Saida Zunnunova

Oʻzbekistonlik shoira
(Zunnunova Saidadan yoʻnaltirildi)

Zunnunova Saida (1926-yil 15-fevral, Andijon–1977-yil 20-mart, Toshkent) — oʻzbekistonlik shoira. Yozuvchi Said Ahmadning rafiqasi. Andijon oʻqituvchilar institutini (1943) va Oʻrta Osiyo universitetining filologiya fakultetini (1947–1952) tugatgan. „Gulxan“ jurnalida (1953–1956), „Oʻzbekiston madaniyati“ gazetasida adabiy xodim (1956–1957), Badiiy adabiyot nashriyotida muharrir (1957–1958) hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1962–1967) boʻlib ishlagan.

Saida Zunnunova
Saida Zunnunova
Ushbu maqolani tinglang (2 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 9-avgust, 2022-yil(2022-08-09) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Saida Zunnunovaning ilk sheʼri 1945-yil Andijon viloyati „Paxta fronti“ gazetasida bosilgan. „Qizingiz yozdi“ nomli ilk sheʼrlar toʻplami esa talabalik yillari, ya’ni 1948-yillari nashr etilib, sheʼriyat muxlislari eʼtiborini qozondi. Shundan keyin uning „Yangi sheʼrlar“ (1950), „Gullar vodiysi“ (1954), „Qizlarjon“ (1962), „Sheʼrlar“ (1964), „Bir yil uylari“ (1967), „Nilufar“ (1972) sheʼriy toʻplamlari eʼlon qilindi. Shoira goʻzal lirik sheʼrlar bilan bir vaqtda „Sodiq va Anor“ (1947), „Xayrixon“ (1949), „Surat bilan suhbat“ (1966), „Qoʻshnilarim“ (1968) singari dostonlar ham yaratdi. Shoira bu sheʼriy asarlarida inson ruhiy hayotining nozik qirralari va tebranishlari, tuygʻu va kechinmalarning murakkab harakati, dard-u alamlari va orzu-armonlarning kamalak ranglarini mahorat bilan ifodalay oluvchi shoira sifatida shakllanganini namoyish etdi. Bu hol uning, ayniqsa, „Surat bilan suhbat“ dostonida yorqin koʻrinadi.

Zunnunova oʻzbek xotin-qizlari hayotini oʻrganish, ular turmushidagi mashaqqatli jihatlar va murakkabliklarga jamoatchilik eʼtiborini jalb etish niyatida oila va muhabbat mavzuida bir qancha hikoya va qissalar yozdi. Uning „Gulbahor“ (1956), „Povest va hikoyalar“ (1957), „Gulxan“ (1959), „Doʻstlik“ (1960), „Qanot“ (1961), „Olov“ (1962), „Koʻchalar charogʻon“ (1965), „Boʻylaringdan oʻrgilay“ (1972) singari nasriy kitoblarida xotin-qizlar hayoti haqqoniy badiiy ko'rinishini topdi. Ayniqsa, „Yangi direktor“, „Olov“, „Odamlar orasida“ qissalarida 3 eskilik sarqitlarini fosh etish niqobi ostida sovet jamiyatidagi illatlarni keskin fosh etdi. Shoiraning „Ona“ (1966) va „Koʻzlar“ (1968) nomli pyesalari ham bor.

Toshkentdagi koʻchalardan biri va 224-sonli maktabga, shuningdek , Andijon shahridagi koʻcha va maktablardan biriga hamda Boʻz tumanidagi akademik litseyga Saida Zunnunova nomi berilgan. 2013-yil 10-iyunda Toshkentdagi Adiblar xiyoboniga Said Ahmad va Saida Zunnunova haykali oʻrnatildi.

As: Tanlangan asarlar [3 jildli], T., 1976.

Adabiyot

tahrir
  • Hasanova H., Saida Zunnunova, T., 1975; Said Ahmad, Yoʻqotganlarim va topganlarim, T., 1998.

Naim Karimov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir