Abissal yotqiziqlar – hozirgi zamonda Tinch, Atlantika va Hind okeanlari tubining katta (90%) qismida hosil boʻlgan choʻkindilar. Bunday yotqiziqlar koʻpincha 3 km dan ortiq chuqurlikda oksidlanish muhitida paydo boʻladi. Abissal yotqiziqlar: 1) mayda hayvon organizmlarining skeletlaridan; 2) quruqlikdan shamol yoki dengiz oqimi natijasida keltirilgan mineral zarrachalardan, suv osti va suv usti vulkan jinslaridan, kosmik changlardan tashkil topadi. Suv organizmlarining okean tubida tezda parchalanib ketishi uchun kimyoviy sharoit boʻlmasa, u holda organik balchiqlar hosil boʻladi. Lekin organizmlar okean tubida kam boʻlsa yoki oksidlanish muhitida ularning skeletlari tezda erib ketsa, u holda koʻproq anorganik mineral yotqiziqlar vujudga keladi. Agar bu yotqiziqlar tarkibida temir boʻlsa, temirning oksidlanishi natijasida loy choʻkindilari qizil rangga boʻyaladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. "Abissal yotqiziqlar" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil