Xoja Jaloliddin Hoshimiy as Siddiqiy

Xoja Jaloliddin Hoshimiy as Siddiqiy — (1438—1528) — alloma va muhaddis. Hazrat Xoja Jaloliddin Hoshimiy 1438-yil Buxoroda ziyoli alloma oilasida tug‘ilgan. Bu zoti sharifning katta bobolari hazrat Abu Hafs Kabir zamonlarida Buxoroning shayxulislomi bo‘lgan ekan. Hazrat Hoshimiy isteʼdodli shoir, buyuk tarbiyachi, saxovatli zot bo‘lgan[1]. Ko‘plab isteʼdod egalariga homiylik qilgan, XV asrning buyuk allomasi Zayniddin Vosifiy „Badoyeʼ ul vaqoye“ nomli mashhur asarida Hazrat Hoshimiyning faoliyatlari, qilgan savob ishlar to‘g‘risida batafsil xabar bergan. Jumladan, Vosifiy yozadi: „Xoja Hoshimiyning bir odati bor ediki, har yili o‘z tug‘ilgan kunini katta ziyofat berib nishonlardi: Hijriy 920 (miloddiy 1514) yil rabbe ul avval oyida Hoshimiy ushbu tantanani Sipadmuniy qishlog‘ida o‘tkazdi. Yuz bosh qo‘y, o‘nta ho‘kiz, uchta ot xudoyi qilinib, turli taomlar pishirilib, shoirlar, olimlar, faqirlar va turli tabaqadagi kishilarga berildi“. Hazrat Hoshimiy quyidagi matlaʼli g‘azallarini Jomiy hazratlarga yuborganliklari „Muzakkiri ahbob“da yozilgan: 1. Chunon afsurdaam az g‘am ki gar domon bar afshonam, Taki xoki ravad chun gard az choki girebokam. Mazmuni: G‘amdan vujudim afsurda bo‘lib qoldi, agar etak silkitsam tuproq (yaʼni vujudim) changdek yoqam chokidan to‘kilib ketgay. 2. Maro tu didavu az dida ham aziztari, Chi dida, k i bar ahvoli man namenigari. Mazmuni: Sen mening ko‘zimsan, balki ko‘zimdan ham azizroqsan, ammo qanaqa ko‘zsangki, hech mening ahvolimga boqmaysan? 3. Bo noz surma makash chashmi sahifaarahhumro Nishasta gir ba xoki siyah mardumro. Mazmuni: Rahm shafqatsiz ul ko‘zlarga noz ila surma tortma, qora tuproqqa o‘tqizgil odamlarni. Ushbu g‘azallar Hazrat Jomiyga manzur bo‘lib, tahsinlar aytganlar va butun Hirot bo‘ylab Hazrat Hoshimiyning dovruqlari taralgan. Hazrat Hoshimiy 1528-yil 90 yoshga kirib vafot qiladilar. Qabrlari Xoja Bug‘ro Bakr mazoridadir. Qabr toshlarida o‘zlarining quyidagi baytlari yozilgan: Qabram makun tavof ki behushy ovarad, Lavhi maro maxon ki faromushi ovarad. Mazmuni: Qabrimni tavof qilmaki, ul behushlik keltiradi. Lavhi toshimni o‘qimaki, ul faromushxotirlik keltiradi[2].

Muhaddis

Ism

Xoja Jaloliddin Hoshimiy as Siddiqiy

Tavalludi

1438-yil

Vafoti

1528-yil

Falsafa maktabi


Manbalar

tahrir
  1. Yoʻldoshev N. Buxorodagi ayrim avliyolar tarixi. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1993 — 143-bet. 
  2. Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona nashriyoti, 2012 — 291-bet.