Abu Muslim Harakati
Abu Muslim Harakati — 747 −750 yillarda arab xalifaligining sharqiy qismi — Movarounnahr va Xurosonda umaviylar hukmronligiga qarshi koʻtarilgan harakat. Unga Abu Muslim boshchilik qilgan. Harakatning asosiy kuchi shahar hunarmandlari va qishloq mehnatkashlari, Movarounnahr va Xurosonning mahalliy zodagonlari, Umaviylar siyosatidan norozi boʻlgan Xurosondagi arab muxolifatchi guruhlari va qullar edi. Umaviylarga qarshi harakatni kuchaytirish maqsadida Abu Muslim Marv yaqinidagi Safizanj, Moxuvon (Mahon) va Shavvol qishloqlarini qarorgohga aylantirib, xalifalikka qarshi tashviqot olib boradi. Abu Muslim soliqlarni qisqartirish va majburiy hashar ishlarini bekor qilishga vaʼda beradi. Shu sababli harakat ayrim joylarda mulkdorlarga qarshi keskin tus oladi. 747-yil dekabr, 748-yil yanvarda Abu Muslim Umaviylarning Xurosondagi voliysi Nasr ibn Sayyorni yengib, Marv shahrini, 748-yilda Nishopur va Tus shaharlarini egallaydi. 748-yilda xalifalikning poytaxti Damashqqa yurish qiladi, 749-yilda Nahovand yaqinida umaviylarni tor-mor etib, 750-yil boshlarida Katta Zab daryosi boʻyida hal qiluvchi gʻalabaga erishdi va xalifa Marvon IIni taxtdan olib tashladi. Uning oʻrniga paygʻambar(sav)ning amakisi Abbos avlodidan boʻlgan Abul Abbos as-Saffoh (750 — 754) xalifa boʻladi. Shu bilan xalifalik abbosiylar qoʻliga oʻtadi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |