Yorkend (qad. nomi Sakaraoʻl, xitoycha Shache) — Xitoyning Sinszyan-Uygʻur muxtor rayonidagi shahar, Qashqar viloyatining Yorkend tumani markazi (1980-yilgacha Qashqar viloyati markazi). Taklamakon choʻlining gʻarbiy qismida, Yorkenddaryoning oʻng sohilida, 1200 m balandlikda joylashgan. Aholisi qariyb 547,5 ming kishi, asosan uygʻurlar, qisman oʻzbeklar, xitoylar ham yashaydi. Yorkend 2 qism — musulmonlar yashaydigan Yorkend va xitoylar yashaydigan Shachedan iborat. Muhim savdo va tranzit punkti. Yorkend yirik dehqonchilik (gʻallakorlik, paxtachilik), bogʻdorchilik va ipakchilik rayonnining markazi. Oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Hunarmandchilikda gilam, ip gazlama va shoyi toʻqiladi. Xitoy manbalarida qayd etilishicha, miloddan avvalgi 65-yili Yorkendda 2300 dan ziyod xonadon boʻlgan, aholisi sak (yun. manbalarida skif)lar deb koʻrsatilgan. Yorkend 1465—1759-yillarda butun Sharqiy Turkistonni oʻz ichiga olgan Yorkend xonligining markazi edi. Shahar atrofidan temir rudasi va qimmatbaho yashma toshi olingan. Yorkend orqali qadimda Oʻrta Osiyodan Sharqiy Turkistonning boshqa shaharlari va Hindistonga boradigan karvon yoʻli oʻtgan. Shahar Buyuk ipak yoʻlida joylashganligidan qadimdan hunarmandchilik (gilam, ip gazlama, shoyi toʻqish) ravnaq topgan. Shaharda qadimiy obidalardan malika hamda shoira Omonisaxon (16-asr) maqbarasi va xon daxmalari (Oltunum) saqlangan. Oʻzbek shoiri Furqat (1859—1909) umrining soʻnggi yillari Yorkendda yashab ijod qilgan, 1990-yilda shoir qabri ustiga maqbara qurilgan.[1]

Yorkend
shahar
Skyline of Yorkend
38°25′12″N 77°15′0″E / 38.42000°N 77.25000°E / 38.42000; 77.25000
Mamlakat Xitoy
Avtonom rayon Shinjon-Uygʻur muxtor rayoni
Nohiya Yorkend
Iqlim turi keskin kontinental
Rasmiy til(lar)i uygʻur va xitoy
Milliy tarkib uygʻurlar, xanlar
Konfessiyaviy tarkib musulmon
Yorkend xaritada
Yorkend
Yorkend

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil