Xazrat Ali buva ziyoratgohi
Xazrat Ali buva ziyoratgohi — Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi ziyoratgoh. Muhammad paygʻambarning kuyovi, xalifa Xazrat Ali shu yerga dafn etilgan degan rivoyatlar bor. Ziyoratgohning qurilishiga dastlab 1982-yilda qishloq aholisi tomonidan poydevor qoʻyilgan.
Xazrat Ali buva ziyoratgohi | |
---|---|
Joylashuv | Kumushkon, Parkent, Toshkent, Oʻzbekiston |
Binokor | Qishloq aholisi |
Bagʻishlangan | Xazrat Ali |
Turi | Ziyoratgoh |
Qurila boshlagan | 1982-yil |
Qurilish tamomlangan | 2010-yil |
Maydoni | 744,76 kv.m.[1] |
Xarita |
Ziyoratgoh 2021-yil 24-fevraldagi „Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq „Tashrif buyuruvchilar uchun shart-sharoitlar yaratilishi rejalashtirilgan turizm salohiyati yuqori boʻlgan madaniy meros obyektlari“ roʻyxatiga kiritilgan[2].
Joylashuvi va tarixi
tahrirXazrat Ali buva ziyoratgohi Parkent tumanining Kumushkon qishlogʻidagi „Chashma“ mahallasining yuqori qismida joylashgan. Ziyoratgoh uchun ilk poydevor qoʻyish 1982-yilda Kumushkon qishlogʻi aholisi tomonidan hashar yoʻli bilan 1 ta xonaqoh va 1 ta ayvon barpo etilishi bilan boshlangan. U 2010-yilda mahalliy ustalar tomonidan qayta taʼmirdan chiqarilgan. Bugungi kunda ziyoratgohda 3 ta xonaqoh va 1 ta ayvon mavjud. Qishloq aholisining rivoyat qilishicha, xalifa Xazrat Ali shu yerda namoz oʻqigan ekan. Boshqa rivoyatlarga koʻra, uning qamchisidan yoki hassasidan chinor daraxti oʻsib chiqqan. Ushbu chinor hozir ham ziyoratgoh hududida yashnab turadi. Xazrat Ali buva ziyoratgohida 5 ta buloq mavjud. Buloqlardan chiqayotgan suv kumushga toʻyingan boʻlgani sababli uning tarkibidagi 60 dan ortiq mikroelementlar oshqozon-ichak kasalliklari uchun davo hisoblanadi[3].
Boshqa afsonalarga koʻra, Xazrat Ali ibodat uchun tahorat olmoqchi boʻlgan va Allohdan buloq paydo qilishini soʻragan. Shunday qilib, chinor atrofidagi buloq koʻz ochgan. Avliyo buloq deb ataladigan ushbu buloqdan Xazrat Ali oʻzining Duldul laqabli otini sugʻorgan.
2010-yilda chinor yonida masjid qurilgan[4]. Masjidga kirish qismidagi darvozada: „Esingizda boʻlsin, faqat ezgu amallar Jannat eshigining kaliti boʻla oladi“ deb yozilgan. Baʼzi insonlar bu joyni ziyorat qilish kichik Hajni ziyorat qilishdek boʻladi deb ishonishadi[5].
Ziyoratgohning umumiy maydoni bino-inshootlar bilan birga 744,76 m2 ni tashkil etadi. 2014-yil ziyoratgoh qayta rekonstruksiya qilingan. Hozirgi kunda masjid binosi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-avgustdagi 708-F sonli farmoyishi asosida „Vaqf“ xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filialiga tekinga foydalanish uchun berilgan. Shuningdek, tashkilot tomonidan ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish maqsadida 2023-yil 5-iyundan „Kumushkon saxovati“ oilaviy korxonasiga ijaraga berilgan[1].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi. „Rasmiy munosabat“. Qaraldi: 2024-yil 11-avgust.
- ↑ „Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“. lex.uz (2021-yil 25-fevral). Qaraldi: 2024-yil 11-avgust.
- ↑ Nodirabegim Ibrohimova. „Ziyorat qilmoqchimisiz? Toshkent viloyati qadamjolari bilan tanishing“. xabar.uz (2020-yil 18-avgust). Qaraldi: 2024-yil 11-avgust.
- ↑ „Yurtimizda Ali roziyallohu anhuning qabrlari bormi?“ (2019-yil 14-fevral). Qaraldi: 2024-yil 11-avgust.
- ↑ „Xazrat Ali Buva masjidi“. Qaraldi: 2024-yil 11-avgust.