Yunon-Baqtriya podsholigi

yunon qirolligi (eramizdan avvalgi 256–100)

Yunon-Baqtriya podsholigi — Qadimiy quldorlik davlati (mil. av. 250— yildan mil. av. 140—135 yiilar).

Yunon-Baqtriya podsholigining taxminiy xaritasi

Asoschisi salavkiylarning Baqtriyadagi satrapi Diodot hisoblanadi. Mil. av. 250 yilda u oʻzini Baqtriyaning mustaqil hukmdori deb eʼlon qiladi. Davlat hududiga hozirgi Janubiy Tojikiston, Janubiy Oʻzbekiston va Afgʻoniston kirgan. Yu.Yunon-Baqtriya podsholigi kuchaygan paytlarda unga Pokiston, Shimoliy Gʻarbiy Hindiston ham boʻysungan. Poytaxti Baqtra (oʻrta asrlardagi Balx) shahri boʻlib, uning xarobalari Shimoliy Afgʻonistonda, Mazori Sharif shahri yaqinida joylatlgan. Davlat bir qancha satrapliklar (viloyatlar)ga boʻlinib boshqarilgan. Yozma manbalar va arxeologiq tadqiqotlar natijalari iqtisodiy hayot, badiiy hunarmandchilik, haykaltaroshlik, madaniyat, shaharsozlik yunon anʼanalari asosida yuksak rivojlanganligidan dalolat beradi. Yunon-Baqtriya davriga mansub eng mashhur yodgorlik Shimoliy Afgʻonistondagi Oyxonum va Janubiy Tojikistondagi Taxti Sangin yodgorliklari hisoblanadi. Amudaryoning oʻng qirgʻogʻida, Vaxsh va Panj daryolari quyilishida joylashgan Taxti Sangindagi ibodatxona tuzilishi va topilmalari ellinizm dunyosiga xos diniy eʼtiqodlar keng tarqalganligini koʻrsatib turibdi.

podsho Evkratidning tillo tangasi

Yunon-Baqtriya podsholigi Hindiston va Oʻrta Osiyo hududlarini oʻzaro bogʻlovchi hamda Xitoydan Badaxshon orqali Fors koʻrfaziga olib chiquvchi savdo yoʻllarini nazorat qilib, xalqaro iqtisodiy-savdo aloqalarida faol ishtirok etgan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan koʻplab tangalar tovarpul munosabatlari rivojlanganligini koʻrsatadi. Tangalar yunon standartlari asosida kumush va jezdan quyilgan. Tangalarda (tetradraxma, draxma, obol va boshqalar) hukmdorlar qiyofasi yuksak did va aniqlik bilan tasvirlangan. Diodot (mil. av. 250—230), Yevtidem (mil. av. 230 —200), Demetriy (mil. av. 200-185), Yevkradit (mil. av. 185-171), Geliokl (mil. av. 171—155) va boshqalar hukmdorlari maʼlum. Bitta nom bilan davlatni boshqargan hukmdorlar (masalan, Diodot 1, Yevkradit II) ham boʻlgan. Mil. av. 3-asr oxiri —2-asrning 1-yarmi davlatning eng rivojlangan davri hisoblanadi. Mil. av. 2-asr oʻrtalaridan boshlab ichki nizolar kuchayib, inqiroz davri boshlanadi. Mamlakat alohida viloyatlarga boʻlinib, mahalliy hokimlar (Antimax, Menandr, Appolodot va boshqalar)oʻz nomidan tangalar zarb qilishgan.

Yunon-Baqtriya podsholigi mil. av. 140—135 yillarda sak va yuyechji qabilalari tomonidan butunlay tugatilgan.

Yunon manbalariga koʻra, Yunon-Baqtriya podsholigi asiylar, pasianlar, sakaravllar va toxarlar tazyiqi ostida barham topgan.[1]

Yunon-Baqtriya podsholigi Oʻrta Osiyo hududida eramizdan avvalgi 250-125 yillarda mavjud boʻlgan davlatdir.

Eramizdan avvalgi 256-yilda Parfiya, Baqtriya va Soʻgʻdiyona Salavkiylar davlatidan ajralib chiqdi. Baqtriya strapi Diodot oʻzini shoh deb eʼlon qildi va mintaqada gegemonlik uchun kurash boshladi. Bunga javoban, Arshaxidlar Parfiyada hokimiyatni qoʻlga kiritdi. Soʻgʻdiyona esa Baqtriya hukmronligi ostiga oʻtdi. Eramizdan avvalgi 230-yilda Soʻgʻdiyona strapi Yevtidem Diodotning vorisini taxtdan agʻdardi. Yunon-Baqtriya bilan Parfiya oʻrtasida savdo yoʻllarini nazorat qilish borasida doimiy urushlar boʻlib turgan. Eramizdan avvalgi 209-208-yillarda salavkiy hukmdori Buyuk Antiox III Salavkiylar saltanatini qayta tiklash uchun sharqqa yurish boshlaydi. 207-yilda u Parfiyani magʻlubiyatga uchratib, Yunon-Baqtriyaga qarshi harbiy yurish qiladi. Antiox qoʻshinlari Yevtidem ustidan gʻalaba qozonadi va Yunon-Baqtriya poytaxti Baqtrani qamal qiladi. Qamal ikki yil davom etgan. Nihoyat Yevtidem Antiox bilan tinchlik sulhini tuzishga erishadi. Oʻz navbatida u Antioxga oʻzining barcha jangchi fillarini topshiradi. Yevtidemning oʻgʻli Demetriy esa salavkiylar malikasiga uylanadi. Magnesiya jangida rimliklar tomonidan salavkiylarga qattiq talofot yetkazilishi natijasida Yunon-Baqtriya podsholigi salavkiylarning ittifoqchilari boʻlgan janubiy knyazliklarni oʻziga boʻysundirish imkoniyatiga ega boʻladi. Eramizdan avvalgi 187 yilda otasi Yevtidemning vorisi Demetriy Araxosiyani zabt etadi va Hindiston sari yoʻl oladi. Demetriy Shimoliy Hindistonda oʻz qoʻshinlari bilan ancha muddat qolib ketadi. Bundan foydalangan uning sarkardalaridan biri - Yevkradit 171 yilda Baqtra hokimiyatini qoʻlga kiritadi. Yevkraditning podshohligi tarixda "behisob shaharlar podshohligi" degan nom olgan. Xitoy manbalarida yozilishicha, eramizdan avvalgi 165 yilda Yettisoyga (Semirechya) yuechjilarning qadami tekkan. Ular Sirdaryo orqali Amudaryo sohillari tomon yoʻl olgan. Ular Baqtriyani egallashga ham muvaffaq boʻlgan. 155 yilda Yevkradit navbatdagi yurishlarning birida oʻz oʻgʻli tomonidan oʻldiriladi. Xuddi shu davrlarda Yunon-Hind podshohligi tashkil topgan edi. 141-128 yillar Yunon-Baqtriya podshohligining tanazzulga yuz tutish davri boʻldi. Taxminlarga koʻra, yuechshilar Baqtriyani qoʻlga kiritgandan soʻng shoh Geliokl Paropamisada yoki Araxosiyada hokimiyatni saqlab qolgan. Oʻrta Osiyo ikki yuz yil ellinlar dunyosining bir qismi boʻldi. Bu davr O`rta Osiyo tarixida jiddiy iz qoldirgan. Soʻgʻd va Baqtriya ellin-makedon harbiy guruhlariga tayangan strapiyalarga aylandi. Hirot, Marv kabi yangidan-yangi shaharlar vujudga keldi. Mintaqada yunon standartlari boʻyicha tangalar zarb etildi. Mintaqaga yunon xudolari panteoni, yunon adabiyoti va teatri kirib keldi. Mahalliy va yunon madaniyatining oʻzaro sintezi sodir boʻldi.

Adabiyot

tahrir
  • Rtveladze E. V., Velikiy shelkoviy put, T., 1999;
  • Oʻzbekiston tarixi, T., 2003;
  • Sagdullayev A.S., Qadimgi Oʻrta Osiyo tarixi, T., 2004.




  1. Oʻktam Mavlonov. OʻzME. Toshkent, 2000-2005.