Tumov (rinit) — sovqotish, infeksiya, allergiya natijasida burun shilliq pardasining yalligʻlanishidir. Mustaqil kasallik yoki infeksion kasalliklar (masalan, gripp, difteriya, qizamiq va boshqalar) belgisi boʻlishi mumkin. Tumovda burun yoki tomoq shilliq pardasi shishib, achishadi va quruqlashadi; 3—4 kundan keyin burundan koʻp miqdorda suyuq tiniq shilimshiq keladi. Bemorning umumiy ahvoli aytarli oʻzgarmaydi, harorati, odatda, normal yoki bir oz koʻtariladi (37—37,5°), boshi ogʻirlashib, ish qobiliyati pasayadi; burundan nafas olish qiyinlashadi, baʼzan, koʻz shilliq pardasi yalligʻlanganligi tufayli yosh oqadi, hid bilish pasayadi. Tumov xususan emadigan bolalarda ogʻir kechadi. Ularning burun yoʻllari juda tor boʻlib, burun shilliq qavatining ozgina boʻlsada shishishi burundan nafas olishni qiyinlashtiradi. Natijada jiddiy oʻzgarishlar: tajanglik, uyqu buzilishi, emmay qoʻyish, juda ozib ketish va boshqa kuzatiladi. Baʼzan yalligʻlanish burun-halqum va eshituv nayi shilliq pardasiga, hatto hiqildoq, bronx va oʻpkaga ham oʻtib ketadi. Shuning uchun tumovni zoʻraytirib yubormaslik kerak.

Kasallik alomatlari paydo boʻlishi bilan vrachga murojaat etish lozim. Asal yoki malina murabbosi solingan issiq choy ichish, vrach tavsiya etgan tomir toraytiruvchi tomchilarni burunga tomizish kerak, bu — shilliq parda shishini pasaytiradi, natijada burun oqishi kamayadi, burun ochilib, nafas olish yaxshilanadi. Vrach buyurgan davo choralarini qatʼiy bajarish lozim, aks holda yalligʻlanish jarayoni surunkali shaklga oʻtib ketishi mumkin. Tumov hamma vaqt ham sovqotish yoki infeksion kasalliklardan kelib chiqavermaydi. Koʻpincha (asosan, asabi tez qoʻzgʻaluvchan kishilarda) allergik yoki vazomotor tumov ham uchrab turadi; kasallik xuruj qilganda bemor tinmay aksa uradi, burnidan suyuq shilimshiq, koʻzidan yosh oqadi, burun va qovoqlari qichishadi; tumovning bu shakli baʼzan bir kunda bir necha marta xuruj qiladi. Allergik tumovning alohida bir turi — pichan tumovi, asosan, boshoqli oʻsimliklar gullagan davrda uchraydi.

Oʻtkir tumov tez-tez qaytalab tursa, surunkali tumovga aylanib ketishi mumkin. Surunkali tumov burun boʻshligʻi shilliq pardasining oʻsib, qalin tortishi (gipertrofiya) yoki uning yupqalashib ketishi (atrofiya)ga olib kelishi mumkin, natijada nafas olish qiyinlashadi. Shuning uchun tumovning surunkali shaklga oʻtib ketishiga yoʻl qoʻymaslik zarur. Tumovning oldini olishda organizmni chiniqtirish juda muhim[1].

Manbalar

tahrir
  1. „Tumov“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil