Abdulhodiy
Abdulhodiy — عبد الهادی (24.05.1869, Stokgolm −1.10.1917, Barselona) — shvesiyalik rassom, shoziliyya tariqati xalifasi.
Abdulhodiy | |
---|---|
Iogan Gustav Ivan Agueli | |
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1869-yil 24-may |
Vafoti |
1917-yil 1-oktabr |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | rassom, shoziliyya tariqati xalifasi |
Asl ismi — Iogan Gustav Ivan Agueli (John Gustaf (İvan) Aguyeli). 1917-yildan eʼtiboran Yevropada Islom tasavvufi va Ibn al-Arabiy taʼlimoti mutaxassisi sifatida tanilgan. Mutasavvif-mutafakkir Rene Guenon uning yordamida musulmon bo‘lgan. Rassomchilikka qiziqqani bois 1890-yilda Parij shahriga borib, rassom Emil Bernard (Emile Bernard)ning ustaxonasida ishlaydi. O‘sha paytda u „Sociyetye Thyeosophique“ (Teosof jamiyati)ga aʼzo bo‘lgan. Abdulhodiy 1892-yilda Marie Hout ismli shoira, faylasuf va jamiyatshunos ayol bilan tanishadi. U orqali anarxizmga mansub bo‘lganlar bilan yaqin muloqotda bo‘ladi.
Qamoqqa olinishi
tahrirPolitsiya qidiruvidagi anarxizm oqimiga mansub shaxsni uyida yashirgani uchun qamoqqa olinadi. Qamoqxonada arab, ibroniy va malay tillarini o‘rganadi.
Faoliyati
tahrirOzod bo‘lgach, 1894-yil Misrga safar qilib, u yerda peyzaj janrida ijod qila boshlaydi. 1895-yilda Parijga qaytib, Sharq tillari va madaniyatini tadqiq etishga kirishadi. „École des Langues Orientales“da arab va hind tillarini, „École Pratique des Hautes Études’te“da sanskrit tilini o‘rganadi. Ibn al-Forizning tasavvufiy qasidalarini sharhlagan ustozi Derenburg vositasida Islom dini va tasavvufini o‘rganadi. 1897-yilda Islom dinini qabul qiladi. 1898-yilda Buddizm bilan qiziqa boshlaydi. Hindistonga safar qilib, u yerda to‘qqiz oy bo‘ladi. 1902-yilda „Revue Blanche“ nomli jurnalda maqolalar chop ettiradi. „L’Initiation“ jurnalida „Islom haqida qaydlar“ sarlavhali maqolani boshlaydi, biroq tugallay olmaydi. U tasavvuf va Ibn al-Arabiy maktabining Gʻarbda ziyolilar tomonidan tan olinishida muhim rol o‘ynagan. 1901-yilda Enrico İnsabato ismli yosh italyan doktori bilan tanishadi. U bilan birga 1902-yilda Misrga safar qiladi. U yerda Sharq va Gʻarbni fikran bir-biriga yaqinlashtirishni iroda qilgan do‘stlar „İl Commercio İtaliano“ va „İl Convito“ nomli arab-italyan tillarida ikki gazeta chiqaradilar. Mazkur gazetalarda Islom tasavvufi bilan bog‘liq maqola va tarjimalar nashr qilinadi. 1907-yilda Misrdagi al-Azhar universiteti olimlaridan bo‘lgan molikiy mazhabi faqihi va shoziliy shayxi Abdurrahmon Ullaysh al-Kabirga (vafoti: 1349/1930-yil) ixlosmandlik qilib „Abdulhodiy“ ismini oladi. Abdulhodiy Shayx Ahmad Sharif ibn Muhammad as-Sanusiy kabi eʼtiborli shaxslar bilan tanishadi. As-Sanusiy unga italyanlar bilan munosabatini to‘xtatishni tavsiya etadi. 1909-yilda Parijga qaytadi. 1910-yil oxirlarida tanishgan Rene Guenon (Abdulvohid Yahyo) boshqargan „La Gnose“ jurnalida 1910-1912-yillar orasida uning Islom tasavvufi bilan bog‘liq tarjima va maqolalari chop etiladi. 1913-1914-yillarda yana Misrga safar qiladi. Inglizlar tomonidan maʼlum bo‘lmagan sabablar bilan Misrdan chiqarilganidan so‘ng (1915-yil) Ispaniyaga ketadi. U yerda surat chizish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Vafoti
tahrirAbdulhodiy Barselona yaqinida poyezd ostida qolib vafot etgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- Paul Chacornac. La Vie Simple de Renye Guyenon. — Parij: 1958. 43-49;
- Jean Robin. Renye Guenon, Témoin de la Tradition. — Parij: 1978. 66-68, 207-208, 211, 238;
- Michel Chodkiewicz. Épître sur l’Unicité Absolue (Awhad al-Din Balyanı). — Paris: 1982. 17;
- Mustafa Tahrali. „Abdülhâdî (John Gustaf Aguéli)“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 205-206.
Manbalar
tahrir- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |