Ubaydullaxoʻja Qosimxoʻja oʻgʻli

Ubaydullaxoʻja Qosimxoʻja oʻgʻli (1858-yil; Buxoro shahri, Buxoro amirligi) — mashhur savdogar, kelib chiqishi Qosim Shayx avlodlaridan boʻlgan buxorolik millioner, Oʻzbekiston SSRning birinchi rahbarlaridan biri sanalmish Fayzulla Xoʻjayevning otasi[1] va BXSRning birinchi rahbari Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevning amakisi[2]. Ubaydullaxoʻja Qosimxoʻja oʻgʻli asosan qorakoʻl teri savdosi ortidan katta boylik sohibi boʻlgan. Millioner, shuningdek, paxta va zargarlik buyumlari bilan ham savdo-sotiq qilgan va Moskva shahrida joylashgan alohida xususiy savdo mahkamasini boshqarib kelgan[3][4].

Ubaydullaxoʻja Qosimxoʻja oʻgʻli
Tavalludi 1858-yil
Vafoti 1912-yil
Odessa shahri
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Rossiya imperiyasi Rossiya imperiyasi
Kasbi Savdogar
Dini Islom
Turmush oʻrtogʻi Rayhon Saidmurod qizi

Hayoti va savdo faoliyati

tahrir

Ubaydullaxoʻja Qosimxoʻja oʻgʻli 1858-yil Buxoro shahrida tugʻilgan. XVI asr Buxorosida katta nufuzga ega boʻlgan Qosim Shayx Ubaydullaxoʻjaning ajdodidir. Ubaydullaxoʻjaning deyarli butun umri savdo sohasida kechgan boʻlib, u juda katta boylikka egalik qilib kelgan. Xususan, uning Moskva va Nijniy Novgorod yarmarkasidan keladigan daromadining oʻzi yillik 7,2 million rublga teng ekanligi manbalarda qayd etilgan[5]. Ubaydullaxoʻja Germaniyaning Leypsig, Eronning Tehron, Tabriz,Turkiyaning Istanbul, Anqara, Izmir shaharlarida vaqti-vaqti bilan tashkil etib kelingan savdo koʻrgazmalarida oʻz mollari bilan qatnashib turgan[6].

Ubaydullaxoʻja Buxoroda qorakoʻl teri savdosi bilan shugʻullanuvchi katta savdogarlar hisoblangan Nasriddinboy, Yahyoboy va Abdurauf karvonboshilar bilan bir qatorda turgan[7][8]. Ishonchli hujjatlarga koʻra (MDA—FR, 46. 1-roʻyxat, 122-delo, 2-varaq), Ubaydullaxoʻja vafotidan soʻng uning uyi Fayzulla Xoʻjayev olib borgan amirlikka qarshi keskin siyosiy faoliyat tufayli amir Said Olimxon maʼmurlari tomonidan talon-toroj qilinib, butun boyligi xazinaga oʻtkazib yuborilgan. Buxoro qizillar tomonidan ishgʻol qilinganidan keyin Ubaydullaxoʻjadan qolgan 25 pud quyma oltin, 4,8 million tilla tanga (1914-yilgi pul hisobida), 5 pudga yaqin kumush tanga, 7 million atrofida qarz-kredit va boshqa qimmatbaho mol-mulklar Fayzulla Xoʻjayev tomonidan Sovet hukumati ixtiyoriga topshirilgan[9]. Ubaydullaxoʻja oʻgʻli Fayzulla Xoʻjaning oʻzi kabi savdogar boʻlishini niyat qilgan boʻlsa-da, bu istagi amalga oshmagan. Kelajakda Fayzulla Xoʻja mutlaqo boshqa yoʻldan ketgan[10]. Taniqli tarixchilar Qahramon Rajabov va Sulaymon Inoyatov hammuallifligida yozilgan „Buxoro tarixi“ nomli tarixiy risolada quyidagicha fikr bildirilgan:

XX asr boshlarida Ubaydulla Xo‘ja Buxoro amirligida savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanib, yirik sarmoyador darajasiga ko‘tarildi. Baʼzi tadqiqotlarda ko‘rsatilishicha, uning sarmoyasi Buxoro amirligida hukmdordan keyingi o‘rinda turgan. Asosan u qorako‘l teri savdosi bilan shug‘ullangan. Ubaydulla Xo‘ja o‘zining o‘g‘li Fayzulla Xo‘jani Buxoro va Moskvada o‘qitib, uning kelajagiga katta umid bilan qaragan. Biroq Fayzulla Xo‘jayev (1896—1938) kelajakda yirik sarmoyador emas, balki mashhur davlat arbobi bo‘lib yetishdi[11].

Bundan tashqari mashhur moskvalik tadbirkor va jamoat arbobi N.A.Varensov (18621947) yozib qoldirgan xotiralarida Ubaydullaxoʻja bilan doʻst boʻlganini taʼkidlab oʻtgan[12]. Varensovning bu xotiralari asosan 1905-yilga qadar boʻlib oʻtgan voqealarni hikoya qilib beradi[13].

Manbalar

tahrir
  1. Аҳмад Закий Валидий Тўғон. Бўлинганни бўри ер: Туркистон халқларининг миллий мустақиллик учун кураши тарихидан хотиралар // Бошқирд тилидан Ш.Турдиев таржимаси – Тошкент: Адолат, 1997. – Б. 102.
  2. „УСМОН ХЎЖА ПЎЛАТХЎЖАЕВНИНГ ИЖТИМОИЙ-СИЁСИЙ ФАОЛИЯТИ“. 2022-yil 11-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 23-may.
  3. М., Усмонов И. Ойдин кунлар армони. Т.: “Ўзбекистон”, 1997.-Б.7
  4. „XLІІ Міжнародної науково-практичної інтернет-конференції «Проблеми та перспективи розвитку науки на початку третього тисячоліття українах Європи та Азії»“. 2023-yil 17-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 23-may.
  5. Gafarov N. Istoriya kulturno-prosvetitelskoy deyatelnosti djadidov v Buxarskom emirate (nachalo XX veka). — Xudjand: Gosudarstvennoe izdatelstvo imeni Raxima Jalili, 2000. — S. 31
  6. Sulaymon Inoyatov. BUXOROI ShARIF XOʻJALARI: USMON XOʻJA, OTAULLA XOʻJAYEV, FAYZULLA XOʻJAYEV AJDODLARI VA AVLODLARI ShAJARASI, Buxoro, 2022. 7-bet
  7. „ФАЙЗУЛЛА ХЎЖАЕВ - ЁШ БУХОРОЛИКЛАР ЙЎЛБОШЧИСИ“. 2023-yil 22-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 23-may.
  8. Suxarev A. O. Buxara. XIX-nachalo XX v. Moskva. Nauka.1966. -S. 241-242.
  9. „Мажид Ҳасаний: Бухоро амирлигининг таланган олтинлари“. 2017-yil 1-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 23-may.
  10. Hasaniy M., Usmonov I. Oydin kunlar armoni. T.: „Oʻzbekiston“, 1997.-B.7
  11. Ражабов Қ., Иноятов С. Бухоро тарихи. – Тошкент: “Tafakkur”, 2016. – Б. 405.
  12. Варенцов А.В. Слышанное. Виденное. Передуманное. Пережитое (Россия в мемуарах). 2-е издание. – Москва: “Новое литературное обозрение”, 2011. - 878 стр.
  13. „BUHARA CUMHURİYATİ 101 YAŞINDA“. 2023-yil 1-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 23-may.