Chinor

chinordoshlar oilasiga mansub oʻsimliklar turkumi

Chinor (Platanus) — chinordoshlar oilasiga mansub barg toʻkuvchi oʻsimliklar turkumi; 10 turi maʼlum. Shim. Amerika (Kanadadan Meksikagacha), Janubiy Sharqiy Yevropa va Oʻrta dengizboʻyi mamlakatlaridan Hindixitoygacha boʻlgan hududda tarqalgan. Kavkaz, Qrim, Oʻrta Osiyoda sharq chinori (P.orientalis), Janubiy Ukraina, Qora dengiz sohillari, shuningdek, Oʻrta Osiyoda Shimoliy Amerikadan keltirilgan gʻarb chinori (P.occudentalis) turlari oʻstiriladi. Sharq chinori yovvoyi holda oʻsadi. Shoxshabbasi qalin, boʻyi baland (50 m gacha), tanasi baquvvat (aylanasi 18 m gacha), silindrsimon, poʻstlogʻi sargʻishoq. Oʻzbekistonda manzarali chinorning har ikki turi oʻsadi. Novdalari va barglari yoshligida tukli, keyinchalik tuklari toʻkilib ketadi. Barglari yirik, asosan, 3 (baʼzan 7) boʻlmali. Mevasi dumaloq, dagʻal tukli yongʻoqcha, diametri 1,5 sm, meva bandida 2—5 tadan oʻrnashgan, uzoq vaqt toʻkilmaydi. Aprelda gullab, mevasi may—sentyabr da yetiladi. Chinor, ayniqsa, yoshligida tez oʻsadi. Qulay sharoitda 2000-yil va undan ham koʻproq yashaydi. Egey dengizidagi Krit o.da tanasi aylanasi 18 m boʻlgan 2300-yillik chinorlar bor. Surxondaryo, Namangan va Samarqand viloyatlarida 600—800 yoshli chinorlar uchraydi.

Chinor
Biologik klassifikatsiya
Olam: Oʻsimliklar

Chinor urugʻini ekib, qalamchasidan va ildiz bachkilaridan koʻpaytiriladi. Chinorning yogʻochi yengil, pishiq, mebel sanoatida qadrlanadi. Uning yogʻochidan oʻzbek meʼmorligida qadimdan foydalanib kelingan.

Toʻkilgan chinor barglari.


Chinor daraxtining pastdan olingan fotosi.