Turkiston milliy birligi — Turkiston taraqqiyparvarlari tashkil qilgan siyosiy tashkilot (1920 — 1942). 1920-yilda Buxoroda tashkil etilgan. Asosiy maqsadi Turkiston mintaqasining toʻliq mustaqilligiga erishib, yaxlit davlat tuzish boʻlgan. Uning tashkilotchilari Ahmad Zakiy Validiy Toʻgʻon, Fayzulla Xoʻjayev, Munavvarqori, Abduqodir Muhiddinov, Hoshim Shayx Qushbegiyev, Saʼdulla Tursunxoʻjayev va boshqalar boʻlgan. Dastlab bu tashkilot „Buxoro istiqloli“ va Toshkentda faoliyat koʻrsatayotgan „Milliy Ittihod“ tashkilotlari faoliyatini birlashtiruvchi „Markazlar markazi“ nomi bilan tashkil topgan. Keyin nomi „Turkiston milliy birligi“ga oʻzgartirilgan. Tashkilotni tuzishda turkparast olim A.Validiyning xizmati katta. U bolsheviklar faqat Boshqirdistonda emas, balki butun bosib olingan oʻlkalarda mustamlakachilik siyosatidan norozi, 1920-yilning 12-sentyabrida Lenin, Stalin, Troskiy, Rikovga bildirgi yozib[1], Turkiston milliy birligi gʻoyasi uchun kurash boshlaydi. Turkiston oʻlkasiga tashrif buyurib, Munavvarqori bilan uchrashadi. Ular sobiq „Yosh buxoroliklar“ jamiyati faollari va hukumat rahbarlari F.Xoʻjayev, Fitrat, Abduqodir Muhiddinov, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Abdulhamid Orifov hamkorlikda ishladilar. Tashkilot 1921-yildan boshlab Buxoro, Fargʻona, Xiva, Turkmaniston, Qozogʻiston, va oʻsha atrofda harakat qilayotgan qoʻrboshilar huzuriga elchilar yuborgan.

Turkiston milliy birligi
Turi Siyosiy
Maqomi Mavjud emas
Maqsadi Turkiston mintaqasining toʻliq mustaqilligiga erishib, yaxlit davlat tuzish
Ishga tushgan sanasi 1921-yil 5-avgust
Tugatilgan 1942-yil
Joylashuvi Buxoro
Asoschi(lar)i Ahmad Zakiy Validiy Toʻgʻon
Fayzulla Xoʻjayev
Munavvarqori
Abduqodir Muhiddinov
Hoshim Shayx Qushbegiyev
Saʼdulla Tursunxoʻjayev
Direktori Ahmad Zakiy Validiy Toʻgʻon

Shundan keyin Buxorodagi oldindan kelishilgan Xargush qishlogʻi va sobiq amir Olimxonning Sitorai Mohi Xosa saroyida yashirin maslahat majlislari oʻtkaziladi.

1921-yilning 2-avgustidan 5-avgustigacha oʻtkazilgan „Turkiston milliy birligi“ning taʼsis kongressida tashkilot Oʻrta Osiyo milliy musulmon jamiyatlari federatsiyasi deb qayta nomlangan.

Validiy uning Markaziy Qoʻmitasi (MQ) raisi etib saylangan. MQ tarkibiga Turkistonning nufuzli siyosiy arboblari kirgan, tashkilotning dasturi tasdiqlangan. „Turkiston milliy birligi“ bilan „Milliy ittihod“ tashkiloti oʻzaro hamkorlikda faoliyat koʻrsatgan. Uning Samarqand shahrida boʻlgan 6-kongressi (1921-yil 5—7 sentabr)da 24 banddan iborat Nizom va Turkiston milliy bayrogʻi qabul qilingan. 1921-yil 6-sentyabrda qabul qilingan Turkistonning Milliy bayrogʻi binafsha rangda boʻlib, uning asosi qilib, X asrda hukmronlik qilgan qoraxoniylar va saljuqiylar davlati bayroqlari tanlangan. Bayroqni tayyorlash ishida Zaki Validiy, Munavvar Qori va Toʻraqul Jonuzoqovlar ishtirok etgan[2]. Mazkur kongress Turkiston mintakasidagi istiqlolchilik harakatining gʻoyaviy jihatdan jipslashuviga xizmat qildi. „Turkiston milliy birligi“ tashkilotining 7-kongressi (Toshkent shahri, 1922-yil 18—20-sentabr) Validiyga tashkilot faoliyatiga xalqaro jamoatchilik eʼtiborini qaratish va chet elda uning boʻlimlarini tuzish uchun xorijga borishni topshiradi. 1923-yilning 21-oktyabrida „Turkiston milliy birligi“ning Toshkentdagi oxirgi yigʻilishi boʻlgan. A.Validiyning oʻzi bu haqda shunday degan edi:

21-kuni kechqurun o'rtoqlarim to'planishni taklif qilishdi. Eronga chiqib ketishdan avval bir necha oy Turkiston milliy birligining turli joylardagi bo'limlarining ishlari bilan shug'ullanishimni zarur, deb hisobladilar. Hammamiz ham bu yig'ilishni jamiyatimizning eng so'nggi umumyig'ilishi ekanini tushunardik. hammasi chin ko'ngildan gapirardi. Boshqa ko'risha olmasmiz deb yig'laganlar ham bo'ldi[3].


1923-yil yozidan uning aʼzolari asosan chet ellarda faoliyat koʻrsatgan. Uning Yevropada 2 ta kongressi (1924-yil 23-noyabr, 1925-yil 1-may, Berlin) boʻlgan. „Yangi Turkiston“ (muharriri Usmon Xoʻja, 1927-yil iyun — 1932-yil sentabr; Istanbul va Berlin) va „Yosh Turkiston“ (muharriri Mustafo Choʻqay; 1929-yildek — 1939-yil avgust; Parij va Berlin) jurnallari „Turkiston milliy birligi“ tashkilotining matbuot organi hisoblangan.

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. „Zaki Validi Tug’on. «Xotiralar» kitobidan parchalar“. kh-davron.uz. Qaraldi: 30-iyul 2023-yil.
  2. D.Jamolova „Jadidlarning milliy tashkilotlari qismati“. Qaraldi: 30-iyul 2023-yil.
  3. Rustambek Shamsutdinov. Vatan tarixi. 3-kitob. Toshkent Sharq 2016 — 221-bet. ISBN 978-9943-26-566-0. 

Adabiyotlar

tahrir
  • Validiy 3., Boʻlinganni boʻri yer [Xotiralar], T., 1997; Oʻzbekistonningyangi tarixi, 2kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Ziyoyeva D., Turkiston milliy ozodlik harakati, T., 2000.