Abu Bakr Saraxsiy(arabcha: أبو بكر سرخسي — Abu Bakr Saraxsiy — Toʻliq ismi: Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Sahl Saraxsiy (1009-yil tugʻulgan)) — mutakallim va faqih.

Abu Bakr Saraxsiy
Tavalludi 1009-yil
Movarounnahr hududidagi Saraxs shaharchasi
Istiqomat joylari Buxoro, Farg'ona
Sohasi mutakallim, faqih
Dini Islom

Abu Bakr Saraxsiy (1009-yil, Movarounnahr hududidagi Saraxs shaharchasi) — mutakallim, faqih olim. To'liq ismi Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Sahl Saraxsiy bo'lgan. Allomaning butun musulmon dunyosi tarixida oʻziga xos oʻrni boʻlib, uni ardoqlab «shamsul-aimma» – «allomalar quyoshi», deb ataganlar. Ba’zi manbalarga koʻra qozilik faoliyati bilan ham shugʻullangan va xalq ichida oʻzining odilligi, oʻtkir zehni, parhezkorligi, matonati ila hurmat qozongan.[1]

Hayoti

tahrir

Abu Bakr Saraxsiy 1009-yilda Movarounnahr hududidagi Saraxs shaharchasida tavallud topdi. Avval oʻz oʻlkasidagi koʻzga koʻringan olimlardan tahsil olgan Ibn Abu Sahl voyaga yetgach oʻsha davrda butun islom olamida shuhrat topgan, «qubbatul-islom» deya ta’riflangan ilmu-ma’rifat shahri Buxoroyi sharifga yoʻl oldi. Ushbu shahri azimga yetib kelgan Saraxsiy oʻz davrining yetuk allomalaridan ilm ola boshladi. U Abdulaziz Halvoniy, Abul Husayn Soʻgʻdiy, Abu Bakr Vositiy kabi olimlardan saboq olgan. O’zining esdaliklarida yozishicha, Saraxsiyning hayotida mashhur mujtahidlardan hisoblangan ustozi Abdulaziz Halvoniy ayniqsa katta iz qoldirgan. Tarixiy manbalarda zikr etilishicha, alloma yashagan davrda Qoraxoniylar davlati hukmdorlari ilm ahliga chuqur hurmat koʻrsatib, olimu allomalarni, xususan, fiqh ilmi bilimdonlarini izzat-ikrom qilgan ekanlar. Tabiiyki, buyuk faqih Abu Bakr Saraxsiy ham alohida ehtiromga sazovor boʻlgan. Buxorodagi ta’limini yakunlagach, u mamlakatning sharqiy qismi – Fargʻonaga kelib shu yerda ilm tarqatish bilan shugʻullanadi. O’zining nodir asarlarini ham aynan shu yerda yoza boshlaydi. O’rta asrlarning mashhur olimlaridan boʻlgan Ibn Qutlubugʻoning yozishicha, oʻz dushmanlarining adovati va boʻhtonlari sababli Abu Bakr Saraxsiy ma’lum muddat tutqunlikda yashashga majbur boʻlgan ekan. Ammo bu holat ham uni oʻzining suyukli mashgʻulotidan – kitob yozib, ilm nurini taratishdan toʻxtata olmadi. Manbalarda aytilishicha, alloma oʻzi oʻrgangan fiqhga oid bilimlarini ogʻzaki imlo qilib turgan, shogirdlari esa uning soʻzlarini qogʻozga tushirganlar. Shu taqlid fiqh ilmiga oid boʻlgan islom dunyosidagi moʻtabar asarlar dunyo yuzini koʻrgan.

Asarlari

tahrir

Bizgacha yetib kelgan ma’lumotlar Saraxsiyning fiqh, usul, kalom ilmlari bobida sermahsul ijod qilganidan dalolat beradi. Uning asarlaridan «Sharh al-Jome’ al-kabir», «Ashrot as-sa’a», «al-Favoid al-fiqhiya» kabilarni zikr etish mumkin. Bulardan tashqari Saraxsiy Abu Ja’far Tahoviyning «Muxtasar» va Muhammad ibn Hasanning «al-Kasb» asarlariga sharh bitgani haqida ham ma’lumotlar bor. Shu bilan birga uning eng koʻzga koʻringan, oʻziga xosligi bilan boshqa faqihlarning ijod mahsullaridan ajralib turadigan hamda muallifning butun musulmon olamida shuhrat topishiga sabab boʻlgan «al-Usul», «al-Mabsut» va «Sharh as-siyar al-kabir» asarlariga alohida toʻxtalib oʻtish lozim. Ma’lumotlarga koʻra, alloma «Sharh as-Siyar al-kabir» asarining «Bob ash-shurut»gacha boʻlgan qismini ham tutqunlikda – oʻta ogʻir sharoitlarda ta’lif etgan. Tez orada uning katta iste’dod sohibi ekani, davlatlararo munosabatlarga oid qimmatli asar bitayotgani haqidagi xabar qoraxoniylar hukmdori Amir Hasan qulogʻiga yetib, u allomani ozod etishni, aksincha bu xizmati uchun uni mukofatlashni amr qilgan.

As-Siyar al-kabir

tahrir

Ushbu asar hanafiylik fiqhi asoschilaridan boʻlgan va islom xalqaro huquqining shakllanishida katta rol oʻynagan olim Muhammad ibn Hasan Shayboniyning «as-Siyar al-kabir» asari sharhidan iborat. Ammo shunday boʻlsa-da, uning bizgacha yetib kelgan holatida matn sharhi va asl qismini ajratish juda mushkul. Umuman olganda, mazhabga oid asarlarga sharhlar bitish jarayonida olimlarning sharhlanayotgan asarni kengaytirish, zarur oʻrinlarda oʻz fikr va mulohazalarini qoʻshish holatlari koʻp uchraydi. Shundan kelib chiqib, Saraxsiy ham «as-Siyar al-kabir»ning mazmunini kengaytirgani va undagi fiqhiy qoidalarni yanada boyitganini taxmin qilish mumkin. Ushbu asar 1825-yil Yevropada nashr qilingandan keyin G’arb olimlari ham islom xalqaro huquqi masalalariga qiziqa boshlaganlar va Abu Bakr Saraxsiyning ilmiy maqomini e’tirof etganlar. 1917-yilda Saraxsiyning bu asari toʻrt jildda Hindistonning Haydorobod shahrida ham nashr etildi. Bu nashr hanafiy mazhabi asoschilarining xalqaro huquq masalalariga oid fikr va gʻoyalarini G’arb dunyosiga yana bir marta tanitdi va olimlarning diqqatini islom xalqaro huquqi nazariyalariga tortdi. Saraxsiy ovrupalik olimlar tomonidan bunday qadrlanib e’zozlanishi juda oʻrinli edi, chunki Grotsiydan besh asr muqaddam xalqaro huquqning barcha sohalari (xususiy va umumiy xalqaro huquq)ga tegishli juda koʻp masalalar, ayniqsa, tinchlik shartnomalarini tuzishda rioya qilinishi zarur boʻlgan me’yorlar, asirlar bilan insoniylik asosida muomala qilish haqidagi normalar, elchilar almashinuvini tartibga soluvchi qoidalar, insonparvarlik huquqi tamoyillariga hamohang boʻlgan ta’limotlar Saraxsiyning kitobida mufassal yoritib berilganini koʻramiz.

Al-Usul

tahrir

Tarixda Movarounnahr hududida usul – musulmon qonunshunosligiga oid koʻplab manbalar yaratilgan. Saraxsiyning «al-Usul»i ham shular jumlasidandir. Asarning muqaddimasida berilgan ma’lumotga koʻra, u 1086-yilda yozila boshlangan. Ushbu kitobida Saraxsiy Muhammad ibn Hasanning usulga oid qoidalarini oʻrgangan, tadqiq qilgan hamda ba’zi hollarda mahalliy urf-odat normalarini ham ularning tarkibiga kiritgan. Ushbu kitob musulmon olamida movarounnahrlik yana bir olim Ali ibn Muhammad Bazdaviyning «Usul»i bilan bir qatorda juda katta ahamiyat kasb etgan. Usulga oid biror masalada «ikki shayx ittifoq qilganlar» – deyilganda Saraxsiy hamda Bazdaviylar nazarda tutilgan. Ushbu asar hanafiylik qonunshunosligining yuzaga kelishi va mustahkamlanish davrini aks ettiradi. Unda ilgarigi ulamolarning fikrlarini keltirish va ularga izoh berish bilan cheklanmay, zamondosh hanafiy ulamolari ilgari surgan yangi ijtihodiy fikrlar ham tahlil etilgan. Saraxsiy avval muayyan masalani keltirib, bu borada olimlar bildirgan fikrlarni zikr qiladi. Munozara qilish mumkin boʻlgan oʻrinlarda oʻzi ham bahsga kirishadi. Toʻgʻri deb hisoblagan fikrga ustunlik beradi. Natijada ushbu kitob oʻz uslubi jihatidan hanafiylik qonunshunosligining moʻtabar manbalaridan biriga aylangan.

Al-Mabsut

tahrir

Saraxsiyning fiqh sohalariga bagʻishlangan «al-Mabsut» asari uning ham shaklan, ham mazmunan eng salmoqli kitobidir, deyish mumkin. Aslini olganda islom tarixida ushbu nom bilan bir nechta asarlar bitilgan. Jumladan, Abu-l-Lays Samarqandiy, Abdulaziz Halvoniy, Alouddin Isbijobiy, Abu Ja’far Tusiy kabi olimlarning fiqhga oid «al-Mabsut» nomli asar yozganlari ma’lum. Shunday boʻlsa-da, fiqh tarixida «al-Mabsut» deyilganda, avvalo Saraxsiyning asari nazarda tutilgan. Albatta, bu holat ushbu asarning nafaqat hanafiylik fiqhi, balki barcha mazhab ulamolari oʻrtasida ham katta shuhrat topganidan dalolat beradi. Shu sababli boʻlsa kerak, alloma «Sohibul-Mabsut» nomi bilan ham mashhur boʻlgan. Ushbu kitob haqida Ibrohim ibn Ali Tarsusiy (vaf. 1357 y.) «Saraxsiyning «Mabsut»i shunday bir kitobki, unga zid boʻlgan boshqa fiqhiy qoidaga amal qilinmaydi, ungagina ishoniladi, uning asosidagina fatvo chiqarilib, unga asosan ta’vil qilinadi», deb yozgan. To XIX asrgacha ushbu asar hanafiylik furu’ining asosiy manbai boʻlib kelgan. Shu sababli ham uning qoʻlyozmalari juda keng tarqalgan. Jumladan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalari markazining nodir manbalar fondida «al-Mabsut» asarining turli asrlarda kotiblar tomonidan koʻchirilgan sakkizta qoʻlyozma nusxasi saqlanmoqda.

Shogirdlari

tahrir

Alloma fiqh bobida chuqur ilmiy faoliyat olib borish barobarida, oʻzidan keyin qator shogird-izdoshlar qoldirishga erishgan. E’tiborlisi, Saraxsiyning ustoz sifatida boshqa ulamolarnikidan ajralib turadigan va koʻp holatda hammaning ham irodasi dosh berolmaydigan oʻz qoidalari bor edi. U shogirdlaridan, avvalo, pokiza qalbli boʻlishni, modomiki olim boʻlishni maqsad qilgan ekan, ilm olish jarayonida boshqa biror narsa bilan shugʻullanmaslikni, ilmda qanday martabaga erishmasinlar insonlar bilan mudom chiroyli muomala qilishni talab qilardi. Shuning uchun boʻlsa kerak, uning shogirdlari ustozining ishini davom ettirdilar. O’z davrining yetuk faqihlari boʻlib yetishgan Abu Bakr Hasiriy, Abu Umar Poykandiy, Abu Hafs Zandaromashiy Margʻinoniy, Abdulaziz O’zgandiy kabi allomalar Saraxsiyning yaqin shogirdlari boʻlganlar. Burhonulaimma Abdulaziz ibn Umar ibn Moza, Muhammad ibn Ibrohim Hasiriy, Ruknuddin Mas’udlar ham fiqh ilmini Saraxsiydan oʻrgangan edilar. Ular oʻz ustozlarining ilmu ma’rifatini keyingi davrga yetishida astoydil xizmat qilganlar. Alal oqibat bu Movarounnahr zaminida «Sohib al-Hidoya» Burhoniddin Margʻinoniy, «Fatovo» asari bilan mashhur boʻlgan Faxriddin Qozixon kabi navbatdagi allomalar silsilasi dunyo yuzini koʻrdi. [2]

Manbalar

tahrir
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 598.
  2. Yurtimiz allomalari, mas’ul muharrir U. Uvatov. -„Nihol“, Toshkent, 2014. 6-bet, ISBN 978-9943-23-095-8