Zayniddin Vosifiy (taxallusi; asl ismi Zayniddin Mahmud ibn Abduljamil) (1485/86, Hirot – 1551 yoki 1566, Toshkent) – adib. Munshiy oilasida tugʻilgan. Vosifiy arab tili, adabiyot, fiqh va boshqa bilimlarni puxta egallagan. Hirotda Shoxrux madrasasida tahsil koʻrgan (1511-yilgacha). Husayn Boyqaroning oʻgʻli Faridun Husaynga kotiblik, boshqa oʻgʻillariga muallimlik qilgan. 16 yoshida Navoiy bilan tanishgan. Ijodini Hirotda, Navoiy adabiy maktabida boshlagan. Shoh Ismoil taʼqibidan qochib, Movarounnahrga ketgan. Samarqand, Buxoroda yashagan (1512—1515), soʻng Farqat (hozirgi Parkent), Toshkent, Shahrisabzga sayohat qilgan. 1518-yilda Keldi Muhammadxon (Sulton Muhammad) tomonidan Shohruxiyaga chaqirilgan, 1525-yildan umrining soʻnggi yillarigacha Toshkentda yashagan.

Vosifiy Keldi Muhammadxonning Xurosonga yurishlarida qatnashgan (1528—1529). 1540-yildan Baroqxon saroyida davlat hujjatlarini tuzgan.

Vosifiyning ijodiy faoliyati 12—13 yoshidayoq boshlangan. Nasrning koʻpgina turlarida (maktub, ariza, hikoya kabi), badiiy, sajʼ uslubida yaxshi ijod qilgan. Rang-barang tashbehlar ishlatishdagi, ayniqsa muammo sanʼatidagi mahoratiga Alisher Navoiy yuqori baho bergan. Vosifiyning bir qancha sheʼriy va nasriy asarlarini oʻz ichiga olgan „Badoyeʼ ul-vaqoe“ („Nodir voqealar“, 1-qism, 1517—18; 2-qism, 1539) kitobida Xuroson, Movarounnahr, Turkiston va Erondagi 1532-yilgacha boʻlgan davrdagi ilmiy, adabiy, tarixiy va madaniy hayot aks ettirilgan. Ibn Sino, Jomiy, Navoiy, shuningdek Qosim Ali Qonuniy, Chaqar, Changiy, Ustod Hasan Udiy, Hofiz Basir, Ustod Shayxi Noyi kabi musiqashunoslar, ayrim davlat arboblari haqida muhim maʼlumotlar keltirilgan. Kitob Oʻrta Osiyo xalqlari tarixi va madaniyati haqida muhim manba hisoblanadi. Akademik B. L. Dorn, V. V. Bartold, professor Yakubovskiy, Bertels, Ayniy va boshqalar oʻz ilmiy tadqiqotlarida undan foydalanganlar. Mazkur asarda Toshkent va uning viloyatidagi siyosiy voqealar, adabiy muhit, xususan unda shoirlar, adiblar toʻplanishib mushoiralar oʻtkazgan Kaykovus chorbogʻi haqida qiziqarli voqealar bayon kilingan. Chorbogʻ shahar qoʻrgʻonidan tashqarida boʻlib, Vosifiy u yerda xon va sultonlar uchun shifoxona boʻlganligini ham yozgan. Toshkent va uning atrofida yashab ijod etgan shoirlar, rassomlar, xattotlar va boshqa mashhur kishilar haqida, viloyat hududida foydalanib turilgan temir va feruza konlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berilgan.

„Badoyeʼ ul-vaqoe“ning 83 baytdan iborat masnaviysida Toshkentning goʻzalligi, bogʻ-rogʻlari, havosi va zilol suvlari madh etilgan.

Vosifiy imom Qaffol Shoshiy maqbarasi eshigidan kiraverishda oʻng tomonga dafn etilgan.

As.: Badoyeʼ ul-vaqoe (Nodir voqealar; tarjimon N. Norkulov), T., 1979.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil