qilingan ilmiy ishlar Respublikada travmatologiya va ortopediya fanining rivojlanishida katta rol oʻynadi, hozirgi mavjud boʻlgan barcha tibbiyot institutlarida travmatologiya kafedralari va ixtisoslashtirilgan ilmiyamaliy markazlar faoliyat koʻrsatadi.
Zamonaviy travmatologiyaning asosiy vazifasi shikastlangan toʻqima va organlardagi oʻzgarishlar patogenezini oʻrganish, jarohatlarni diagnostika qilish va davolash usullarini takomillashtirish, yangidan ishlab chiqish hamda asoratlarning oldini olishdan iborat.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |