Xorazm maqomlari – maqom turi Xorazmda maqom yoʻllariga yaqin mumtoz musiqa namunalari qadimdan maʼlum boʻlgan.

Bizgacha yetib kelgan shakli – olti maqom (Rost, Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq) tizimi Shashmaqom asosida 19-asr boshlarida shakllangan. Har bir maqom belgilovchi omil – muayyan lad tizimi va uning asosida yuzaga kelgan kuy yoʻllaridan iborat. Xorazm maqomlari Buxoro Shashmaqomi kabi mustaqil tuzilishga ega boʻlgan chertim (cholgʻu) va aytim (ashula) boʻlimlarini oʻz ichiga oladi. Chertim yoʻli (boʻlimi) tani maqom, tarje, peshrav, muxammas, saqil, ufar kabi shaklan yakunlangan va nisbiy mustaqil qismlardan tashkil topgan. Boshlangʻich tani makom va yakunlovchi ufar har bir maqomda bittadan boʻlsa, oʻrtada keladigan peshrav, muxammas, sakil 2—3 tagacha boʻladi. Cholgʻu yoʻli yakkanavozlik va joʻrnavozlik usulida chalinadi. Yakkanavozlikda tanbur asosiy soz hisoblanadi. Joʻrnavozlik, odatda, tanbur, dutor, nay, boʻlamon, qoʻshnay, gʻijjak, chang, doiradan iborat ansamblda amalga oshiriladi.

Shuningdek, Xorazm maqomlarining dutor, surnay yoʻllari ham mavjud. Masalan, 19—20-asr boshlarida Xivada 11 ta Xorazm dutor maqomi mashhur boʻlgan: Chapandoz, Navoiy, Sadri Iroq, Tashniz, Agʻyor va boshqa Tanbur yoʻllaridan farqli oʻlaroq ular turkumli asarlar boʻlib, har bittasi 2— 7 qism (mas, „Iroq“ dutor maqomi „Oʻrta ufori“, „Nigoron“, „Oromijon“, „Boymuxammad“, „Saklansin“) dan iborat boʻlgan. „Oraz bam va uforisi“, „Majnun dali“, „Roviy“, „Miskin va uforisi“, „Moʻgʻulcha ufori“lari M. Yusupov tomonidan „Oʻzbek xalq muzikasi“ning 6jildiga kiritilgan.

Aytim yoʻli tani maqom, talqin, nasr kabi asosiy qismlar – shoʻʼbalar va ular negizida tuzilgan tarona, suvora, naqsh, faryod va ufar deb nomlangan variant qismlardan tashkil topadi. Dastlab Xorazm maqomlari ijrosida forstojik (Hofiz, Jomiy kabi) va keyinchalik uzbek, ozar mumtoz shoirlari (Navoiy, Fuzuliy, Munis, Ogahiylar)ning gʻazallaridan foydalanilgan.

Xorazm maqomlari va Buxoro Shashmaqomining umumiy va farq qiluvchi tomonlari mavjud. Tashqi tomondan Xorazm maqomlari Rostdan, Shashmaqom Buzrukdan boshlanadi. X.mda Iroqning ashula boʻlimi unutilgan, Rost maqomining chertim yoʻllari asosida 8 qismdan iborat Panjgoh turkumi yaratilgan; suvora, naqsh, faryod qismlari oʻziga xos xususiyatlarga ega; savt va moʻgʻulcha kabi 2guruh shoʻʼbalari uchramaydi. Ichki tuzilishi jihatidan koʻpchilik doyra usullari, kuy kiyofasi, ijrochilik uslubi mustakilligi bilan ajralib turadi.

Xorazm maqomlari Komil Xorazmiy ixtiro qilgan tanbur chizigʻida uning oʻzi va oʻgʻli Muhammad Rasul Mirzaboshi tomonidan toʻla yozilgan (1886). Hozirgi nota yozuvida Ye. Romanovskaya chertim yoʻllarini („Xorazm klassik muzikasi“, T., 1939) va M. Yusupov chertim va aytim yoʻllarini („Oʻzbek xalq muzikasi“, 6j., T., 1958) yozib olgan. M. Yusupov tomonidan keyinchalik nashrga tayyorlangan „Xorazm maqomlari“ toʻplamiga (T., 1980—1987) Xorazm mumtoz musiqasining boshqa janrlari (suvora, faryod kabi) namunalari ham kiritilgan. Ye. Romanovskaya, Il. Akbarov tomonidan Matyoqub Xarratov tanburda ijro etgan ayrim parchalar fonografga yozilgan (1934). Sanʼatshunoslik institutida K. Otaniyozov va K. Ismoilovlardan Rost, Navo, Dugoh, Segoh (1949), H. Boltayevdan Buzruk (1952) makomlarining ashula yoʻllari magnit lentasiga yozib olingan.

Xorazm maqomlari ijrochiligining yirik namoyandalari Niyozjonxoʻja, Komil Xorazmiy, Feruz, Xudoybergan muhrkan, Matyoqub va Matyusuf Xarratovlar, M. Xudoyberganov, K. Otaniyozov, H. Boltayev, M. Raximov, N. Yusupova, M. Yusupov, R. Jumaniyozov va boshqa dir.

Adabiyot

tahrir
  • Akbarov I., Kon Yu., Xorazm maqomlari ["Oʻzbek xalq muzikasi" kitobida, 6j.], T., 1958; Rajabov I., Maqomlar masalasiga doyr, T., 1963; Matyoqubov O., Maqomot, T., 2004.