Yunus No‘monovich Yoqubov (1935—2003) — geliofizika sohasida faoliyat ko‘rsatgan olim, texnika fanlari doktori, faxriy professor.

Yunus No‘monovich Yoqubov
Tavalludi 1935-yil 8-iyul
Buxoro shahri
Vafoti 2003-yil
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR, O‘zbekiston Respublikasi
Kasbi geliofizik olim
Sohasi geliofizika, geliotexnika
Ish joylari Buxoro shahridagi Makarenko nomli o‘rta maktab, Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)
Taʼlimi Buxoro davlat pedagogika institutining Fizika-matematika fakulteti (1959)
Ilmiy darajasi texnika fanlari doktori
Ilmiy unvoni faxriy professor
Tezis sarlavhasi „Issiqxonalarda quyosh energiyasidan samarali foydalanish va akkumulyatsiyalash“ (doktorlik dissertatsiyasi, 1987)
Mashhur shogirdlari A.I.Imomqulov, S.A.Saidov

Ta'limi va ish faoliyati

tahrir

Yunus Yoqubov 1935-yil 8-iyulda Buxoro shahrida ishchi-xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1951-yilda yetti yillik maktabni bitirib, 1951—1954-yillarda kechki ishchi-yoshlar maktabida o‘qishni davom ettirdi va shu davrda Buxoro shahridagi 18-son avtobazada motorchi bo‘lib ishladi. 1959-yilda Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning Fizika-matematika fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirib, 1963-yil avgust oyigacha Buxoro shahridagi Makarenko nomli o‘rta maktabda fizika o‘qituvchisi va ilmiy bo‘lim mudiri vazifalarida faoliyat yuritdi. 1963-yil sentyabr oyidan boshlab Buxoro davlat pedagogika institutining umumiy fizika kafedrasida tanlov asosida assistent-o‘qituvchi vazifasiga ishga qabul qilindi[1].

Ilmiy-pedagogik faoliyati

tahrir

Yunus Yoqubov 1965—1966-o‘quv yilida akademik V.A.Baum rahbarligida Ashxobod shahrida bir yillik ilmiy stajirovkani o‘tab, 1966—1972-yillarda Quyosh energiyasini akkumulyatsiyalash sohasida professor Q.B.Boybo‘tayev va G‘.Y.Umarovlar rahbarligida ilmiy tadqiqotlar olib bordi va 1972-yil dekabrda Toshkentdagi Fizika-texnika instituti huzuridagi maxsus ilmiy kengashda issiqlik fizikasi mutaxassisligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Quyoshning nurlanish energiyasidan samarali foydalanish va akkumulyatsiyalash yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib bordi[2] va 1987-yilning noyabr oyida G.M.Krjijanovskiy nomli Moskva Energetika ilmiy tadqiqot institutida sanoat issiqlik energetikasi mutaxassisligi bo‘yicha maxsus ilmiy kengashda „Issiqxonalarda quyosh energiyasidan samarali foydalanish va akkumulyatsiyalash“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi[3].

Quyosh nuri ta’sirida sorbsion sikllar samaradorligini oshirish, issiqxonalarda nurlanish energiyasi samaradorligini oshirish yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borish natijasida to‘rt fan nomzodi va fan doktorlarini tayyorladi, jumladan, A.I.Imomqulov, S.A.Saidovlarning dissertatsiyalariga rahbarlik qildi. Yunus Yoqubov Turkmaniston Fanlar akademiyasi qoshidagi doktorlik dissertatsiyalar ishi himoyasi bo‘yicha maxsus ilmiy kengash a’zosi, universitetning faxriy professori vazifasida ishladi.

Yunus Yoqubov kafedra mudiri, fakultet dekani vazifalarida hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasida mas’ul vazifalarda faoliyat ko‘rsatdi. Ilmiy-pedagogik ishlari ko‘p qirrali bo‘lib, 120 dan ortiq ilmiy maqolalari, 2 ta monografiya va o‘quv qo‘llanmalari o‘zbek, rus va chet tillarida chop etilgan.

Manbalar

tahrir
  1. Раҳматов И. Бухоролик гелиофизик олимлар, 2009 — 12-bet. 
  2. Якубов Ю.Н. Аккумулирование энергии солнечного излучения / Отв. ред. Г.Я. Умаров. Ташкент: Фан, 1981 — 104-bet. 
  3. Якубов Ю.Н. Эффективное использование и аккумулирование солнечной энергии в теплицах: диссертация ... доктора технических наук, Москва, 1987 — 401-bet.