Abdulloh ibn Avn

Abdulloh ibn Avn muhaddis

Abdulloh ibn Avn (arabcha: عبد الله بن عون — Abu Avn Abdulloh ibn Avn ibn Ertabon al-Muzaniy al-Basriy) — muhaddis.

Abu Avn Abdulloh ibn Avn ibn Ertabon al-Muzaniy al-Basriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 685-yil (hijriy 66-yil)
Vafoti milodiy 768--yil (hijriy 151-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi muhaddis

Hayoti

tahrir

Bobosi Muzayna qabilasining ulug‘laridan bo‘lgani uchun al-Muzaniy va Bas­rada tug‘ilgani uchun al-Basriy nisbasi bilan zikr qilinadi. Anas ibn Molikni ko‘rgan, Sa’id ibn Jubayr, Ibrohim an-Naxa’iy, ash-Sha’biy, Ato ibn Abu Raboh, Hasan al-Basriy va Ibn Siriyn kabi ko‘plab ulug‘ shaxslardan hadis ting­lagan.

Undan A’mash, Shu’ba ibn Hajjoj, Sufyon as-Savriy, Abdulloh ibn Muborak, Azhar ibn Sa’d, Hushaym ibn Bashir, Vakiy’ ibn Jarroh, Yahyo ibn Sa’id al-Qatton kabi olimlar ri­voyat qilganlar. Hadis munaqqidlari uni siqa, deb qabul qilganlar, Yahyo ibn Maʼiyn ham har jihatdan ishonchli ekanini ayt­gan, muhaddislar tomonidan siqa deb eʼtirof etilgan. Shu’ba ibn Hajjoj "tengi yo‘q inson", deya taʼrif qilgan. U, shuningdek, Abdulloh ibn Avndan har kuni hadis o‘rganishni istagani, uning yolg‘on so‘z (tadlis)dan saqlangan ikki kishidan biri ekani, shubhali so‘zi boshqaning ishonchli so‘ziga nisbatan ustun turishini (tarjih) aytib, olimning ilmiga bo‘lgan ishonchini ifoda qilgan. Sufyon as-Savriy, Hishom ibn Hasson, Usmon al-Battiy, Muoz ibn Muoz, Abdulloh ibn Muboraklar ham Abdulloh ibn Avn kabi olimni ko‘rmaganlarini, Abdurrahmon ibn Mahdiy esa Iroqda sunnatni undan ko‘ra yaxshi biladigan kishi yo‘qligini aytganlar. "Kutubi sitta" mualliflarining barchasi Abdulloh ibn Avndan rivoyat qilganlar.

Abdulloh ibn Avn yetmish yilga yaqin muddat Bas­rada yashagan. Hadisshunoslik sohasining yetuklaridan Ayyub as-Saxtiyoniy va Yunus ibn Ubaydga bo‘lgan hurmati sababli ularning vafotlariga qadar hadis rivoyat qilmagan. U hadis rivoyatida o‘ta qatʼiy bo‘lishi bilan birga qiroat va fiqh sohasidagi ilmi bilan ham tanilgan.

Vafoti

tahrir

Manbalarda olimning vafot sanasi xususida yuqoridagidan tashqari 150/767 va 152/769-yillar ham zikr qilingan. Janoza namozini Basra voliysi Jamil ibn Mahfuz al-Azdiy ado qilgan.

Ibodat va zuhdi bilan bir qatorda boyligi ila ham tanilgan Abdulloh ibn Avn kamgap, go‘zal kiyinuvchi bo‘lsa-da, kibrlanishdan saqlanar edi. Atrofidagilarga Qur’on o‘qishni, sunnatga amal qilishni va insonlarga zarar bermaslikni tavsiya qilardi. Shogirdi Xorija ibn Mus’ab uning fazilatlari haqida gapirib, ustozi yonida yigirma to‘rt yil qolgani, ammo uning xatolariga ko‘zi tushmaganini aytib o‘tgan[1].

Adabiyotlar

tahrir
  1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. VII, 261-268;
  2. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydarobod: 1941-60. V, 163;
  3. Al-Buxoriy. At-Tarӣx as-sag‘ӣr. II, 111;
  4. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. I, 145-146;
  5. Ibn Hibbon. As-Siqāt. VII, 3-4;
  6. Ibn Asokir. Tarӣx Dimashq. XXXI, 326-374;
  7. Az-Zahabiy. Siyar. VI, 364-375;
  8. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. I, 156-157;
  9. Ahmet Yücel. "İbn Avn, Abdullah". TDV İA. — İstanbul: 1999. XIX, 340-341.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.