Uzun Hasan (bek)
Uzun Hasan (XV—XVI asrlar) — temuriy Umarshayx Mirzo hamda oʻgʻli Bobur Mirzo xizmatida boʻlgan amaldor va Axsi hokimi, kelib chiqishi barlos urugʻiga mansub beklardan biri. Samarqandga amalga oshirilgan dastlabki harbiy yurish oldidan Bobur Axsikent boshqaruvini Uzun Hasanga topshirib ketgan. Samarqand egallangan boʻlsa-da, shaharda boshlangan ocharchilik sababli Bobur askarlari va xalq ogʻir ahvolda qolgan. Shunday sharoitda Bobur qoʻshini tarqab keta boshlaydi. Qochganlar orasida Ahmad Tanbal ham boʻlgan. Qochqinlar Axsi va Andijon shaharlari tomon borishadi. Bobur oʻz ustozi Xoja Qozini ularning ortidan yuborgan. Chunki Uzun Hasan Xoja Qoziga ixlosmand kishi edi. Bobur aslida qochqinlarni Samarqandga qaytarishda Uzun Hasandan yordam soʻragan yoki hech boʻlmasa ularni jazolanishini kutayotgan edi. Lekin bu buzgʻunchilikning ortida Uzun Hasan turgani tez orada oshkor boʻladi[1]. Bu haqida Bobur Mirzo oʻzining Boburnoma asarida shunday maʼlumotlar keltirilgan:
Uzun Hasan | |
---|---|
Tavalludi | taxminan XV |
Vafoti | XVI asrlar |
Fuqaroligi | Temuriylar davlati |
Kasbi | harbiy amaldor |
Dini | Islom |
Cherik elining oʻlchasi tugandi. Samarqandni olgʻonda Samarqand andoq xarob edikim, madad va tuxm va taqovigʻa ehtiyoj bor edi. Chi joyi ulkim, kishi andin nima ola olgʻay. Bu jihatlardin cherik eli koʻp tanqisliq torttilar. Biz ham elga nima yetkura olmaduk. Uylarini ham sogʻindilar. Birar-ikkirar qochmoqgʻa yuz qoʻydilar. Avval kishikim qochti Xonquli Bayonquli edi, yana Ibrohim Bekchik edi. Moʻgʻullar tamom qochtilar. Soʻngra Sulton Ahmad Tanbal ham qochti. Bu fitnaning taskini uchun Xoja qozini yibordukkim. Uzun Hasan Xojagʻa oʻzini xeyli muxlis va muʼtaqid tutar edi. Uzun Hasanning ittifoqi bila qochqonlarning ba’zisigʻa sazo bergaylar, ba’zisini bizning qoshimizgʻa yiborgaylar. Bu fitnalarni angiz qilgʻuchi, mundin qochib borgonlarni yomonliqqa tez qilgʻuchi xud Uzun Hasan haromnamak ekandur. Borchasi Sulton Ahmad Tanbal borgʻon bila zohir va oshkora yomonliq maqomida boʻldilar. Samarqandni olmoq doiyasi bila necha yilkim bajid cherik tortar eduk, Sulton Mahmudxondin agarchi mu'taddun bih madad va koʻmak boʻlmas edi, vale Samarqand fathidin soʻng Aidijonni tama’ qilur edi. Bu fursattakim aksar cherik eli va moʻgʻullar tamom qochib Andijon, Axsigʻa bordilar. Uzun Hasan va Tanbal ul viloyatlarii Jahongir mirzogʻa tama’ qildilar. Necha jihatdin mumkin emas edikim, alargʻa berilgay. Biri ulkim, vgarchi xongʻa bu viloyatlarni va’da qililmaydur edi, vale xon tilab edi. Xon tilab turub, Jahongir mirzogʻa berilsa, xon bila tamom yakroʻ boʻlmoq kerak edi. Yana bir bukim mundoq mahaldakim, ul qochib ul viloyatqa bordi, tahakkum tariyqi bila tama’ qiladur, agar burunroq bu soʻz orada boʻlsa edi, filjumla vajhi bor erdi, alarning tahakkumini kim tortar boʻlgʻay? Moʻgʻul va Andijon cheriki va ba’zi beklardin, ichkilardin ham Andijongʻa borib edilar[2].
— Bobur, Boburnoma
Boburnomada aytilganidek, Ahmad Tanbal hamda Uzun Hasan oʻzaro til biriktirib, Andijon va Axsi taxtiga Jahongir Mirzoni oʻtqazish harakatiga tushgan. Shu maqsadda Uzun Hasan Axsidan Andijonga harbiy yurish boshlaydi. Bobur tomonidan Andijon hokimi etib tayinlangan Ali Doʻst Togʻoyi harbiy kuch va zaxira yetarli boʻlishiga qaramay, Uzun Hasan va Ahmad Tanbalga shaharni topshiradi. Bu xabar Boburga yetib borganidan keyin u Samarqand shahrini tashlab chiqadi va 240 nafar yigiti bilan avval Margʻilon shahriga kelib tushadi. Margʻilonda 2-3 kun turgach, Andijon shahri tomonga harakatlanadi. Boburning shaharga yaqinlashib qolganidan xabar topgan Ahmad Tanbal va Uzun Hasan qoʻshin yigʻa boshlaydi. Yuz bergan toʻqnashuvda Uzun Hasan magʻlubiyatga uchraydi va Andijon shahri tomon chekinadi. Lekin shahar darvozasi Uzun Hasan uchun ochilmaydi va shahar aholisi oʻzaro kelishib Bobur Mirzoga chopar joʻnatishadi. Noiloj qolgan Uzun Hasan Axsiga tomon chekinadi. Axsi shahri ham Bobur Mirzo tomonidan qamal qilinganidan keyin Uzun Hasan taslim boʻlishga majbur boʻladi. Oʻzaro kelishuvga koʻra Hisorga joʻnab ketgan Uzun Hasanni koʻplab bek va askarlari tashlab ketgan edi[1].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 Rustamjon Ummatov. Gʻaznai Namangon. Toshkent: Sharq — 85-bet.
- ↑ „Dilimiz ve Edebiyatımız - Zahiriddin Muhammad Bobur - Boburnoma“. www.edebi.net. Qaraldi: 2023-yil 7-avgust.