Oʻzbek gimnaziyasi

Qirg‘izistonning Isfana shahrida joylashgan maktab

Oʻzbek gimnaziyasi (ruscha: Узбекская гимназия; qirgʻizcha: Өзбек гимназиясы) — Qirgʻizistonning Isfana shahrida joylashgan gimnaziya-internat[1]. Gimnaziyaning rasmiy nomi U. Matkarimov nomli gimnaziya-internatdir (ruscha: Гимназия-интернат имени У. Маткаримова; qirgʻizcha: У. Маткаримов атындагы гимназия-интернат). Ayrim hujjatlarda U. Matkarimov nomli gimnaziya-oʻrta maktab (ruscha: Средняя школа-гимназия имени У. Маткаримова; qirgʻizcha: У. Маткаримов атындагы орто мектеп-гимназия) deb koʻrsatilgan.

Oʻzbek gimnaziyasi
Joylashgan yeri
Isfana, Qirgʻiziston
Koordinatalar 39°49′59″N 69°32′17″E / 39.8330°N 69.5380°E / 39.8330; 69.5380
Maʼlumot
Maktab turi Gimnaziya-internat
Asos solingan sanasi 4-sentyabr, 1999-yil (25 yil avval) (1999-09-04)
Asoschi Jumaboy Boboyev
Direktor Sardor Toʻraqulov
Sinflar 5-11
Til oʻzbek
Oʻzbek gimnaziyasining asosiy binosi

Maktabga Isfana kolxozining raisi boʻlib ishlagan va shaharning rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan Usmon Matkarimov nomi berilgan[2]. Shuningdek, gimnaziya Laylak tumanida ochilgan toʻrtinchi gimnaziya boʻlgani uchun 4-sonli gimnaziya deb ham ataladi[3].

Oʻzbek gimnaziyasida oʻqish bepul boʻlib, maktabda 5-dan 11-gacha sinflar bor. Gimnaziyaga odatda oʻqishga layoqati yuqoriroq boʻlgan oʻquvchilar qabul qilinadi.[4] Maktabning internatida oʻquv yili davomida asosan Laylak tumanida joylashgan qishloqlardan kelgan oʻquvchilar yashaydi.

Tarixi

tahrir

1999-yil 4-sentabrda „Isfana“ oʻrta maktabi qoshida geografiya oʻqituvchisi Jumaboy Boboyev tashabbusi bilan eksperimental oʻzbek gimnaziyasi guruhlari tashkil etildi. Ilmiy boʻlim mudiri etib rus tili oʻqituvchisi Mavluda Qoʻldosheva tayinlandi. 67 oʻquvchi tanlab olinib, toʻrt sinf tashkil etildi. Boshida 12 nafar oʻqituvchi oʻquvchilarga taʼlim berdi. Yillar davomida sinflar soni ham, oʻqituvchilar soni ham oʻsdi.

2000-yil 20-yanvarda gimnaziya sinflari mustaqil oʻzbek gimnaziya maktabi sifatida „Isfana“ oʻrta maktabidan ajralib chiqib, sobiq „Samat“ kolxozining idorasiga koʻchirildi. 1982-yil qurilgan[5] ikki qavatli bu binodan Oʻzbek gimnaziyasi oʻsha paytdan beri foydalanib keladi. 2000-yil maktabga Isfana shahri va Laylak tumani iqtisodini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshgan, „Samat“ kolxozining raisi lavozimida ishlagan Usmon Matkarimov nomi berildi. 2000-yil may oyida gimnaziya hovlisida Matkarimovning byusti oʻrnatildi. Oʻsha yili tushunmovchiliklar oldini olish uchun Matkarimov nomi berilgan shahardagi boshqa maktab — Usmon Matkarimov nomli oʻrta maktab nomi Amir Temur nomli oʻrta maktab oʻlaroq oʻzgartirilgan.

2000-yildan 2010-yilgacha gimnaziyaning pedagogik jamoasiga Shokirjon Toʻychiyev rahbarlik qildi. 2010-yil mtakab direktori etib Habibullo Sattorov tayinlandi va u bu lavozimda 2014-yilgacha ishladi. 2014-yildan beri Bumayram Xolmatova Oʻzbek gimnaziyasi direktori boʻlib kelmoqda.

Quyidagi jadvalda oʻquv yili boʻyicha oʻquvchi va oʻqituvchi soni berilgan.

 
8-sinf oʻquvchilari Navroʻz ayyomida. 2003-yil shu oʻquvchilar gimnaziyaning ilk bitiruvchilari boʻldi. Oʻqituvchilar: (orqa qator, chapdan oʻngga: Omonboy Umarov, Mavluda Qoʻldosheva, Omina Bozorova, Mohira Mahmadaminova, Malika Mirazizova, Gayipnazar Abdurasulov, Sanobar Hojiboboyeva; (oʻrta qator, chapdan toʻrtinchi) Nilufar Qosimova; (oldingi qator, chapdan beshinchi) direktor Shokirjon Toʻychiyev.
Oʻquv yili Oʻquvchi soni Oʻqituvchi soni
2001—2002 167 18
2002—2003 214 22
2003—2004 231 25
2004—2005 235 27
2005—2006 216 27
2006—2007 203 28
2007—2008 180 28
2008—2009 151 27
2009—2010 169 26
2010—2011 159 27
2011—2012 143 25
2012—2013 130 25
2013—2014 117 21
2014—2015 112 22

Dars programmasi

tahrir
 
Gimnaziya binosi oldida Gʻafur Gʻulom sheʼridan olingan misralar. 2008-yil yozuv mahalliy qirgʻiz rasmiylar tazyiqi ostida oʻchirib tashlangan.

Gimnaziyaga oʻqishga layoqati yuqoriroq boʻlgan oʻquvchilar qabul qilinadi. Gimnaziyaga kirish uchun imtihon topshirish kerak. Gimnaziyada Isfanadagi boshqa oʻrta maktablardagi kabi umumiy taʼlim berilsa-da, gimnaziya oʻquvchilariga koʻproq dars oʻtiladi va ular darslarni chuqurroq oʻzlashtiradilar.

Gimnaziyada matematika, informatika, fizika, kimyo, jugʻrofiya, biologiya, sanʼat, musiqa, jismoniy tarbiya, tarix, falsafa, astronomiya kabi darslar oʻtiladi. Gimnaziyada yana oʻzbek, rus, ingliz va qirgʻiz tillari ham oʻqitiladi.

Oʻzbek gimnaziyasida 7 yillik oʻqish oʻrta (5-9-sinflar) va yuqori (10-11-sinflar) oʻlaroq ikkiga boʻlinadi. 9-sinf oxirida oʻquvchilar davlat imtihonlarini topshirishadi va umumiy oʻrta maktabni bitirishganini tasdiqlovchi attestat olishadi. 10-11-sinflarda oʻqish majburiy emas. 11-sinf oxirida gimnazistlar yana bir bor davlat imtihonlarini topshirishadi.

Maktab yili sentabr boshidan mayning oxirigacha choʻziladi va toʻrt chorakka boʻlingan. Oʻqish programmasi oʻzgarmas, doimiy. Baʼzi gʻarb mamlakatlaridan farqli oʻlaroq, oʻquvchilar yoki ularning ota-onalari qaysi darslar oʻtilishini beglilashda ishtirok eta olmaydilar. Oʻquvchilar 5 qadamli shkalada baholanadi. Amalda 2 („qoniqarsiz“) dan 5 („aʼlo“) gacha qoʻyiladi. 1 kamdan-kam ishlatiladigan keskin oʻzlashtirmaganlik belgisi. Kundalik baho berishda bu baholarni oʻqituvchilar yana guruhlarga boʻla olishadi (masalan +4, −5 va hokazo), ammo chorak baholar faqat 2, 3, 4 yoki 5 boʻlishi mumkin.

Gimnaziyada ertalabdan tushgacha asosiy darslar oʻtiladi. Tushki tanaffusdan keyin yana bir, ikki yoki uch soat qoʻshimcha darslar oʻtiladi. Bu darslarda qatnashish majburiy. Har bir dars 45 daqiqa davom etadi.

Dars oʻtish tili

tahrir
 
Gimnaziya hovlisida Usmon Matkarimovning byusti

Oʻzbek gimnaziyasida darslar oʻzbek tilida oʻtiladi. Oʻzbek tili bilan birga oʻquvchilar ingliz, rus va qirgʻiz tillarini ham oʻrganishadi. Qirgʻizistondagi boshqa oʻzbek maktablaridagi kabi Oʻzbek gimnaziyasida ham oʻzbek tilida dars oʻtishning kelajagi nomaʼlum boʻlib qolmoqda[6].

2010-yil Qirgʻiziston janubidagi sodir boʻlgan tartibsizliklar ortidan qirgʻiz rasmiylari oʻzbek tilini cheklashga va oʻzbek maktablarni majburan qirgʻizlashtirishga chora koʻra boshladi[7][8][9][10][11]. Shu harakatlar doirasida 2010-yillar boshida oʻzbek tili va adabiyoti fanlariga ajratilgan dars soati ozaytirilib, oʻrniga qirgʻiz tili va adabiyoti fanlariga koʻp soat berildi[12].

Hozirda oʻzbek tilidagi darsliklar yetishmaydi va Qirgʻiziston hukumati maktablarni mablagʻ yoʻqligini bahona qilib, oʻzbekcha kitoblar bilan taʼminlashni istamaydi. Qirgʻiz rasmiylari oʻzbek oʻquvchilarining Oʻzbekistonda chiqqan kitoblardan foydalanishga keskin qarshi boʻlgani uchun hozirda koʻp maktablarda, shu jumladan, Oʻzbek gimnaziyasida ham aksar darslar oʻzbek tilida ammo qirgʻiz tilidagi darsliklardan foydalanib oʻtilmoqda.

Maktab oʻquvchilarining umumrespublika testida ishtiroki

tahrir

Qirgʻizistonda 2002-yildan beri maktab bitiruvchilari orasida oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun umumrespublika testi oʻkaziladi[13]. Testni topshirgan oʻquvchilar Qirgʻizistondagi koʻplab oliy oʻquv yurtlariga kirish va bepul taʼlim olish uchun erishgan ballari bilan boshqa abituriyentlar bilan tanlovda qatnashadi. Testni „Bilimni baholash va oʻqtish uslublari markazi“ hamda Taʼlim vazirligi uyushtiradi. AQShning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) esa loyihani moliyalashtiradi. Umumrespublika testida qatnashish majburiy emas.

Umumrespublika testi ikki qismdan iborat: asosiy test va fan testlari. Asosiy testni barcha topshiruvchilar yozishi shart. Fan testlarini esa xohlagan oʻquvchilar oliy oʻquv yurtida tanlamoqchi boʻlgan sohalariga tayangan holda topshirishadi.

Oʻzbek gimnaziyasi ilk bitiruvchilarini 2003-yil chiqarganidan beri maktab bitiruvchilari umumrespublika testida qatnashib keladi. Umumrespublika testining asosiy testida maʼlum bir balldan (odatda 200 balldan) yuqori natija koʻrsatgan bitiruvchilarga „oltin sertifikat“ beriladi va bu oʻquvchilarda oʻquv yurtiga kirish va bepul oʻqish imkoni kattaroq boʻladi. Shu kungacha Oʻzbek gimnaziyasining birorta bitiruvchisi 200 yoki undan yuqori ball olgani yoʻq. Maktab tarixidagi eng yuqori natija boʻlmish 198 ballni 2012-yil bitiruvchisi Sarvinoz Abdullayeva olgan.

Qirgʻizistonda umumrespublika testini 2013-yilgacha qirgʻiz, rus va oʻzbek tillarida topshirish mumkin edi[13]. Qirgʻiziston janubida oʻzbeklar va qirgʻizlar oʻrtasida sodir boʻlgan toʻqnashuvlar ortidan ayrim qirgʻiz siyosatchilar muntazam ravishda testni oʻzbek tilida oʻtkazishni toʻxtatishga chaqira boshladi[14]. 2013-yil oʻzbekcha umumrespublika testi yoʻq qilingani haqida xabar qilindi[15]. Ammo keyinroq bu qaror bekor qilindi va oʻzbek bitiruvchilarida oʻsha yili ham testni oʻz ona tillarida topshirish imkoni boʻldi.

2014-yil umumrespublika testi boshlanishiga juda oz muddat qolgan boʻlishiga qaramasdan, oʻzbek tili test tillari safidan olib tashlangani qatʼiyan eʼlon qilindi[16][17][18][19]. Ammo testning asosiy qismi boʻlib oʻtganidan keyin, bu sinovlarda qatnashish uchun qayddan oʻtmagan va testda qatnashmagan oʻquvchilarga 2014-yilning iyun oyida boʻlib oʻtadigan kechki sinovlarda testni oʻzbek tilida topshirish imkoni berilishi haqida xabar berildi[20]. Kechki test sinovida ishtirok etish uchun bitiruvchilar faqat Bishkek va Oʻsh shaharlarida qayddan oʻtishlari mumkinligi aytildi. Hozirda testni faqat rus va qirgʻiz tillarida topshirish mumkin.

Testni oʻzbek tilida topshirishning bekor qilinishi gimnazistlar uchun testni yanada qiyinlashtirdi. 2014-yilgi bitiruvchilar umumrespublika testida maktab tarixidagi eng past natijani koʻrsatishdi. 2013-yilgi bitiruvchilarning oʻrtacha balli 116,44 boʻlgan boʻlsa, 2014-yilgi bitiruvchilarning oʻrtacha balli bor-yoʻgʻi 101,35 ni tashkil qildi.

Oʻz-oʻzini boshqarish respublikasi

tahrir

Oʻzbek gimnaziyasida oʻquvchilarni demokratiya va liderlik haqida oʻrganishga chorlovchi oʻz-oʻzini boshqarish respublikasi mavjud. Respublikani prezident boshqaradi. Prezidentni oʻquvchilar ovoz berib saylaydi.

Gimnaziya madhiyasi

tahrir
 
Gimnaziyaning 2000—2010-yillardagi direktori Shokirjon Toʻychiyev

Oʻzbek gimnaziyasining oʻz madhiyasi bor. Har kuni ertalab ish kuni boshlanishidan avval oʻquvchilar gimnaziya madhiyasini va Qirgʻiziston Respublikasi madhiyasini kuylashadi. Madhiyaning sheʼrini oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi Davlatjon Boymatov yozgan. Musiqasini esa Saydulla Mamatqulov bastalagan. Madhiyaning sheʼri qiyidagichadir:

Ona vatan koʻz tikmoqda bizlarga,
Bilimga boy yigit-qizlarga.
Ilm-u adab bogʻlarida sayr etib,
Shaylanamiz uchgani cheksizlarga.

Naqorat:

Gulla, yashna Qirgʻiziston,
Aziz xalqing boʻlsin omon.
Otalardan qolgan yurtni,
Saqlaymiz borki jahon.

Ming tashakkur saxovatli elimga,
Eʼtiborli yoshlar bilan bilimga.
Koʻp millatli hur diyorda barobar,
Keng ufqlar ochdi ona tilimga.

Naqorat:

Gulla, yashna Qirgʻiziston,
Aziz xalqing boʻlsin omon.
Otalardan qolgan yurtni,
Saqlaymiz borki jahon.

Kelajakning poydevori yosh yurak,
U tinmaydi, talpinadi jon sarak.
Yangi asr obod yurtning baxtiga,
Oʻt yurakli vatanparvarlar kerak.

Naqorat:

Gulla, yashna Qirgʻiziston,
Aziz xalqing boʻlsin omon.
Otalardan qolgan yurtni,
Saqlaymiz borki jahon.

Manbalar

tahrir
  1. „Oʻzbek gimnaziyasi“ (ruscha). Isfana shahri rasmiy sayti. Qaraldi: 2012-yil 16-yanvar.[sayt ishlamaydi]
  2. Aminov, Saitmamat. Isʼhoq Razzoqovning hamyurtlari (qirgʻizcha), Oʻsh, 2005 — 385-387-bet. 
  3. „Isfana shahrida U. Matkarimov nomli gimnaziya oʻquvchilari „Faraon iloni“, „Yonmos roʻmolcha“ va „Qora ilon“ kimyoviy reaksiyalarini koʻrsatishdi“ (ruscha) (2015-yil 27-fevral). Qaraldi: 2017-yil 19-noyabr.
  4. „Isfana shahri haqida qiziqarli maʼlumotlar“ (ruscha). Limon (2015-yil 23-yanvar). Qaraldi: 2019-yil 18-sentyabr.
  5. „Isfana: Shahar profili“ (qirgʻizcha). Qirgʻiziston shaharlari birlashmasi. 2008-yil 2-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 30-sentyabr. (Wayback Machine saytida 2008-05-02 sanasida arxivlangan)
  6. Usmon, Sarvar „Qirgʻizistondagi oʻzbek maktablari taqdiri savol ostida“. Ozodlik radiosi (2011-yil 11-oktyabr). Qaraldi: 2012-yil 30-oktyabr.
  7. Sherzod. „Maqsad nima? Savodsizlarni koʻpaytirishmi“ (2011-yil 19-noyabr). Qaraldi: 2012-yil 30-oktyabr.
  8. Baqit Ibraimov; Temir Aqmatov. „Oʻsh oʻzbek maktablarni man qilish haqida oʻylamoqda“ (inglizcha) (2011-yil 8-dekabr). Qaraldi: 2012-yil 22-fevral.
  9. Baqit Ibraimov; Temir Aqmatov. „Qirgʻizcha maktablar haqidagi keskin gaplar“ (inglizcha) (2011-yil 8-dekabr). Qaraldi: 2012-yil 22-fevral.
  10. Qosim, Elmurod. „Ommaviy hayotdan oʻzbek tilini yoʻq qilish“ (inglizcha) (2012-yil 26-sentyabr). 2012-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-oktyabr.
  11. Wisniewski, Dan. „Qirgʻizistonda oʻzbek tili yoʻq boʻlib bormoqda“ (inglizcha) (2012-yil 1-oktyabr). Qaraldi: 2012-yil 9-oktyabr.
  12. Ivashenko, Yekaterina. „Qirgʻiziston: Kimga kerak bu oʻzbekcha taʼlim?“ (ruscha) (2013-yil 13-fevral). Qaraldi: 2014-yil 15-aprel.
  13. 13,0 13,1 „Umumrespublika testi“ (ruscha). Bilimni baholash va oʻqitish uslublari markazi. 2017-yil 1-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 21-oktyabr.
  14. Elmurod „Qirgʻiz deputati oʻzbekcha imtihonga qarshi“. Ozodlik radiosi (2012-yil 19-aprel). Qaraldi: 2012-yil 29-oktyabr.
  15. Indina, Mariya „Qirgʻizistonda oʻzbekcha umumrespublika testi bekor qilindi“ (ruscha). News-Asia (2013-yil 1-fevral). Qaraldi: 2014-yil 1-aprel.
  16. „Qirgʻiziston: Oʻzbekcha umumrespublika testi pirovardida bekor qilindi“ (ruscha). Fergana News (2013-yil 30-sentyabr). Qaraldi: 2014-yil 15-aprel.
  17. Miroshnik, Marina „Umumrespublika testidan oʻzbek tili olib tashlandi“ (ruscha). Vecherniy Bishkek (2014-yil 11-mart). Qaraldi: 2014-yil 15-aprel.
  18. „Inna Valkova: 2014-yildan boshlab umumrespublika testi oʻzbek tilida berilmaydi“ (ruscha). Qabar (2014-yil 6-mart). 2014-yil 16-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 15-aprel.
  19. Elmurod „Qirgʻizistonda oʻzbekcha testlar yana bekor qilindi“. Ozodlik radiosi (2014-yil 22-aprel). Qaraldi: 2014-yil 22-aprel.
  20. „Qirgʻizistonda bitiruvchilarga oʻzbek tilida test topshirish imkoni berildi, ammo...“. Ozodlik radiosi (2014-yil 29-may). Qaraldi: 2014-yil 7-iyun.

Havolalar

tahrir
Ushbu maqolani tinglang (11 daqiqa)
noicon
 
Bu audiofayl ushbu maqolaning 13-iyul, 2022-yil(2022-07-13) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.
Isfana shahridagi Oʻzbek gimnaziyasi direktorlari
 Shokirjon Toʻychiyev (2000–2010) | Habibullo Sattorov (2010–2014) | Bumayram Xolmatova (2014–2021) | Sardor Toʻraqulov (2021—)