Vegetativ koʻpayish - vegetativ organlar yoki ularning bir qismidan yangi organizm paydo boʻlishi; koʻp hujayralilar uchun xos. Vegetativ koʻpayishda ham bir hujayralilarning jinsiy koʻpayishi singari klonlar — genetik jihatdan bir xiddagi individlar guruhi vujudga keladi.

1.Oʻsimliklarda V. k.tallom ixtisoslashmagan qismining ajralishi (koʻpchilik suv oʻtlari va yuksak zamburugʻlar) yoki tallomdan ixtisoslashgan qismlar ajralishi (harasimon suv oʻtlarida tuganaklar, sfatsellyariya suv oʻtida bachki kurtaklar, lishayniklarda sorediyalar va izidiyalar, zamburugʻlarda sporalar) orqali koʻpayishdir. Yuksak oʻsimliklarda V. k. regeneratsiya qobiliyatidan, moxsimonlarda esa ona organizmning bir necha boʻlakka boʻlinishidan iborat. Plaunlar, ochiq urugʻli yoki gulli oʻsimliklarda V. k. yer ustki oʻrmalovchi yoki yotib oʻsuvchi poya qismining bir boʻlagi hisobiga amalga oshadi. Ixtisoslashgan V. k. rivojlanayottan yosh organizmlar va ularning boshlangʻichi (tushib ketadigan kurtaklar, barg yoki ildizdagi qoʻshimcha kurtaklar), novdadan hosil boʻladigan ixtisoslashgan qismlar (tuganak, piyozboshi, bachki ildizlar) orqali sodir boʻladi. V. k. har yili yoki ikki yilda bir marta, koʻp yillik oʻsimliklarda esa bir necha yilda bir marta roʻy beradi. V. k. vegetativ organ hujayralarining koʻpayib ketishi va paydo boʻladigan yangi individlarning yangi maydonni egallashidan iborat. V. k. xiliga qarab hosil boʻladigan har xil tipdagi klonlardan oʻsimliklar seleksiyasida foydalaniladi.

2. Hayvonlarda V.k.boʻlinish (tana bir qismining ajralib chiqib yangi organizm hosil qilishi) yoki kurtaklanish orqali sodir boʻladi. Koʻp hujayralilar orasida V. k. govaktanlilar, boʻshliqichlilar, yassi chuvalchanglar, mshankalar va ayrim halqali chuvalchanglarda; xordalilar orasida qobiqlilarda uchraydi.

Yana qara

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil