Ventilyatsiya (lotincha: ventilatio — „shamollatish“) — xonalarning havosini almashtirib turish, hamda bu ishni amalga oshiradigan qurilmalar majmui. Shaxtalar, sanoat korxonalari, turar joy binolari, jamoat uylari havosini yangilash uchun qoʻllanadi. Binolarning havosi vaqt oʻtishi bilan fizik va kimyoviy jihatdan salbiy tomonga oʻzgaradi, chunki odam terisi, nafas aʼzolari orqali, uskunalarning ishlash jarayonlari va boshqa yoʻllar tufayli tashqi muhitga issiqlik, suv bugʻlari, karbonat angidrid va qoʻlansa hidli moddalar (ter, organik moddalarning buzilish mahsulotlari va b.) ajraladi. Maʼlumki, katta yoshdagi odam normal (20°) temperaturada tashqi muhitga 1 soatda 22—40 l karbonat angidrid, 100—200 kkal issiqlik va 50 g suv bugʻi chiqaradi. Yopiq xonalar havosi oʻzgarganda organizmdagi baʼzi jarayonlar buzilib, kishi dimiqib qoladi. Baʼzi sanoat korxonalaridan chiqadigan badboʻy hid va kimyoviy moddalardan ifloslangan havo kishilarning markaziy nerv sistemasi, yurak-tomir sistemasi, ichki aʼzolari va hatto mushaklariga taʼsir etib, qon bosimini oshiradi, yurak urushini tezlashtiradi, ichki bosimini koʻtarib yuboradi. Kishilarning yashashi, ishlashi va dam olishi uchun moʻtadil sharoit yaratishda ventilyatsiya muhim omil hisoblanadi. Issiq mintaqali joylarda, shu jumladan Oʻrta Osiyo hududida ventilyatsiyaning ahamiyati katta. Shuning uchun, ota-bobolarimiz, ustalarimiz, qadimiy meʼmorlarimiz unga azaldan eʼtibor berib kelishgan. Eshik va derazaning yuqori qismiga ishlangan panjaralar, oshxona, novvoyxonalar tomidagi ochiq moʻrilar ventilyatsiya vazifasini oʻtagan.

Ventilyatsiyaning tabiiy va sunʼiy xillari boʻladi. Tabiiy ventilyatsiyada xonalar, deraza va eshiklar orqali shamollatiladi. Sunʼiy ventilyatsiyada maxsus qurilmalar (ventilyator va b.) ishlatiladi. Sunʼiy ventilyatsiya havo oʻz oʻzidan almashinadigan (xona ichidagi va tashqi havo ogʻirliklari orasidagi farq hisobiga) va majburan (ventilyator yordamida) almashtiriladigan xillarga boʻlinadi. Sanoat binolarida zararli va portlash xavfi boʻlgan gaz hamda changlar ejektor yordamida chiqarib turiladi. Turar joylarda eshik, rom orqali havo doimo almashinib turadi (tabiiy ventilyatsiya), tashqi havo temperaturasi xonadagi havo temperaturasidan qancha koʻp farq qilsa, havo shunchalik yaxshi almashinadi. Koʻp qavatli uylarda xonalar havosini toza tutish uchun oshxona, vanna, hojatxona havosi ventilyatsiya tizimi yordamida almashtirib turiladi. Ventilyatsiya umumiy (hamma xonalar markazlashgan usulda shamollatiladi) va mahalliy (xonalar alohida-alohida shamollatiladi) xillarga ham boʻlinadi. Teatr, kinoteatr, restoran, maktab, kasalxona va boshqa jamoat binolarida, asosan, sunʼiy va umumiy shamollatish tizimi ishlatiladi. Xonalarni ventilyatsiya yordamida shamollatib turishdan tashqari, ularning temperaturasi va namligini moʻtadillab turish ham zarur. Bu tadbir konditsioner va isitish tizimlari yordamida amalga oshiriladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.