Barg (lotincha folium, yun. phyllon) – yuksak oʻsimliklarning asosiy vegetativ organlaridan biri, fotosintez, transpiratsiya va gaz almashinuvi vazifasini bajaradi. Baʼzi oʻsimliklar barglari evolyutsiya davomida yashash sharoiti taʼsirida shakli oʻzgarib, oziq yoki suv gʻamlash, himoya qilish, ilashish kabi qoʻshimcha funksiyalarni bajarishga moslashgan. Bargning kattaligi turlicha, odatda 3-10 sm, ayrim oʻsimliklar (palma, banan) bargi 20 m ga yetadi. Bargning plastinkasimon kengaygan qismi yaproq deyiladi, novdaga yopishish uchun xizmat qiladigan ingichka qismi barg bandi deyiladi.

Bargning tuzilishiga koʻra turlari

tahrir

Barg bandining mavjud va mavjud emasligiga koʻra bandli va bandsiz barglarga ajraladi. Bir qancha oʻsimliklar (bugʻdoydoshlar, ziradoshlar) Barg bandi kengayib, novdani oʻrab turadigan qinni hosil qiladi. Baʼzi oʻsimliklar (yalpizdoshlar) bargi bandsiz barg deyiladi. Ularning yaprogʻi toʻgʻridan-toʻgʻri novdaga birlashadi. Bunday barg oʻtroq barg ham deyiladi. Bargning fotosintez qiladigan sathi yaproqning shakli va kattaligiga bogʻliq. Yaproqning yassi boʻlishi bargning fotosintez qiladigan yuzasi sathini oshiradi. Bandli barg bandi tuzilishiga koʻra oddiy va murakkab boʻladi. Oddiy barg bandida bitta barg joylashadi. Bularga olma, nok, oʻrik, shaftoli, tut, tok, gʻoʻza, terak, rovoch, yantoq kabilarning bargi kiradi. Murakkab barg bandida bir necha bargchalar bandchalari orqali birikkan boʻladi. Murakkab bargli oʻsimliklarga shirinmiya, beda, soxta kashtan, yongʻoq, naʼmatak, qulupnay, loviya, noʻxat, yeryongʻoq kabilar kiradi. Murakkab barglar uch bargchali panjasimon,toq va juft patsimon barglarga boʻlinadi. Uchta bargchali murakkab barglar: sebarga, beda, loviya, mosh, panjasimon bargchaliga esa soxta kashtan barglari misol boʻladi. Bargchalar umumiy barg bandining oxirigacha qarama-qarshi joylashgan boʻlsa, bunday barglar juft patsimon barg deyiladi.(yeryongʻoqda). Agar umumiy barg bandining uchi bitta barg bilan tugasa, bunday barglar toq patsimon barg deyiladi.(shirinmiyada) Baʼzan toq bargchalar oʻrnida gajaklar hosil boʻladi (noʻxat va burchoqda). Murakkab barglar, oʻz navbatida yana boʻlaklarga boʻlinib, ikki yoki uch karra boʻlingan patsimon barglar hosil qiladi. Masalan: totim, shoyi akatsiya va boshqalarda. Oddiy barg yaprogʻining shakliga koʻra yumaloq, tuxumsimon, nashtarsimon, toʻgʻri chiziqli, ninasimon, yuraksimon, doirasimon va boshqa; qirrasining tuzilishiga koʻra tekis qirrali, tishli, kungurali koʻrinishlarda boʻladi. Barg yaprogʻini mikroskoʻp bilan kuzatganda uning poʻstlogʻi ostida usti va ostida ham barg oʻgʻizchalari borligi aniqlangan. Bargning 1m² yuzasida ogʻizchalar soni 40 dan 500 gacha, baʼzan undan ham koʻproq boʻladi. Ogʻizchalar ayniqsa sernam joylarda oʻsadigan oʻsimliklar bargida boʻlib, kutikula, yogʻsimon moddalar yoki tuklar bilan qoplangan. Barg plastinkasi eniga koʻra yupqa, etli boʻladi. Barg sathidagi kutikula, tuklar barg orqali suvning koʻp bugʻlanishiga imkon bermaydi. Epidermis ostida barg eti (mezofill) hujayralari joylashgan. Barg eti koʻpchilik oʻsimliklarda ustki epidermis ostida joylashgan 1-2 qator hujayralardan iborat ustunsimon toʻqima va uning ostidagi gʻovak toʻqimadan tashkil topgan. Barg eti hujayralari ayniqsa ustunsimon toʻqimadan iborat. Barg tarkibida yashil rang beruvchi xloroplastlar juda koʻp. Xloroplastlar ishtirokida hujayralarda fotosintez sodir boʻladi. Barg etida suv almashinuvini taʼminlash uchun tomir va naychlar joylashgan. Ular har xil shaklda boʻlib, Ikki pallali oʻsimliklar bargi toʻrsimon yoki patsimon, bir pallalilar esa parallel yoki yoysimon tomirlangan. Tomirlar lub va yogʻochlik tolalaridan hamda oʻtkazuvchi va toʻrsimon naylardan iborat. Tomirlar barg yaprogʻi uchun tayanch vazifasini oʻtaydi. Oʻtkazuvchi naylar orqali suv va mineral oziq moddalar ildizdan barg mezofili hujayralariga toʻxtovsiz kelib turadi. Barg hujayralarida sintezlangan mahsulotlar tomirlardagi toʻrsimon naychalar orqali oʻsimlikning boshqa qismlari, yaʼni poya, ildiz, gul, mevalarga yetkazib beriladi. Barg yuzasining keng boʻlishi uning karbonat angidridni faol qabul qilishi, koʻp miqdorda suv bugʻlatishi va kislorod ishlab chiqarishiga sabab boʻladi. Maydondagi yashil oʻsimliklar bir kecha-kunduzda 150-500 kg karbonat angidridni oʻzlashtirib, 60-400 kg kislorod ajratadi va 100 t gacha suv bugʻlatadi. Bu jarayonda barg 75-250 kg gacha organik modda hosil qiladi.

Bargdagi jarayonlar davomiyligi

tahrir

Bargning yashash muddati ham turlicha boʻlib, ayrim oʻsimliklar bargi bir necha hafta, boshqalari bir necha yilgacha yashaydi. Misol uchun, lavr bargi 3-4 yil, Yevropa archasi bargi 8-10 yil, Shrenka archasi bargi 30 yil yashaydi. Bargning hayoti fotosintez va metabolitik jarayonlarning izchilligi bilan bogʻliq. Bu jarayonlar sekin kechadigan ninabarglilarning bargi nisbatan uzoq yashaydi. Barg cheklangan oʻsish xususiyatiga ega boʻlishi bilan boshqa oʻsimlik organlaridan farq qiladi. Yaproqning oʻsishi cheklanganligi boʻlishi aniqlangan lekin barg bandning oʻsishi toʻxtovsiz davom etaverishi tufayli barg yaprogʻi yorugʻlikka oʻgirilish xususiyatiga ega boʻladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil