Yusuf Hamadoniy (1048-yil 17-iyul, Buzanjird qishlogʻi, Hamadon – 1140-yil 13-sentyabr, Bomiyon) – tasavvufning yirik namoyandasi, olim. Uning tarjimai holiga oid maʼlumotlar unchalik koʻp emas. Abduxoliq Gʻijduvoniy, Farididdin Attor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlarida Yusuf Hamadoniy haqida maʼlumotlar bor. Toʻliq ismi – Yusuf ibn Yaʼqub ibn Abduvohid ibn Abdubosit ibn Zamzam ibn Boqir ibn Muhammad ibn Ismoil ibn Abu Xanifa Noʻʼmon ibn Sobit[1].

Bagʻdodda Abu Isʼhoq Sheroziydan tahsil olgan. Keyinchalik Isfahon, Marv va Samarqand muhaddislaridan ilm oʻrgangan[2].

Tasavvufni Abu Ali Formadiy va Abdulloh Juvayniydan oʻrgangan. Zamonasining yetuk allomalari Abdulqodir Gʻiloniy, Gʻazzoliy, Hamiduddin Multoniy bilan muloqotda boʻlgan. 30 marta haj ziyoratiga borgan.

Yusuf Hamadoniy Buxoroda uzoq muddat yashab, Ahmad Yassaviy, Abduxoliq Gʻijduvoniy va boshqa yirik mashoyixlarga ustozlik qilgan. U keyinchalik xojagon-naqshbandiya tariqatining ayrim qoidalarini ishlab chiqqan. Xoja Abdulloh Barqiy, Xoja Hasan Andoqiy Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Abduxoliq Gʻijduvoniy Yusuf Hamadoniydan soʻng uning xalifalari sifatida muridlarning tarbiyasi bilan shugʻullanganlar.

Yusuf Hamadoniy tasavvufga oid „Rutbat ul-hayot“ („Hayot mezoni“), „Kashf“, „Risola dar odobi tariqat“ („Tariqat odobi haqida risola“), „Risola dar axloq va munojot“ („Axloq va munojot haqida risola“), „Risola fi annal kavna musaxxarun lil inson“ („Dunyoning insonni taslim qilishi haqida risola“) asarlarini yozgan. Alisher Navoiyning hikoyatlarida Yusuf Hamadoniyning yana „Ziynat ul-hayot“, „Manozil us-solikin“ va „Manozil ul-soirin“ nomli asarlari boʻlgani haqida aytib oʻtilgan[3].

„Rutbat ul-hayot“ („Hayot mezoni“) risolasini Sayfiddin Rafiddinov oʻzbekchaga oʻgirib, 2003-yilda nashr qildirgan. „Kashf“ risolasi topilmagan[3].

Yusuf Hamadoniy etikdoʻzlik kasbi bilan mashgʻul boʻlgan. Dehqonchilik ham qilga[4].

Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy tazkiralarida Yusuf Hamadoniy koʻp vaqt Marvda yashagani va u yerdan Hirotga 2 marta kelib bir necha muddat turgani haqida yozilgan. U 1140-yili Hirotdan Marvga qaytib ketayotgan mahali yoʻlda vafot etadi. Manbalarda Bomiyon Yusuf Hamadoniy vafot etgan joy sifatida koʻrsatiladi. Oradan bir qancha vaqt oʻtib, Yusuf Hamadoniyning xoki yoki jasadi Marvga keltirilib dafn qilinadi. Oʻsha paytlarda bu maskan el orasida mashhur boʻlgan. Yusuf Hamadoniyning qabri saqlanib qolgan[5].

Manbalar

tahrir
  1. Jumanazar 2022, s. 111.
  2. Jumanazar 2022, s. 112.
  3. 3,0 3,1 Jumanazar 2022, s. 124.
  4. Jumanazar 2022, s. 116.
  5. Jumanazar 2022, s. 112–113.

Adabiyotlar

tahrir